VATAN HAQLARI

VATAN HAQLARI
Vatan – muqaddas dargoh. Uni himoya qilish, dushmanlardan asrash, ravnaqi va farovonligi yo‘lida xizmat qilish har bir musulmon uchun ham farz, ham qarzdir. Payg‘ambarimizdan Sa’id ibn Zayd raziyallohu anhu rivoyat qilib: “Molini, jonini, dinini va ahlini himoya qilish yo‘lida halok bo‘lgan kishi shahid maqomidadir”, – deganlar. (Abu Dovud rivoyati).
Hadisda sanab o‘tilgan mol, jon, din va oila kishi hayotining mazmuni – uning Vatanini ifoda etadi.
Vatanni sevmoq, vatanga muhabbat qo‘ymoq, uni ardoqlash, vatanga mansub bo‘lmoq muqaddas dinimizdagi eng xayrli ishlardan hisoblanadi. Zero, har bir narsada inson zimmasida haqlar bo‘lganidek, insonning kindik qoni to‘kilgan, voyaga yetgan vatanining ham haqlari bor.
Vatanni qadriga yetish, uni ko‘z qorachig‘idek asrash, vataniga, xalqiga faqat manfaatli ishlarni qilish sof mo‘’minlik belgisidir. Xabarlarda “Vatanni sevmoq – iymondandir”, deyilgan. Vatanni sevmoq har bir inson uchun tabiiy narsadir. Musulmon kishining vatanini sevmoqligi sunnatdir.
Rasululloh sallolohu alayhi vasallam Makkaga xitob qilib: “Sen qanday pok vatansan! Men seni sevaman. Agar qavmim meni sendan chiqarmaganida sendan boshqa yerni maskan tutmas edim” deganlar.
Hujjatul islom, imom G‘azzoliy rahmatullohi alayhi vatan haqlari to‘rttadir deb bayon qilganlar.
Birinchi: Vatanga yashaganda tinch-xotirjam, shukrona qilib yashash. Demak, har bir shaxs vatanda xotirjam holda, turli fasod ishlarni qilmasdan istiqomat qilmog‘i darkor, vatanda tinch va xotirjam yashayotganligi uchun Yaratganga shukr qilib yashamog‘i lozim ekan. Chunki, Alloh taolo O‘z kalomi sharifida “Agar shukr qilsanglar sizlarga o‘z ne’matlarimni ziyoda qilib beraman” degan.
Ikkinchi: Vatandan ketganda uni sog‘inish. O‘qishga, ishga, sayohatga yoki boshqa bir sabab bilan vatandan safar qilib ketganda, o‘zga yurt qanchalik go‘zal, maftunkor bo‘lmasin, qalbida vataniga nisbatan bo‘lgan muhabbat zinhor susaymasligi darkor. Zero, Hazrati Umar roziyallohu anhu: “Agar Vatan sevgisi bo‘lmaganda, yurtlar xarob bo‘lar edi” deganlar. “Bizdan emas, vatanini sevmaganlar” deb aytgan edi, Alixonto‘ra Sog‘uniy.
Uchinchi: Vatan kamsitilganda g‘azablanish. Vatanga nisbatan noloyiq so‘zlar, kamsitishlar, turli ig‘volar aytilganda jim turish, o‘sha so‘zga rozilik belgisi, bu esa ayni munofiqlik alomatidir. Vatanga nisbatan aytilgan bo‘hton, yolg‘on so‘zlarni noto‘g‘ri ekanligini o‘sha joyda inkor etish, to‘g‘ri fikr bildirish haqiqiy vatanparvarlik belgisidir.
To‘rtinchi: Vatanga hujum qilinganda uni himoya qilish. Vatanini yovdan himoya qilish – farzandini, oilasini, o‘z jonini, dinini himoya qilish deganidir. Vatanga hujum bo‘lganda uning himoyasi uchun chiqmaslik – bu vatanga nisbatan ulkan xiyonat va vatanini sotish demakdir. O‘lug‘larimizning hikmatli so‘zlarida to‘rt narsa: “Insonning diyni, iymoni, tanasi va Vatani sotilmaydi” deyilgan. Bu yerda vatanning ulug‘ligi diyn va iymon ulug‘ligi bilan teng qo‘yilmoqda.
Xulosa qilib aytish mumkinki, ushbu jonajon zaminda yashab turgan mo‘’min-musulmonlarning dini bitta – Islom, qiblasi bitta – Ka’ba, muqaddas kitobi bitta – Qur’oni karim hamda Vatani ham bitta – bu O‘zbekiston!” boshqacha bo‘lishi mumkin emas.
Yaratgan jannatmakon yurtimizning osmoni musaffo, zamini barakali, xalqi farovon hayot kechirmoqligini bardavom aylasin hamda Vatanimiz sarhadlarini qo‘riqlashdek buyuk xizmatga bel bog‘lagan Vatan himoyachilarini Alloh taolo O‘z panohida asrab, xizmatlariga munosib ajru- mukofot bilan siylasin.

O‘tkirxon MAHMUDOV,
“Xoja Buxoriy” islom bilim yurti o‘qituvchisi

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan