VATANPARVARLIK -MUQADDAS BURCH

VATANPARVARLIK -MUQADDAS BURCH
Inson qayerda dunyoga kelsa ana shu yer uning uchun qadrli Vatan hisoblanadi. Kindik qoni to‘kilgan joy inson uchun hech narsaga alishib bo‘lmaydigan, hamma narsadan ham qimmatli dargohdir.
Ota-bobolarimiz, ulug‘ ajdodlarimiz va allomalarimiz ham yoshlarni Vatanga sadoqat ruhida taribiyalashga alohida e’tibor berib, o‘z yurtlariga muhabbatni ifoda etish borasida ajoyib namunalar ko‘rsatishgan. Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Ahmad al Farg‘oniy, Muhammad Xorazmiy, Abulays Samarqandiy, Burhoniddin Marg‘inoniy kabi buyuk mutafakkirlarimiz o‘zlarining taxalluslarini kindik qonlari to‘kilgan yurt bilan bog‘laganlari, ularning nomini dunyoga ma’lum va mashhur qilganliklari ham bir ibratdir.

Vatan inson uchun muqaddas, uni hech bir narsa bilan almashtirib bo‘lmaydi, u har qancha sevilishga, ardoqlanishga va qadrlanishga loyiqdir.
Rasululloh sallallohu alayhi vasallam Hazrati Abu Bakr Siddiq raziyallohu anhu bilan Madinai munavvaraga hijrat qilib ketayotganlarida orqalariga o‘girilib,Makkai mukarramaga qarab:
“Agar qavmim meni Makkadan chiqib ketishga majbur qilmaganida, hecham o‘z ixtiyorim bilan uni tashlab ketmagan bo‘lar edim”, – deganlar.
Demak, vatanni sevish, uni sog‘inib yashash insoniyat fitratida mavjud bo‘lgan nozik hisdir. Biror sabab bilan vatanini tashlab, boshqa yurtlarga ketgan kimsa eng og‘ir damlarida uni qumsab, ko‘z oldiga keltirishi va tug‘ilib o‘sgan zamini xaqida biror qayg‘uli xabar eshitganda qalban ezilishi ham vatanga bo‘lgan muhabbatning belgisidir.
Tarixdan ma’lumki, birorta millat boshqa bir millatni tahqirlamoqchi, yoki oyoqosti qilmoqchi bo‘lsa, avvalo, uning vatanini bosib olib, vayron qilgan yoki uni vatanidan quvib chiqargan. O‘z vatanini dushmanlar qo‘lida qolganini ko‘rgan millat uchun bundan ortiq xo‘rlik va azob bo‘lmasa kerak. Zero, Vatan, millat, din tushunchalari inson uchun har narsadan aziz va muqaddasdir. Shuning uchun ham dinimiz ta’limotida ona vatan himoyasi, millat farovonligi va din ravnaqi yo‘lida jon bergan kishilarga shahidlik maqomi berilishi aytilgan.
Islomda Vatan tushunchasi keng qamrovli bo‘lib, avvalo u istiqomat maskani, ya’ni uy-joy ma’nosida ishlatiladi. Islom dini ta’limotida inson o‘zi yashab turgan vatanini, dinini, oila ahlini himoya qilishi eng ulug‘ amallardan ekanligi ta’kidlangan. Vatan himoyasi uchun harbiylar safida turish ham dinimizda ulkan savobli amal sanaladi. Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam: “Bir kecha kunduz “ribot”, (ya’ni dushman qarshisida turish) bir oy tutilgan nafl ro‘za va o‘qilgan tungi namozdan yaxshidir”, – deb marhamat qilganlar (Imom Muslim rivoyati).
Ulamolardan biri aytgan edi: “Har bir kimsaga ma’lumdirki, hayot olamida insonning eng sevgan, qadrli, qimmatli to‘rt narsasi bordir. Bu to‘rt narsaga ega bo‘lmagan kishilar insonlik sharafidan mahrum bo‘lurlar. Ular: ozodlik va erkinlik, mehnat bilan topilgan molga o‘zi egalik qilmog‘i, tug‘ilib o‘sgan ona vatani hamda asrlar bo‘yi asrab-avaylab kelayotgan muqaddas dini”.
Yurtimiz dovrug‘ini dunyoga taratgan buyuk ajdodlarimizdan, Islom olamida keng tarqalgan tasavvuf tariqatlaridan biri kubraviya ta’limoti asoschisi Najmiddin Kubro Vatan himoyachisining yorqin misoli bo‘la oladi. Zamonasining yirik allomalaridan, minglab muridlarga ega bo‘lgan tariqat pir-murshidi bo‘lgan bu shayx Vataniga mo‘g‘ullar bosqinidan xabar topib birinchilardan bo‘lib uning himoyasiga otlandi. Najmiddin Kubroning xalq orasidagi obro‘-e’tiborini nazarda tutib, mo‘g‘ullar hukmdori unga shaharni tashlab, o‘zi ixtiyor qilgan tarafga ketishni taklif qiladi. O‘z jonini saqlab qolish yo‘lida Vatanini yovga topshirishni or bilgan alloma bosqinchilarga qarshi jangga kiradi va mardlarcha shahid bo‘ladi.
Hakimlar aytadilar: “Kishining vafodorligi uning o‘z vatani uchun qayg‘urishidan, birodarlarini sog‘inishidan va umrining zoye ketkazgan lahzalariga o‘kinib yashashidan bilinadi”. Insonning o‘z xalqiga bo‘lgan sadoqati va fidoyiligi uni vatanini himoya qilishiga, taraqqiy topib, har tomonlama mustahkam va qudratli bo‘lishiga hamda xalqining tinch va farovon hayot kechirishiga imkoniyat darajasida hissa qo‘shishga undashi lozim.
Zero, har bir oilada o‘g‘il farzand tug‘ilganda ota-ona bilan bir qatorda yurt – Vatan ham suyunib, shodu hurram bo‘larkan. Chunki o‘g‘il farzand nafaqat ota-onasi, oilasini, balki butun xalqini, Vatanini himoya qiladigan o‘g‘lon hisoblanadi. Yurtimiz tinchligi va barqarorligini saqlashda, mamlakatimiz hududini himoya qilishda Qurolli kuchlar, harbiy xizmatchilar, chegara qo‘riqchilarining xizmatlari beqiyosdir.
O‘z oromi, tinchi, huzur-halovati, rohat-farog‘ati, kerak bo‘lsa jonidan kechib, Vatanimiz tinchligi va osoyishtaligini himoya qilayotgan qurolli kuchlar xodimlarining mashaqqatli xizmatlari alohida e’tirofga sazovar.
Alloh insonni xalq qildi. O‘zi undan yaratgani va unga qaytaradigani yerga, zaminga, ona tuproqqa muhabbatni inson fitratiga qorishtirdi. Shayx Muhammad G‘azzoliy aytadilar: “Bashar o‘z yeriga, garchi u tap-taqir sahro bo‘lsa ham qattiq bog‘lanadi. Vatanni sevish inson ruhiyatidagi asl tabiatdir. Ushbu tabiat vatanda yashashda huzur-halovat, undan uzoq bo‘linganda sog‘inch, hujum qilinganda mudofaa va kamsitilganda g‘azab hislarini paydo qiladi”.
Yurt tinchligi — Vatan ozodligi istiqlol bilan chambarchas bog‘liq. Har bir insonning o‘z ishini sidqidildan amalga oshirishi, loqaydlik, beparvolikning oldini olishi, o‘z atrofida bo‘layotgan voqealarga teran nigoh bilan qarab, Vatan tinchligi yo‘lida hushyor va ogoh bo‘lib yashashi, mustaqillik va tinchlik-osoyishtalikni ta’minlashning muhim omili hisoblanadi.
Xoja Buxoriy nomli o‘rta
maxsus islom bilim yurti mudiri G‘uzarov O‘tkir

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan