Nafl namozlar bayoni

Nafl namozlar bayoni

«Nafl namozi» deb kishi o’z ixtiyori bilan farzga qo’shimcha tarzda o’qiydigan namozga aytiladi. Bu namozni Alloh taolo mo’minlar zimmasiga farz kabi majburiy qilmagan, balki ixtiyoriy suratda ado etilsa, savob bo’ladi.

Nafl namozlari ikki xil bo’ladi:

  1. Besh vaqt farz namozlariga tobe bo’lgan nafllar. Bular farzlardan oldin yoki keyin o’qiladigan namozlar bo’lib, ular «sunnati ravotiblar» deyiladi.
    2. Besh vaqt namozlardan tashqari mustaqil o’qiladigan namozlar. Bular jumlasiga zuho, tahajjud, hojat so’rash va boshqa namozlar kiradi.

Tahiyatul masjid namozi

Namozxon masjidga kirganida agar farz namozlari ado etilmayotgan bo’lsa, masjid bilan salomlashish niyatida o’qiydigan namozi «tahiyyatul masjid» deyiladi. Bu namozni ikki yoki to’rt rakat o’qisa bo’ladi. Afzali to’rt rakat o’qishdir. Agar masjidga kirgan kishi jamoatning ravotib sunnatlarni yoki farzni o’qiyotganini ko’rsa, tahiyyatul masjid namozini shu sunnat yoki farzlarga qo’shib niyat qiladi. Shu bilan u sunnat va yoki farzga qo’shib tahiyyatul masjidni o’qiganlik savobini oladi. Ammo niyatni qilmay, sunnat yoki farzning o’zini o’qisa, undan tahiyyatul masjid namozini o’qiganlik savobiga erishmaydi. Tahiyyatul masjid namozini masjidga kirgan kishi o’tirmasdan oldin o’qishi sunnat hisoblanadi.
Abu Qatoda roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda «Payg’ambar sollallohu alayhi vasallam: «Birortangiz masjidga kirsa, o’tirishdan oldin ikki rakat namoz o’qisin», deganlar» (Imom Buxoriy, Muslim, Termiziy, Abu Dovud va Nasoiy rivoyat qilgan). Bu ikki rakatli namoz «tahiyyatul masjid» (masjid salomi) namozi deyiladi.
Shofe’iy va hanbaliy mazhabida tahiyyatul masjidni qay vaqtda bo’lsa ham: namoz o’qish makruh yoki imom xutba o’qiyotgan paytda ham o’qish kerak, deyiladi. Molikiy va hanafiy mazhablarida esa, imom xutba qilayotgan bo’lsa, tahiyyati masjid o’qilmaydi. Shuningdek, hanafiy mazhabida namoz o’qish makruh paytlarda ham tahiyyatul masjid o’qilmaydi. Namozxon masjidga kirishi bilan farz namozni yoki boshqa bir namozni o’qisayu, tahiyyatul masjidni o’qishni niyat qilsa, tahiyyati masjid o’rniga kifoya qiladi. Bordiyu masjidga bir kunda bir necha bor kiradigan bo’lsa, bir marta o’qisa kifoya qiladi.
Bu namozning hukmidan Masjidul harom istisno qilingan. Bu masjidning tahiyyati tavof bilan bo’ladi.
Masjidga kirganda biror uzr bilan tahiyyatul masjid namozini o’qiy olmasa, «Subhanallohi, valhamdu lillahi, va laa ilaha illallohu vallohu akbar»ni aytsa kifoya qiladi.

Shuruq (ishroq) namozi

Muoz ibn Anas al-Juhaniy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Payg’ambar sollallohu alayhi vasallam: «Kim bomdod namozini o’qib bo’lganidan keyin namoz o’qigan joyida to choshgoh namozini o’qiguncha o’tirsa, faqat yaxshilikdan boshqani gapirmagan bo’lsa, uning xatolari, agar dengiz ko’pigidan ko’p bo’lsa ham mag’firat qilinadi», deganlar»
Abu Dovud, Termiziy rivoyat qilgan. Termiziyning lafzida:
«Kim bomdodni jamoat bilan o’qisa, so’ngra quyosh chiqquncha Allohni zikr qilib o’tirsa, keyin ikki rakat namoz o’qisa, uning uchun haj va umraning ajridek bo’lur. To’liq, to’liq, to’liq», deyilgan.
Ushbu rivoyatda vasf qilinayotgan namoz «Salotush-shuruq» (Ishroq namozi) deyiladi. «Shuruq» degani esa quyosh chiqishini bildiradi. Shuruq choshgoh namozining eng avvalgi vaqtidagi namozdir.

Zuho (choshgoh) namozi

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Payg’ambar sollallohu alayhi vasallam: «Kim choshgoh namozini bardavom o’qisa, uning gunohlari dengiz ko’pigicha bo’lsa ham mag’firat qilinadi», dedilar»
Imom Termiziy rivoyat qilgan.
Bu namozning vaqti quyosh bir nayza bo’yi ko’tarilganda kirib (ya’ni quyosh chiqqandan taqriban yarim soat keyin), zavolga bir soat qolguncha davom etadi. Bu «dahvatul kubro», ya’ni katta tong, deyiladi. Zuho namozi ikki rakatdan sakkiz rakatgacha o’qiladi, eng afzali to’rt rakatdan o’qishdir. Chunki Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ko’proq to’rt rakatdan o’qiganlar. Uning eng afzal vaqti nahorning to’rtdan biri o’tgandan keyindir.

Shukri vuzu’ namozi

Odatda tahorat qilib bo’lgandan so’ng o’qiladigan namoz «Shukri vuzu’» (tahoratning shukri) deyiladi.
Uqba ibn Omir al-Juhaniy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Payg’ambar sollallohu alayhi vasallam: «Qay bir odam yaxshilab tahorat qilsayu, qalbi va yuzi ila iqbol qilgan holda ikki rakat namoz o’qisa, albatta unga jannat vojib bo’ladi», dedilar»
Imom Abu Dovud rivoyat qilgan.

Istixora namozi

«Istixora» so’zi lug’atda «xayr, ya’ni yaxshilikni talab qilish» degan ma’noni anglatadi. Musulmon kishi ikki ishdan qaysi birini qilishini bilmay qolganida xayrlisini tanlash uchun ikki rakat istixora namozi o’qiydi. Bu namozni har bir muboh ishdan oldin o’qish mustahabdir.
Jobir roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Payg’ambar sollallohu alayhi vasallam bizga hamma ishlarda istixora qilishni xuddi ­Qur’ondan surani o’rgatgandek o’rgatar edilar. U zot: «Qachon biringiz bir ish qilmoqchi bo’lsa, farz namozdan boshqa ikki rakat namoz o’qisin. So’ng «Allohim, albatta, Sendan ilming ila istixora qilaman. Sening qudrating ila qudrat so’rayman. Sendan ulug’ fazlingdan so’rayman. Albatta, Sen qodir bo’lursan, men qodir bo’lmasman. Sen bilursan, men bilmasman. Sen g’ayblarni o’ta yaxshi biluvchi zotsan. Allohim! Agar ushbu ish dinimda, maoshimda va ishim oqibatida yaxshi ekanini bilsang (yoki hozirgi ishimdayu, kelgusida) uni menga taqdir qilgin, menga oson et, so’ngra uni men uchun barakali qilgin. Agar ushbu ish dinimda, maoshimda va ishim oqibatida (yoki hozirgi ishimdayu kelgusida) yomon ekanini bilsang, uni mendan burib yubor, meni undan burib yubor. Va menga qaerda bo’lsa ham yaxshilikni taqdir qil, so’ngra meni unga rozi qil» desin va hojatini aytsin», dedilar»
Imom Buxoriy, Abu Dovud, Termiziy, Nasoiy rivoyat qilgan.
Istixora namozidan so’ng ushbu duo o’qiladi:

اللَّهُمَّ إِنِّي أَسْتَخِيرُكَ بِعِلْمِكَ، وَأَسْتَقْدِرُكَ بِقُدْرَتِكَ، وَأَسْأَلُكَ مِنْ فَضْلِكَ الْعَظِيمِ، فَإِنَّكَ تَقْدِرُ وَلَا أَقْدِرُ، وَتَعْلَمُ وَلَا أَعْلَمُ، وَأَنْتَ عَلَّامُ الْغُيُوبِ، اللَّهُمَّ إِنْ كُنْتَ تَعْلَمُ أَنَّ هَذَا الْأَمْرَ خَيْرٌ لِي فِي دِينِي وَمَعَاشِي وَعَاقِبَةِ أَمْرِي، – عَاجِلِ أَمْرِي وَآجِلِهِ -، فَاقْدُرْهُ لِي وَيَسِّرْهُ لِي، ثُمَّ بَارِكْ لِي فِيهِ، وَإِنْ كُنْتَ تَعْلَمُ أَنَّ هَذَا الْأَمْرَ شَرٌّ لِي فِي دِينِي وَمَعَاشِي وَعَاقِبَةِ أَمْرِي، – فِي عَاجِلِ أَمْرِي وَآجِلِهِ -، فَاصْرِفْهُ عَنِّي وَاصْرِفْنِي عَنْهُ، وَاقْدُرْ لِيَ الْخَيْرَ حَيْثُ كَانَ، ثُمَّ أَرْضِنِي بِهِ.

«Allohumma inniy astaxiyruka bi’ilmika va astaqdiruka biqudrotika va as’aluka min fazlikal ‘aziym. Fainnaka taqdiru va la aqdiru va ta’lamu va la a’lamu va anta ‘allamul g’uyub. Allohumma in kunta ta’lamu anna hazal amro xoyrun liy fiy diyniy va ma’ashiy va ‘aqibati amriy, ‘ajili amriy va ojilihi, faqdurhu liy va yassirhu liy, summa barik liy fiyhi va in kunta ta’lamu anna hazal amro sharrun liy fiy diyniy va ma’ashiy va ‘aqibati amriy, ‘ajili amriy va ojilihi fasrifhu ‘anniy vaqdurlil xoyro haysu kana summa rozziniy bih» deb, hojati aytiladi.
Ma’nosi: «Allohim, Sening ilming bilan Sendan yaxshilik so’rayman. Sening qudrating bilan Sendan qodirlik va ulug’ fazlingni so’rayman. Sen (har narsaga) qodirsan, men qodir emasman. Sen (har narsani) biluvchisan, men bilmayman. Sen g’aybni biluvchisan. Allohim, agar mana shu qilayotgan ishim (hojatining nomini aytadi) dinimda, yashashimda, ishlarimning oqibatida, dunyo va oxiratimda men uchun yaxshi bo’lsa, uni menga nasib et va oson qil. So’ng uni menga barokotli qil. Agar mana shu ishim (hojatining nomini aytadi) dinimda, yashashimda, ishlarimning oqibatida, dunyo va oxiratimda men uchun yomon bo’lsa, mendan uni uzoqlashtir, qaerda bo’lsa ham, men uchun yaxshilikni taqdir qil va meni undan rozi et».
Duodagi «mana shu ish», degan eriga kelganda o’z hojatini zikr qiladi, so’ngra o’sha ishni qilish yoki qilmaslik to’g’risida ko’ngli moyil bo’lgan tomonga harakat qiladi. Ushbu namozni o’qigandan keyin mazkur ish haqida o’ylamay, Alloh ixtiyor qiladigan narsani kutib yuradi. Keyin ko’ngliga tushib, o’ziga ma’qul bo’lib, qilgisi kelib qolsa amalga oshiradi. Bu haqda tush ko’rishi ham mumkin. Agar ish bir tarafga o’tmay turib qolsa istixora namozini yana qaytadan o’qiydi. Qayta o’qish etti martagacha bo’ladi. Istixora namozida xohlagan surasini o’qiydi. Lekin birinchi rakatida Fotiha surasidan keyin Kofirun surasini, ikkinchi rakatda Ixlos surasini o’qisa yaxshi.

Hojat namozi

Abdulloh ibn Abu Avfo roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Payg’ambar sollallohu alayhi vasallam: «Kimning Allohga va Bani odamdan birortasiga hojati bo’lsa, yaxshilab tahorat qilsin, so’ngra ikki rakat namoz o’qisin. Keyin Allohga sano va Payg’ambar sollallohu alayhi vasallamga salovat aytsin. So’ngra: «Haliymu Karim Allohdan o’zga hech ilohi ma’bud yo’q. Ulug’ Arshning Robbisi Alloh pokdir. Olamlarning Robbisi Allohga hamdlar bo’lsin. Men Sendan: rahmatingni vojib qiluvchi, mag’firatingni taqozo qiluvchi narsalarni va har bir yaxshilikdan g’animatni, har bir yomonlikdan salomatlik so’rayman. Mening hech bir gunohimni qo’ymay mag’firat qilgin, hech bir g’amimni qo’ymay kushoyish et, O’zing rozi bo’lgan hech bir hojatimni qo’ymay, albatta chiqargin. Ey Arhamar Rohimiyn», desin», dedilar»
Imom Termiziy va Ibn Moja rivoyat qilgan.
Namozdan forig’ bo’lgach ushbu duoni o’qiydi:

لَا إِلَهَ إِلَّا اللهُ الْحَلِيمُ الْكَرِيمُ، سُبْحَانَ اللهِ رَبِّ الْعَرْشِ الْعَظِيمِ، الْحَمْدُ لِلَّه رَبِّ الْعَالَمِينَ: أَسْأَلُكَ مُوجِبَاتِ رَحْمَتِكَ، وَعَزَائِمَ مَغْفِرَتِكَ، وَالْغَنِيمَةَ مِنْ كُلِّ بِرٍّ، وَالسَّلَامَةَ مِنْ كُلِّ إِثْمٍ، لَا تَدَعْ لِي ذَنْبًا إِلَّا غَفَرْتَهُ، وَلَا هَمًّا إِلَّا فَرَّجْتَهُ، وَلَا حَاجَةً هِيَ لَكَ رِضًا إِلَّا قَضَيْتَهَا يَا أَرْحَمَ الرَّاحِمِينَ.

«Laa ilaaha illallohul haliymul kariym. Subhaanallohi robbil ‘arshil ‘aziym. Alhamdu lillaahi robbil ‘aalamiyn. As’aluka mujibaati rohmatika va ‘azoima mag’firotika val g’oniymata min kulli birrin, vas-salaamata min kulli ismin, laa tada’ liy zanban illa g’ofartahu, va laa hamman illa farrojtahu, va laa haajatan hiya laka rizon illa qozoytaha, yaa arhamar rohimiyn!».
Termiziy rivoyat qilgan.
Ma’nosi: «Halim va Karim Allohdan o’zga iloh yo’q. Ulug’ arsh Robbi Allohni poklab yod etaman. Olamlar Robbi Allohga hamd bo’lsin. Rahmatingga mustahiq qiluvchilarni, mag’firatingni vojib etuvchilarni, har bir yaxshilikda g’animatni va har bir gunohdan salomat bo’lishni so’rayman. Menda biror gunoh qoldirmasdan mag’firat qilishingni, biror g’am qoldirmasdan ochib yuborishingni va O’zing rozi bo’ladigan biror hojat qoldirmasdan ravo qilishingni so’rayman, ey rahm qilguvchilarning Rahmlisi».
Quyidagi duo ham hojat namozining duolaridandir:

اللَّهُمَّ إِنِّي أَسْأَلُكَ وَأَتَوَجَّهُ إِلَيْكَ بِنَبِيِّكَ مُحَمَّدٍ نَبِيِّ الرَّحْمَةِ، يَا مُحَمَّدُ، إِنِّي تَوَجَّهْتُ بِكَ إِلَى رَبِّي فِي حَاجَتِي هَذِهِ فَتَقْضِي لِي، اللَّهُمَّ شَفِّعْهُ فِيَّ

«Allohumma inniy asaluka va atavajjahu ilayka binabiyyika Muhammadin nabiyyir rohmati, yaa Muhammadu, inniy tavajjahtu bika ilaa robbiy fiy haajatiy haazihi fataqzi liy. Allohumma, shaffi’hu fiyya»
Imom Ahmad rivoyat qilgan.
Ma’nosi: «Allohim, men Senga yuzlanib, Sendan payg’ambaring, rahmat nabiysi Muhammad alayhissalom bilan vasiyla qilib so’rayman. Ey Muhammad alayhissalom, men bu hojatim ravo bo’lishi uchun siz bilan Robbimga yuzlandim Allohim, u kishini menga shafoatchi qil».
Imom Ibn Hajar bu namozni shanba kuni sahar o’qib, talabi hojat qilish mandubdir, chunki Payg’ambarimiz sollallohu alayhi vasallam, kim shanba kuni ertalab talabi hojat qilsa, talabi hal bo’ladi. Uning hojati ravon bo’lishiga men kafilman, deb marhamat qilganlar, degan. Albatta, duoning arabcha matnini yodlab olgan yaxshi.

Tavba namozi

Aliy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Men qachon Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan bir hadis eshitsam, Alloh menga undan O’zi xohlaganicha naf’ beradigan odam edim. U zotning sahobalaridan biri menga hadis aytsa, men undan (gapi to’g’riligiga) qasam ichishni talab qilar edim. Agar u qasam ichsa (gapini) tasdiq qilar edim. Holat shu bo’ldiki, menga Abu Bakr bir hadis aytdi. Zotan u sodiqdir: «Men Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning: qaysi bir odam gunoh qilib qo’yib, so’ngra turib, tahorat qilib namoz o’qisa, keyin Allohga istig’for aytsa, albatta, Alloh uni mag’firat qiladi», deganlarini eshitdim. So’ngra u zot: «Ular qachon fahsh ish qilsalar yoki o’zlariga zulm qilsalar, Allohni eslarlar va gunohlariga istig’for ayturlar» oyatini qiroat qildilar», dedi»
Imom Termiziy va Abu Dovud rivoyat qilgan.
Aslida tavba namozsiz ham xohlagan paytda bo’lishi matlub. Lekin namoz ila bo’lgani kuchli va qabuli osondir. Namoz mo’minning silohi, deyilgani ham shundan. Mo’min kishi namoz yordamida har qanday qiyin narsaga ham osonlik bilan erisha oladi. Ojiz banda gunoh ish qilib qo’ysa, iymoni uni darhol tavbaga chorlashi zarur. Qilib qo’ygan gunohining afsusida qolgan mo’min inson darhol tahorat qilib tavba namozi niyati ila ikki rakat namoz o’qib olishga o’tmog’i lozim. U gunohiga nadomat qilib, namozida chin qalbdan tavba qilib, Allohga roz aytib, ikkinchi bu gunohni qayta qilmaslikka qat’iy ahd qilsa, Alloh taolo uning gunohini mag’firat qiladi.

Avvobiyn namozi

Bu namoz shom namozidan keyin o’qiladi va olti rakat bo’ladi. Avval to’rt, keyin ikki rakat yoki ikki rakatdan qilib o’qiladi. Alloh taolo Isro surasida «Albatta, U zot avvobiynlarni mag’firat qiluvchidir», degan (25-oyat).
Imom Tabaroniy Ammor ibn Yosir roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda: «Kim shomdan keyin olti rakat o’qisa, gunohlari mag’firat qilinur, agar dengizning ko’pigicha bo’lsa ham», deyilgan.

Tahajjud namozi

Bu namozning ozi ikki, ko’pi sakkiz rakatdir. Alloh taolo: «Kechasida tahajjud (namozi) qil, senga nofila bo’lur. Shoyadki, Robbing seni Maqomi mahmudda tiriltirsa», degan (Isro surasi, 79-oyat).
Ushbu oyat ila tahajjud namoziga targ’ib qilish Qur’onda kelgani eslatilmoqda. Kechasi bir uxlab turib o’qiladigan namoz «tahajjud namozi» deb ataladi. Shuningdek, bu namoz «qiyom namozi» deb ham ataladi. Avval boshida bu namoz vojib bo’lgan edi, bir yilchadan keyin vojibligi nasx qilingan.
Abu Umoma roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Payg’ambar sollallohu alayhi vasallam: «Sizlarga kechaning qiyomi lozimdir. Chunki u sizlardan oldingi solihlarning odatidir. U Robbingizga qurbatdir, yomonliklarga kafforotdir, gunohlarni qaytaruvchidir», dedilar». Boshqa bir rivoyatda: «U jismdan dardni quvuvchidir» ham deyilgan
Termiziy, Ahmad va Hokim rivoyat qilgan.
Nafl namozlarining eng afzali tahajjud hisoblanadi. Chunki bu namoz hamma uxlab yotgan vaqtda o’qilgani uchun riyodan uzoq, ixlosga yaqin bo’ladi.
Izoh: tahajjud xuftondan so’ng uxlab, kechaning ikkinchi yarmida bedor bo’lishdir. Uyg’onishiga ishonchi bo’lmasa, xufton namozidan keyin o’qib olsa ham joiz. Raddul muhtor sohiblari tahajjud namoziga: «Har bir xuftondan keyin o’qilgan namoz» deb ta’rif bergan. Afzali esa bir uxlab turib o’qishdir.

Tasbeh namozi

Ikrimaning Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilishicha, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Abbosga qarata: «Ey amaki! Sizga bermaymi? Sizga o’rgatmaymi?» degan so’zlarni zikr qilib, so’ng bunday dedilar: «To’rt rakat namoz o’qiysiz. Har rakatda Fotihani va boshqa bir surani o’qiysiz. Birinchi rakatda qiroatdan so’ng qiyomda «Subhanallohi valhamdu lillahi va la ilaha illallohu vallohu akbar» tasbehlarini o’n besh marta aytasiz. So’ngra ruku’ga borasiz va ruku’da turganingizda mazkur tasbehlarni o’n bor aytasiz. Keyin boshingizni ruku’dan ko’targan vaqtda ham yana tasbehlarni o’n marta aytasiz. So’ng sajdaga borasiz. Sajdada turganingizda yana mazkur tasbehlarni o’n bor qaytarasiz. So’ng boshingizni sajdadan ko’tarib, yana mazkur tasbehlarni o’n bor aytasiz, so’ng yana sajda qilasiz va unda yana o’n bor tasbeh aytasiz, so’ng boshingizni sajdadan ko’tarib, tik bo’lishingizdan oldin yana o’n marta tasbeh aytasiz. Bu aytilgan tasbehlarning umumiy adadi etmish beshta bo’ladi. To’rt rakatni shu taxlitda ado etasiz. Agar bu namozni bir kunda bir marta ado etishga qodir bo’lsangiz, uni ado eting. Agar bir kunda ado etishga qodir bo’lmasangiz, juma kuni bir marta o’qing. Agar juma kunida ado etishga qodir bo’lmasangiz, uni bir oyda bir o’qing. Agar bunga qodir bo’lmasangiz, uni bir yilda bir bor ado eting. Bunga ham imkon bo’lmasa, umringiz davomida bir bor «tasbeh» namozi o’qib qo’ying».

Nafl namozlarini o’qish tartibi

Kunduzgi nafl namozlarini to’rt rakatdan, kechqurungi nafllarni esa ikki rakatdan o’qish sunnat amallardandir. Qiyom turishga qodir bo’laturib o’tirgan holda nafl namozlari o’qish joiz, lekin savobning yarmiga erishadi. Agar Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday ham namoz o’qiganlar deb o’qisa, ham namozning ham sunnatga amal qilganning savobiga erishadi. Ammo tik turib o’qishga qodir bo’lmagan kishining ajri tik turib o’qigan kishining ajri bilan barobar bo’ladi. O’tirib o’qiydigan kishi agar uzri bo’lmasa, boshqa namozlardagi tashahhud o’qiyotgan kishidek chap oyog’i ustiga o’tirib, o’ng oyog’ini tik qiladi. Nafl o’qishga kirishgan kishining namozi agar ikki rakatni to’liq tugatmay turib buzilsa, uning qazosini o’qib qo’yishi vojib bo’ladi.
Shunday vaqtlar borki, unda nafl namozlarini o’qish makruhi tahrimiy, ya’ni haromga yaqin makruh hisoblanadi. Quyidagi hollarda nafl namozlarini o’qish makruh sanaladi:
1. Subh vaqti kirgandan to bomdod o’qilgunga qadar nafl namozlarini o’qish mutlaq makruhi tahrimiydir. Faqat subhning ikki rakat sunnatini o’qishga ruxsat bor, xolos.
2. Bomdod o’qilgandan to quyosh chiqqunga qadar nafl namozlarini o’qish ham makruhdir. Bu fursatda umuman nafl namozlari o’qilmaydi, garchi namozxon bomdodning yolg’iz sunnatini qazo qilgan bo’lsa ham. Chunki subh sunnatining yolg’iz o’zini o’qiy olmagan kishi keyin qazosini o’qimaydi. Agar farzini qo’shib qazo qilganida edi, quyosh nayza bo’yi ko’tarilgach, ikkisining qazosini o’qigan bo’lar edi. Buning masalasi yuqorida o’tdi.
3. Quyosh chiqib to bir nayza miqdori ko’tarilguncha ham nafl namozlarini o’qish makruhdir. Quyosh taqriban yarim soat chamasida bir nayza miqdorida ko’tariladi.
4. Quyosh tikkaga kelgandan to zavolga oqquncha vaqt oralig’ida ham namoz o’qish mutlaq joiz emas.
5. Asr namozidan to shom namozini o’qib bo’lgunga qadar ham nafl namozlarini o’qish makruhdir.
6. Imom xutba o’qish uchun minbarga chiqqan vaqtda ham namoz o’qish joiz emas. Imom xoh juma xutbasiga chiqqan bo’lsin, xoh yomg’ir talab qilinayotgandagi xutba bo’lsin, xoh boshqasi bo’lsin, baribir o’sha fursatda namoz o’qish durust emas. (Izoh: bizning diyorlarda imom juma kunlari avval va’z qiladi va so’ng juma namozidan oldin xutba o’qish uchun minbarga chiqadi. Namoz o’qish joiz bo’lmagan vaqt shu imom minbarga ko’tarilgan fursatdir. Ammo imom xutbadan oldin ma’ruza qilayotgan bo’lsa, masjidga kelgan namozxon imom turgan xonadan boshqa o’rinda tahiyyatul masjid namozini o’qib olishi durust bo’ladi. Umuman, imom xutba qilayotganida namoz o’qish tortishuvli masala, chunki bu haqda har xil rivoyatlar bor. Hanafiy mazhabida imom minbarga chiqqanidan keyin namoz o’qish harom. U xutbani boshlaganda esa, salomga alik olish, aksa urganga yaxshi tilak aytish, Qur’on o’qish va shunga o’xshagan narsalar ham mutlaqo mumkin bo’lmaydi).
7. Muazzin farz namoziga takbir aytayotganda ham nafl namozi o’qish makruhdir. Faqat bomdod namozida sunnatni o’qib, farzga etib olishiga ishonsa, shu sunnatni takbir aytilayotgan vaqtda ham o’qish joiz bo’ladi. Shunda sunnatni imomdan uzoqroq erda yoki boshqa xonada o’qib oladi. Muhimi, sunnatni o’qib olib, farzga etib olsa bo’ldi.
8. Masjidda hayit namozidan oldin ham, keyin ham nafl namozi o’qish makruh.
9. Hojilar Arafotda peshin bilan asrni peshin vaqtida jamlab o’qishadi, bu jam’i taqdim, deyiladi. Shu paytda ikki jam qilinayotgan namoz o’rtasida ham nafl namozlarni, hatto peshinning sunnatlarini ham o’qish makruhdir. Muzdalifada esa shom bilan xuftonni hojilar xufton vaqtida jamlab o’qishadi. Bu jam’i ta’xir, deyiladi. Shu ikki jam qilinayotgan namozning o’rtasida ham, garchi shomning sunnatini bo’lsada, o’qish makruhdir.
10. Farz namozlaridan birortasining vaqti tor bo’lib qolsa ham, nafllarni o’qish makruh hisoblanadi.
11. Xoh oldi, xoh orqa hojatlarini majburan ushlab turib namoz o’qish makruhdir. Shuningdek, qorin dam bo’lganda ham elni majburan ushlab o’qilgan namoz makruh hisoblanadi.
12. Xuddi shuningdek, yana xushu’ni ketkazadigan har qanday muhim ish hozir bo’lgandagi o’qilgan namozlar makruh bo’ladi. Nihoyatda och qolgan yoki chanqagan kishiga ovqat yoki suv olib kelinsa, o’z nafsini qondirib olib, keyin namozga turishi kerak. Yana qattiq charchagan kishi ham biroz dam olib, so’ng namoz o’qishi maqsadga muvofiq bo’ladi.
Agar shu yuqorida eslab o’tilgan vaqtlarda nafl namozlar o’qilsa, makruhi tahrima bilan ado topadi. Kim ushbu paytlarda namozni boshlab qo’ysa, uni buzib namoz o’qish makruh yoki harom bo’lmagan boshqa vaqtlarda o’qishi ma’quldir.

Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rohimahullohning

«Mo’minning me’roji» kitobidan.

 

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan