​QOMUSIMIZ – BAXTIMIZ POYDEVORI

​QOMUSIMIZ – BAXTIMIZ POYDEVORI

Ma’lumki, har bir davlatning shakllanishida Konstitutsiyaning o‘rni beqiyosdir. Bizning Konstitutsiyamiz 1992 yil 8 dekabrda qabul qilingan kun bo‘lib, har yili mazkur sana bayram sifatida keng nishonlanadi. Bosh Qomusimiz millatimiz ruhiga, hayot tarzi va urf-odatlariga mos keladigan imon-e’tiqod, insof, diyonat, mehr-oqibat, or-nomus, iffat va hayo kabi eng ezgu fazilatlarni o‘z ichiga olgan desak aslo mubolag‘a bo‘lmaydi.
Konstitutsiya davlatni davlat, millatni millat sifatida dunyoga tanitadigan huquqiy hujjatdir. Yaratilayotgan boshqa qonunlar konstitutsiyaviy me’yorlarga asoslanadi, me’yoriy hujjatlar ham shu asosda ishlab chiqiladi. Bosh qomusimizda jamiyat va davlat, davlat hokimiyati va boshqaruv organlari tuzilishi hamda faoliyatining asosiy prinsiplari, ularning vakolatlari, fuqarolarning asosiy huquq va burchlari, jamiyat va shaxs o‘rtasidagi munosabatlar belgilab berilganligi bilan ham yanada ahamiyatlidir. Mamlakatimizda istiqomat qiluvchi turli din vakillari, jumladan, yurtimiz musulmonlari Asosiy Qomusimizda belgilab qo‘yilgan huquq va erkinliklardan keng foydalanmoqdalar. Xususan, ushbu hujjatning yangi qabul qilingan tahririda vijdon hamda e’tiqod erkinligi alohida kafolatlab qo‘yilgan.
Konstitutsiyamizning 31-moddasida “Hamma uchun vijdon erkinligi kafolatlanadi. Har bir inson xohlagan diniga e’tiqod qilish yoki hech qaysi dinga e’tiqod qilmaslik huquqiga ega. Diniy qarashlarni majburiy singdirishga yo‘l qo‘yilmaydi”, deyilgan. Yurtimizda bugungi kunda 130 dan ortiq millat va elat vakillari Bosh Qomusimiz belgilab bergan teng huquqlilik va keng imkoniyatlardan foydalanib, totuvlik va hamjihatlikda yashamoqdalar. Ular ertangi kunga komil ishonch bilan mehnat qilib, yagona Vatan ravnaqiga o‘z hissalarini qo‘shmoqdalar. Unda nafaqat xalqchil tamoyillarga, balki ming yillar davomida rivojlanib kelgan milliy ma’naviyatimiz asoslariga ham tayanadi. Zero, har bir millat o‘zining ruhiy-e’tiqodiy ildizlaridan uzilsa, inqirozga uchrashi tabiiydir. Allohga behisob shukrlar bo‘lsinki, sizu biz go‘zal va hur diyorda tinchlik bulog‘idan qonib umr guzaronlik qilib kelmoqdamiz.
Xulosa o‘rnida, yurtimizda yashab, faoliyat ko‘rsatayotgan har bir ongli inson O‘zbekiston Respublikasining Asosiy Qonuni – Konstitutsiyamizning barcha moddalarini mukammal bilishi va hayotga to‘g‘ri tatbiq qilmog‘i, shuningdek, o‘ziga yuklatilgan burchlarini sezib, to‘laqonli ravishda bajarishi lozim bo‘ladi. Ushbu ishlarni amalga oshirgan kishilar ham davrimiz, ham bebaho milliy qadriyatlarimiz me’yorlariga amal qilgan bo‘ladi.

Muzaffar Qosimov
“Xoja Buxoriy” o‘rta maxsus islom
bilim yurti ma’naviy -ma’rifiy
ishlar bo‘yicha mudir o‘rinbosari

 

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan