Ishorai sabboba

Ishorai sabboba

Savol: Ishorai sabboba nima? Ba’zilar uni: «Katta harom», deb aytganini eshitdim. Ba’zilar esa: «Buni qilish kerak, sunnat», deb aytishdi.

Ishorai sabbobaning sunnatligiga, qilish kerakligiga dalil-hujjatlar bormi?

JAVOB: Bismillahir Rohmanir Rohiym «Ishorai sabboba» deb tashahhuddagi «ashhadu allaa ilaaha illallohu» jumlasining «laa ilaaha» degan joyida

o’ng qo’lning ko’rsatkich barmog’ini yuqoriga ko’tarishga aytiladi.
Ko’rsatkich barmoq arab tilida «sabboba» deyiladi. Mazkur ishora ushbu barmoq bilan bajarilgani uchun «ishorai sabboba» deb nomlangan.
Ishorai sabboba ko’pchilik ulamolarning nazdida sunnat hisoblanadi. Chunki, buni Rasulullo’ sollallohu alayhi vasallam qilganlar.
Hanafiy ulamolardan ko’zga ko’ringanlari – Ibn Humom, Mulla Ali Qoriy kabi allomalar ham ishorai sabbobani qilish zarurligi to’g’risida hujjat-dalillarni keltirganlar. Lekin ba’zi bir hanafiy olimlar: «Ishorai sabboba qilinmaydi», deganlar va buni kitoblarda yozib qoldirganlar.
Ba’zi ulamolar «ishorai sabboba qilinmaydi» deganlarni qattiq tanqid ham qilishgan.
Ishorai sabbobaning sunnatligiga Rasulullo’ sollallohu alayhi vasallamdan rivoyat qilingan bir necha sahih hadislar dalil bo’ladi.
Jumladan, imom Muslim, imom Termiziy, Abu Dovud va Nasaiy qilgan rivoyatda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam tashahhudda ishorai sabboba qilishlari ochiq-oydin kelgan. Bu ma’noda bir qancha hadislar bor.
Bizning diyorimizda hozirgi berilgan savoldagi kabi ikki xil munosabat o’rnashib qolgan.
Ba’zi bir kishilar ishorai sabbobani qilishga, ba’zilar esa qilmaslikka odatlanishgan. Oralarida tushunmovchilik, bir-birlari bilan tortishuv, janjal, kimniki to’g’ri, kimniki noto’g’ri ekanligini bahs qilish ko’paygan. Mana shu savol ham fikrimizning dalilidir. Bu savolni deyarli har jamoada, har safar so’roq-savol bo’lganda berilaveradi.
Biz bu masalaga alohida yondoshib, kishilarimizning dalil-hujjat surishtirish imkonlari yoki boshqa holatlari chegaralangani e’tiboridan, quyidagi tavsiyani qilamiz:
Kimga namoz o’qishni ta’lim bergan ustozi ishorai sabbobani o’rgatgan bo’lsa, o’rgangandek qilsin va ishorai sabboba qilmayotganlar bilan talashib tortishmasin, urish-janjal qilmasin.
Kim namozni o’rganayotgan paytida ustozi unga ishorai sabbobani ta’lim bermagan bo’lsa, u qilmasin, ammo o’sha ishorani qilayotganlar bilan talashib-tortishmasin, janjal qilmasin.
Lekin, hujjat-dalilga kelganda, avval aytib o’tganimizdek, ishorai sabboba qilish bir necha hadislarda kelgan, boshqa mazhab ahllarida bu narsa mashhur. Vallohu a’lam.

Quyida bu masalaga yanada oydinlik kiritamiz…

Ishorai sabboba haqida haqiqat

Ta’rif: “Ishorati sabboba” ko’rsatkich barmoq ishorasi, degan ma’noda. Uni “ishorai sabboba”, “sabboba ishorasi”, “attahiyyotda barmoq ko’tarish” kabi nomlar bilan ham ataladi.
U qa’dada o’tirib tashahhud o’qiyotganda, kalimai shahodatni aytish asnosida, o’ng qo’lning ko’rsatkich barmog’ini ko’tarib, Allohning yagonaligini amal bilan tasdiqlashdir.
Muqaddima:
Ishorati sabbobani bizning yurtlarda ko’pchilik qilmaydi. Ba’zilar so’ngi vaqtlarda ayrim ahli ilmlarga ergashib qila boshladilar. Orada har xil ixtiloflar ham chiqdi. Aslida, zamonamiz mujaddidlaridan Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf sallamahulloh ushbu ma’noda so’ralgan savolga javoblarida aytganlaridek bo’lishi kerak: “Kim namoz o’qishni o’rganayotganida ustozi unga ishorai sabbobani o’rgatgan bo’lsa, qilsin va ishorai sabboba qilmayotganlar bilan talashib tortishmasin, urush-janjal qilmasin. Kim namozni o’rganayotgan paytida ustozi unga ishorai sabbobani o’rgatmagan bo’lsa, qilmasin, ammo o’sha ishorani qilayotganlar bilan talashib-tortishmasin, janjal qilmasin”(1).
Shundoq bo’lsa ham mazhabimiz, ya’ni Hanafiy deyilmish Imomi A’zam mazhablarining fiqhiy kitoblarida nimalar yozilganligini bilib qo’ygan foydadan xoli emas. Buning uchun biz avval ishorati sabboba qilish kerakligi haqidagi manbalar bilan tanishamiz, so’ng ishora qilmaslik kerakligi haqidagi ma’lumotlarni ko’rib chiqamiz.
Ishorati sabboba qilish haqidagi dalillar:
Ishorati sabboba to’g’risida kelgan hadisi shariflarning aksariyati ravshan va sahih bo’lib, mashhur hadis kitoblarida rivoyat qilingan. Bu masala to’rtta sunanda, “Sahihi Muslim”da, Imom Bayhaqiyning sunanida, Imom Ahmadning musnadida, “Muvattoi Molik”da, Imom Tahoviyning “Sharhi ma’oniy al-asor”ida, Imom Tabaroniyning mo’’jamida, Imom Abu Ya’lo musnadida, Imom Sa’id ibn Mansur sunanida hamda Imom Abdurrazzoq va Imom Ibn Abu Shayba singari muhaddislarning hadis asarlarida taxrij qilingan. Xullas, yigirma sakkiz nafar sahobadan ishorai sabboba qilish haqidagi hadislar jamlangan.
Ishorati sabboba to’g’risida Payg’ambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan vorid bo’lgan eng ajoyib hadisi sharif ushbudir: Ul zoti sharif marhamat qildilar: “U, ya’ni ishorai sabboba – shaytonga temirdan-da qattiqroqdir!”. Buni Imom Ahmad hazratlari tobi’iynlarning ulug’laridan Imom Nofi’ orqali Abdulloh ibn Umar raziyallohu anhudan rivoyat qilgan. Uqba ibn Omir raziyallohu anhudan marfu’ o’laroq rivoyat qilingan hadisda esa namozdagi har bir ishorai sabboba uchun o’ntadan savob qo’shiladi. Buni Imom Hokim rivoyat qilganini Imom Suyutiy o’zining “Jomi’”sida zikr qilgan. Muhaddislardan Abdurrazzoq va Ibn Adiylar rivoyat qilishlaricha, Payg’ambar alayhissalom bundoq demishlar: “Payg’ambarlikning etmish juz’i (bo’lagi)dan bir juz’i saharlikni kechiktirish, iftorlikni erta boshlash va kishi namozda barmog’i bilan ishora qilishidir”.
Bu xildagi rivoyatlar ishorati sabbobaning turli-tumanligi va har xil qilinganligi bilan ajralib turadi.
Ishorati sabboba qilish hukmi:
۩ Shuni ta’kidlash lozimki, tashahhudda ishorati sabboba qilish Shofi’iy, Molikiy va Hanbaliy mazhablarida ixtilofsiz sunnatdir. Hanafiy mazhabida ixtilofli masalalar jumlasidan hisoblanadi. Ya’ni, ayrim faqihlar ishora qilishni yoqlagan bo’lsalar, ayrimlari ishora qilmaslik tarafdori bo’lganlar.
۩ O’rta, jimjiloq va nomsiz barmoqni bukib (‘aqd yoki qabz), sabboba, ya’ni ko’rsatkich barmoq bilan ishora qilinadi. Bosh barmoqning uchi ko’rsatkich barmoqning asliga – boshlanishiga tekkiziladi. Bu arablarda 53 degan raqamni ham bildirgan(2). Ibn Umar raziyallohu anhudan qilingan hadisi sharifda Payg’ambarimiz sallollohu alayhi vasallam shu xilda ishorai sabboba qilganlar. Buni Imom Muslim rivoyat qilgan(3). Ushbu rivoyatga asoslanib, Imom Shofi’iy mazhabida va Imom Ahmadning bir rivoyatida shu xilda ishora qilinadi(4).
۩ Bizning mazhabda esa ba’zi ulamolargina ushbu rivoyatni olganlar.
۩ Imom Molik nazdida esa hamma barmoqlar qabz qilinib, (bukilib), ko’rsatkich barmoq bilan ishora qilinadi. Bu Ibn Zubayr raziyallohu anhuning rivoyatida kelgan bo’lib, uni “yigirma uch ko’rsatgichi” deyiladi.
۩ Bir kishining ikki barmoq bilan ishora qilayotganini ko’rgan Janobi Rasululloh sollallohu alayhi vasallam unga: “Ahhid, ahhid”, deganlar, ya’ni bitta barmog’i bilan ishora qilishini buyurganlar. Buni Imom Termiziy, Imom Nasoiy va Bayhaqiylar rivoyat qilgan. Shuning uchun fiqhiy kitoblarimizda ikki barmoq bilan ishora qilishni makruh deyiladi.
۩ Shuningdek, ishorai sabboba qilishda barmoq harakatlantirib turilmaydi. Bu holat zikr qilingan hadislarning barchasining isnodi zaif ekanligini ulamolar qayd qilishgan. Jumladan, Mavlono Aliy al-qori, undan avvalroq Imom as-Suyutiylar zaif deyishgan. Shu bilan birga, Imom Abu Dovud va Nasoiy kabi muhaddislar Ibn Zubayr raziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisi sharifda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam barmoqlari bilan ishora qilayotganlarida barmoqlarini harakatlantirmasliklari alohida ta’kidlangan.
۩ Bizning mazhabimizda ishorati sabbobani qilish to’g’risida Imom Muhammad birinchi bor o’zining Imom Molikdan rivoyat qilgan “Muvatto” asarida so’z yuritgan(5). U zot Imom Molikdan, u esa Muslim ibn Abu Maryamdan, u esa Ali ibn Abdurrahmon al-Muoviydan, u esa Abdulloh ibn Umar raziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisni keltirib, bunday deganlar: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning qilgan amallarini olamiz. Bu mening va Abu Hanifa rahmatullohi alayhining qavlidir”(6). “Hidoyai sharif”ning mo’’tabar sharhlaridan biri bo’lmish “Fath ul-qadiyr”da rivoyat qilinishicha, Abu Yusuf o’zining “al-Amoliy” asarida ishorati sabboba etilishini zikr qilgan(7). Bu “Radd ul-muhtor”da kelishiga qaraganda, g’ayri muakkada sunnatdir(8). Ya’ni, sunnatligi ta’kidlangan emas, balki mustahab darajasidagi amaldir. Uning ta’kidlangan sunnat emasligi eng mo’’tabar fiqhiy manbalarimizdan “Muhit”da ham zikr etilgan ekan(9).

Hanafiylikda ishorati sabboba qilish tartibi:
Hanafiylarda ishora qilishning ikki usuli aytilgan:
1) Bizning mazhabimizda ishorati sabboba xinsir va binsir (jimjiloq, ya’ni, eng kichik va so’fi, ya’ni, to’rtinchi, uni nomsiz ham deyiladi) barmoqlarni bukib (‘aqd), vusto va ibhom (o’rta va bosh) barmoqlari aylantirilib, ya’ni, doira qilinib (halqa) sabboba, ya’ni, ko’rsatkich barmoq bilan ishora qilinadi. Bu asosiy fatvo berilgan qavlga ko’radir. Bu holat hadisi shariflarda “to’qson sonining ko’rsatkichi” deb qayd etilgan. Bu xilda Payg’ambarimiz sollallohu alayhi vasallam qilgan amallarini Abdulloh ibn Zubayr raziyallohu anhu rivoyatida Imom Muslim keltirgan(10). Hanafiylarning ixtiyor qilganlari mana shu. Imom Ahmaddan bir rivoyat ham va Imom Shofi’iyning qadimgi qavli ham shunga muvofiq bo’lgan.
2) Ba’zi ulamolarimiz ishorani mutlaqo tahliq (halqa)siz va ‘aqdsiz, deyishgan. Sababi ishoraning sunnatligini hosil qilish va Payg’ambarimiz alayhissalomning: “Namozda sokin bo’linglar!” amriga amal qilish bo’ladi. Imom Termiziy Abu Humayd as-So’idiydan rivoyat qilgan hadisida ishorai sabboba ‘aqd va qabzsiz keltirilgan(11).
Bu rivoyat hanafiylarning mo’’tabar kitoblaridan “Durar ul-bihor” va uning sharhi “G’urar ul-azkor” hamda “Shurunbuloliyya”da “Burhon” degan kitobdan olib keltirilgan. “Mavohib ur-Rahmon”da ham shu gap bor. Ammo, buni “Radd ul-muhtor” sohibi rad qilgan, ya’ni, uning qayd etishicha, tahliq (halqa)siz va ‘aqdsiz ishora qilish rivoyat va mazhab qarashlarida umuman yo’qdir(12).
Mazhablar orasida ishora qilishning farqi:
۩ Shofi’iylardan farqi ularda qa’da avvalida – tashahhud boshlanishi bilanoq to qa’da oxirigacha halqa qilib, ishora etib o’tirish sunnatdir.
۩ Bizning mazhabimiz faqihlari ravshanlashtirishlariga qaraganda, tahliq (halqa) va ishorat faqatgina shahodat kalimasini aytayotganda bo’ladi. Mashhuri jahon faqihlarimiz Abu Ja’far al-Hinduvoniy va Shams ul-aimma al-Halvoiy hazratlari nafiy va isbotning kamolga etishi uchun shuni ta’kidlaganlar. “La iloha” nafiy, “illalloh” isbotdir! Imom al-Hinduvoniydan, asosan, ishora qilishning to’qson ko’rsatgichi tanlangani rivoyat qilinadi. Ya’ni, jimjiloq va so’fi barmoq bukilib, o’rta va bosh barmoq halqa qilinadi-da, ko’rsatgich barmoq bilan ishora qilinadi. Imom al-Halvoiy esa, ishorani “la iloha”da ko’tarib, “illalloh”da tushirilishini ta’kidlagan. Mazhabimizda bu ikki mashhur faqihning qavli ixtiyor qilingan(13).
۩ Boshqa payt bast, ya’ni, qo’lni-kaftni qo’yib, barmoqlarni bukmasdan, halqa va ishora qilmasdan tek o’tirish buyurilgan. Alloma Ibn Obidiyn tashahhud boshlanishida tek o’tiriladi-da, shahodat kalimasining nafiy va isbot joyiga etib kelganda, ishora qilinadi, so’ng ko’rsatkich barmoq tushirilib, shu holatda, ya’ni barmoqlar bukilgan, ko’rsatkich barmoq tushirilgan holatda namoz oxirigacha qolinadi, deb zikr qiladi(14).
Shu xilda mazhabimizdagilarning ishorati sabboba qilishlari boshqa mazhab vakillarinikidan farqlanadi.
Hanafiylarning qaysi kitoblarida ishorati sabboba qilish aytib o’tilgan:
۩ Mazhabimizning mo’’tabar fiqhiy asarlarida ishorati sabbobani qilish zikr etiladi. Jumladan, Abullays Samarqandiyning “Navozil” asarida, shuningdek, “al-Muhit”, “Zaxira” va “Xoniya” (bu fatvo kitobini bizda “Fatovoyi Qoziyxon” deydilar) kabi e’tiborli fatovolarda, fiqhiy matn kitobimiz “Majma’ ul-bahrayn” va “Kanz ud-daqoiq”ning qariyb jami sharhlarida, jumladan, “Bahr ur-roiq”, “Nahr ul-foiq”larda, Imom Quduriyning muxtasariga yozilgan mo’’tamad sharhlardan biri “al-Mujtabo”, shuningdek, boshqa sharh va hoshiyalardan “Durr ul-muxtor” va uning hoshiyasi “Radd ul-muhtor”, “Mavohib ur-rahmon” va uning sharhi “al-Burhon”, “Durar ul-bihor” va uning sharhi “G’urar ul-azkor”, yana “Maroqiy-l-faloh”, “at-Tuhfa” kabi sharh va matn kitoblarimizda, xususan, “Hidoya”ning sharhlaridan “al-Binoya”, “al-Kifoya”, “Fath ul-qadiyr”, “Sharhi Viqoya”ning mashhur hoshiyasi “Umdat ur-rioya”da hamda Imom Muhammadning “Muvatto”siga Abd ul-hayy Laknaviy yozgan “at-Ta’liq ul-mumajjad” hamda Shoh Valiyulloh Dehlaviyning “Hujjatullohil bolig’a” kabi asarlarda ishorati sabboba yoqlanib, uning sunnat yoki mustahab ekanligi ta’kidlangan, uni bajarishga tarjih va targ’ib qilingan.
۩ Bundan tashqari alohida risolalar – Mavlono Aliy al-Qoriyning ikkita risolasi “Tazyin ul-iborat li-tahsin al-ishorat”i hamda “at-Tadyin li-t-tazyin”i ishorati sabbobaga bag’ishlangan.
“Radd ul-muhtor” muallifi Ibn Obidiyn hazratlarining ham “Raf’ ut-taraddud fiy ‘aqdi-l-asobi’ ‘inda-t-tashahhud” risolasi va unga ilova tarzida qo’shilgan maqolasi ham shu mavzudadir.
Shuningdek, yuqorida nomi tilga olingan Laknaviyning otalari Mavlono Abd ul-halim Laknaviyning “al-Ishoratu bi-s-sabbobati fi-t-tashahhud” kabi asari ham bor.
Ularning hammasida mazkur masala tahqiq qilingan va ishorati sabboba qilinishi lozimligi uqtirilgan.
XIX asrda yashagan olimlardan Mavlaviy G’ulom Rasul Peshovar va Panjob ulamolari tomonidan qilingan fatvolarga asoslanib, ishorai sabboba joizligini tahlil qilgan(15).
Shuningdek, Namanganlik vatandoshimiz Abulma’oniy kuniyalik zot Sobitxon to’ra ibn Fayzi xo’ja Namangoniy ham 1915-yilda “Bashorat un-najot fiy ishorat as-solat” degan risola yozib, Qozonda nashr ettirgan. Unda ham ishorati sabboba qilishning sunnatligi qayta-qayta ta’kidlangan.
Ba’zi muhtaram domlalarimizning aytishlariga qaraganda, Sobitxon to’ra Namangoniy mazkur “Bashorat un-najot”ni nashr qildirgandan so’ng unga vatandosh va zamondosh ulamolar tomonidan ko’plab raddiyalar bo’lgan ekan. Jumladan, Domla Ikromcha nomi bilan shuhrat qozongan Buxoro muftiysi Muhammad Ikrom al-Buxoriy ham unga raddiya sifatida risola bitgan ekan. Ushbu xabarning aniq dalili bo’lmaganidan keyin unga qo’shilish qiyin. Chunki, Sadriddin Ayniy o’zining esdaliklarida Domla Ikromcha haqida yozib, uni Buxoro ulamolarining ko’pchiligi yoqtirmasligi, buning bir sababi sifatida u zot namozda ishorai sabboba qilishini ko’rsatgan(16).
۩ Yuqorida zikr etilgan ishorati sabboba haqidagi alohida risolalarda uning sunnatligi sahih hadisi shariflar bilan isbotlangan va bu hadisi shariflar qariyb mutavotir darajasiga etib qolgani ham uqtiriladi.
۩ Yuqoridagi hadisi shariflarda kelgan rivoyatlar, mazhabimizning mo’’tabar kitoblaridagi ulug’ faqihlarning fatvo hamda qarashlariga asoslanib, Ibn al-Humom hazratlari ishorati sabboba qilmaslik haqidagi ba’zi mashoyixlarimizning qarashlarini diroyat (aql) va rivoyat (naql)ga xilofdir, deb xulosa qiladi(17).
Xorazmlik taniqli faqihlardan biri, “Quniyya” kitobining sohibi Najmiddin az-Zohidiy bunday xulosaga kelgan: “Nima bo’lganda ham, ishorai sabboba to’g’risida sahih hadisi shariflar vorid bo’lganligi hamda mazhabimizning ulug’ imomlari ishorai sabboba qilganliklari va qilish kerakligi haqidagi naqllari borligi sababidan ishorai sabbobani qilish avlodir”(18).
“Durr ul-muxtor” sohibi esa ishorai sabbobani tazarru’ duosidir, deb ulug’lagan(19).
Shams ul-aimma as-Saraxsiy o’zining dunyoga mashhur asari “Sharh al-Mabsut”ida duo qilish to’rt xil bo’ladi, deydi: “Duoi rag’bat, duoi rahbat, duoi tazarru’ va duoi xufiya. Rag’bat duosida qo’l kaftlari osmonga qaratilgan bo’ladi. Rahbat (hadik, qo’rquv) duosida kaftlar orqasi yuzga qaratiladi, xuddi bir narsadan madad so’rayotgandek. Tazarru’ duosida esa jimjiloq va nomsiz barmoq bukilib, bosh va o’rta barmoq halqa qilinadi va ko’rsatkich barmoq bilan ishora qilinadi. Xufiya (maxfiy) duosida esa inson o’ziga o’zicha (hech kimga bildirmasdan, qo’llarni ko’tarmasdan ichidan) duo qiladi(20).
۩ Fiqh borasida barcha mazhablarda hajm jihatidan eng katta deb tan olingan “Muhiti Burhoniy” asarida ishorai sabboba qilish haqida mashoyixlar ikki fikr bildirganlari aytilgan: Ayrim ulamolar namoz sukunat va viqorga bino qilingani bois ishorai sabboba qilmaslikni yoqlaganlar, boshqalar fikriga ko’ra, Imom Muhammad ash-Shayboniyning zohiri rivoyatda kelmagan gaplariga ergashib, Payg’ambarimiz sollallohu alayhi vasallam amallari va Abu Hanifa qavliga tobi’ bo’lish haqidagi qavl zikr etiladi. “Muhit”da ishorai sabboba bajarish holati ham ko’rsatib o’tilgan.
Shuni ta’kidlash lozimki, “Kifoya” sohibi zikr etishiga qaraganda, “Muhit”da ishorai sabbobani qilish sunnat, deyilgan ekan. “Muhiti Burhoniy”da bu fikr sarohatan uchramadi. Aslida, hanafiylarning fiqhga oid to’rtta “Muhit”lari borligi ma’lum. “Kifoya” sohibi boshqa “Muhit”ni ko’zda tutgan bo’lishi mumkin(21).
Ishorati sabboba qilmaslik haqida hanafiy olimlarining manbalari:
Shuni bilmoq kerakki, ba’zi mashoyixlarimiz, xususan, bizning Movarounnahrdan chiqqan faqihlar o’z asarlarida ishorati sabboba qilmaslikni targ’ib ham qilganlar:
1) Ulardan eng birinchilardan biri Shams ul-aimma as-Saraxsiyning shogirdi, keyinchalik Buxoroi sharifda Shayx ul-islom va qoziy ul-quzzot (qozilar qozisi) bo’lgan zot Abulhasan as-So’g’diydir. U o’zining “an-Nutaf fi-l-fatovo” asarida “Namozda nahiy qilingan amallar” faslida o’n beshinchi o’rinda bunday deydi: “Tahrik ul-asobi’ fi-t-tashahhudi kamo yasna’uhu ahlu-l-hadis”, ya’ni, namozdagi o’n beshinchi manhiy amal tashahhudda ahli hadislar qilganlaridek barmoqlarni qimirlatishdir(22).
2) Undan so’ng mashhur “Hidoya” kitobining sohibi Alloma, Faqih Burhoniddin al-Marg’iloniy o’zining “at-Tajnis val-mazid” asarlarida ishorai sabboba qilmaslik haqida: “Namozda “Ashhadu an-laa ilaaha illalloh” so’zini aytish paytida ko’rsatkich barmog’i bilan ishora qilmaydi. Fatvo shungadir! Chunki, namoz sakinat va viqorga bino bo’lgandir” deb yozib qoldirgan(23).
3) Bizning yurtlarda “Bad’ ul-amoliy” nomli kalomga oid qasidasi o’qitiladigan zot Sirojiddin al-O’shiy o’zining “Sirojiyya” nomli mo’’tabar fatovosida hatto: “Namozda “Ashhadu an-laa ilaaha illalloh” so’zini aytish paytida ko’rsatkich barmog’i bilan ishora qilish makruh bo’ladi. Bu muxtor qavldir!”, deb qayd etadi(24).
5) Buxorolik mashhur faqih, o’zining mo’’tamad fatovo sanaladigan kitobi “Xulosat ul-fatovo” asarida: “Muxtor qavl (ixtiyor qilingan fikr) shulki, ishora qilinmaydi”, deb fatvo beradi(25).
۩ Shuningdek, mashhur fatovolar “Zahiriyya”, “al-Valvolijiyya”, “G’iyosiyya”, “Bazzoziyya”, “Tatorxoniyya”, “Zohidiyya”, “Fatovoyi Tumurtoshiyya”, “Olamgiriyya”, “Umdat ul-muftiy”, “Fatovoyi Qo’idiyya” hamda “Fatvoyi al-Kubro”da, mashhur “Hidoyai sharif”ning sharhi “Inoya”da, “Muxtasari Quduriy”ning bizning yurtlarda mashhur bo’lgan sharhlaridan biri “Jomi’ ul-muzmarot”da, Misr diyorining muftiysi Abdulqodir ar-Rofi’iy al-Hanafiyning “at-Tahrir al-muxtor”ida, mashhuri jahon bo’lmish “Muxtasari Viqoya”ning sharhlaridan “Sharhi Abul Makorim” hamda “Jomi’ ur-rumuz”larda, fiqhiy matn kitoblardan “Kanz ud-daqoiq” va “Muniyyat ul-muftiy” kabi mazhabimiz fiqhida e’tibor topgan asarlarning ba’zi sharhlarida ishorati sabbobaning sunnat emasligi, balki, ayrimlarida bu makruh ekanligi zikr etilgan.
۩ Yurtimizdan chiqqan olimlardan Fozil Lutfulloh Kaydoniy an-Nasafiy esa o’zining “Xulosat ul-Kaydoniy” yoki “Fiqhi Kaydoniy” deb yuritiladigan risolasida hatto ishorati sabboba qilishni harom (muharram) bobiga kiritib(26), o’zining keskin fikri bilan mazhabimizda ko’p bahslarga sabab bo’ldi. Uning bu fikriga qarshi qattiq raddiyalar ham yozilgan. Ammo, buyuk mutasavvif olim Imom Rabboniy hazratlari ham bir maktublarida ushbu masalaga to’xtalib, Kaydoniyning fikrini yoqlab chiqqanlar(27).
Imom Rabboniyning ishorati sabboba qilishga qarshi bildirgan fikri:
Imom Rabboniy mazkur maktubda ushbu mas’alaga oid o’z fikrlari batafsil bildirgan va unda Kaydoniyning fikri to’g’ri, deb topilgan. Ikkinchi ming yillikning mujaddidi sifatida ulug’langan zot Imom Rabboniy Ahmad as-Sarhindiy mazkur maktubida yozadilar:
“Har qachon mo’’tabar rivoyatlarda ishoratning haromligi keltirilgan bo’lsa, ishoratning makruhligiga fatvo berilgan bo’lsa, ishorat va aqd (barmoqni bukish)dan qaytarsalar, shuni hanafiylarning zohiri usuli desalar, biz muqallidlarga hadislar taqozosi bilangina amal qilib, ishoratga jur’at qilishimiz joiz ko’rilmaydi. Bu bilan qancha-qancha mujtahid ulamolarning fatovolaridagi muharram, makruh va manhiy ishni qilgan bo’lamiz. Ishoratga jur’at qilib, uni ado qilishda Hanafiy faqihlarini ikki ishda ayblashga to’g’ri keladi: “Mujtahid ulamolarga ishoratning joizligi bilan tanilgan hadislar ilmi etib kelmagan yoki bu hadislarni biladilar-u, lekin bu buzruk zotlar mazkur hadislarga amal qilmasdan, o’zlarining ra’ylari taqozosiga ko’ra, hadislarning hukmiga xilof ravishda harom va makruh degan, deb hukm yuritadilar”. Bu ikki fikr ham fosid-buzuqdir. Ularni bunday fikrlar bilan ahmoq yoki sarkash kimsagina ayblashi mumkin, xolos”.
Yuqorida iqtibos olingan matn borasida shuni aytishimiz kerakki, Imom Rabboniy bu va keyingi o’rinda mujtahid deganda Imomi A’zam va uning ikki shogirdidan boshqa, mazhabimizda mujtahidi muntasab sifatida tan olingan ulamolarni nazarda tutgan bo’lsa kerak. Zotan, bu uch nafar mujtahidlarning ishorai sabbobani qilganliklari rivoyat qilingan.
Imom Rabboniy ishorati sabbobaga dalil sifatida hadis keltirib, shu bilan ishoratni yoqlamaydigan Hanafiy faqihlarini ayblaydiganlarga qarata bunday deydi: “Agar bir kimsa: “Bizning ularga qarshi dalillarimiz bor” desa, aytamizki, muqallidning ilmi halolu haromni isbotlashda e’tibori yo’qdir. Bu bobda mujtahidning gumoni ham mo’’tabardir. Mujtahidlarning dalillarini o’rgimchak ini kabi kuchsiz deyish uchun qanchalar jur’at lozim! Bu o’z ilmini ushbu ulug’lar ilmidan ustun qo’yish, Hanafiy ulamolarining zohiri usullarini botilga chiqarish, fatvo berilgan mo’’tabar rivoyatlarni vayron qilish, kam uchraydigan, noto’g’ri fikr deyishdir! Hadisi shariflarni bu ulug’larimiz Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning davrlariga yaqinliklari sababli, ilmlarining mukammalligi, vara’ va taqvolarining ulug’ligi bilan biz uzoq tushganlardan ko’ra yaxshiroq bilganlar. Sahihu zaif, nasxu mansuxni ular bizdan ko’ra ortiqroq taniganlar. Rasuli akram sollallohu alayhi vasallamning o’sha bobdagi (ishorat haqidagi) hadisi shariflarini biror bir vajh bilan tark qilgan bo’lsalar kerak…”(28).
Maktub oxirida Imom Rabboniy o’z o’g’li Muhammad Sa’idning ishorati sabboba qilmaslik haqida bir risola yozganligini aytib o’tgan.
Ishorati sabboba qilmaslik kerak deyilishining sababi:
۩ Yuqorida nomlari zikr etilgan aksar fatovo kitoblarida namozda ishorati sabboba qilinmaydi, deb: “Alayhi-l-fatvo!”, “Huva-l-muxtor!” singari fatvo mo’’lamalari bilan o’z hukmlarini tasdiqlashgan. Ularning bunday jur’atlariga sabab ishorati sabboba mas’alasi borasida mazhabimizdagi zohiri rivoyat deb ataladigan juda mo’’tabar kitoblarda hech nima aytilmagani sabab bo’lgan(29).
Zohiri rivoya kitoblari sifatida Imom Muhammadning 6 ta kitobi – “Mabsut”, “Jomi’ ul-kabir”, “Jomi’ us-sag’ir”, Siyar ul-kabir”, “Siyar us-sag’ir” hamda “Ziyodot” asarlari tasdiqlangan. Hokim ash-shahidning “Kofiy” asari ana shu oltita to’plam asosida barpo etilgan keyingi manba sifatida mo’’tabardir.
۩ Ishorai sabboba joizligi haqidagi keltirilgan rivoyatlar usuli mazhab, zohiri mazhab rivoyatlari emas, navodir rivoyatlari hisoblanadi. Zero, zohiri rivoya, zohiri usulda kelmagan mas’ala borasida keyingi davr ulamolari fikr bildirishlari joiz ko’riladi. Shuning uchun keyingi fatovo asarlarda ishora qilmaslikka fatvolar berilgan.
Mazhabimizda keltirilgan fiqhiy qarashlar, fiqhiy mas’alalarning zikr etilgan kitoblariga nisbatan o’z darajalari bor. Uni “Tabaqot al-masoyil” ham deb ataladi. Eng mo’’tabar, eng asosli mas’alalar Zohiri rivoyat, Zohiri mazhab, Masoyili usul deb atalgan bo’lib, ular Imom Muhammadning mashhur oltita asari hamda ular asosida tartib berilgan Hokim ash-Shahidning “al-Kofiy” kitobidir. Imom Muhammadning bundan boshqa asarlari, shuningdek, Imom A’zamning boshqa shogirdlari tartib bergan asarlar, Imom Muhammadning shogirdlari ustozlari rivoyatlariga asoslanib ta’lif qilgan asarlari ikkinchi tabaqaga mansub asarlar bo’lib, aksar vaqtda “Navodir” deb ham ataladi. Keyingi uchinchi tabaqaga mansub asarlar sifatida Imom Muhammadning shogirdlaridan keyingi faqihlar, bir so’z bilan aytganda mutaaxxiriyn ulamolarimiz ta’lif qilgan fatovolar hamda “Voqeot” deb nomlanadigan asarlar ko’rsatilgan. Aynan mana shu keyingi zikr etilgan “Voqeot”larning aksariyatida ishorai sabboba qilinmasligi aytilgan.
۩ Mazhabimizdagi mazkur mas’ala borasidagi ana shunday ixtiloflar sababli “Hidoyai sharif”dan tortib, jami matn kitoblarida qa’dada o’tirilganda barmoqlar mutlaq mabsuta (yoyilgan, to’shalgan, bukilmasdan) holda bo’lishi qayd etilgan.
Ishorati sabboba qilmaslikning oltita asosi:
Ulamolarning ishorati sabboba qilmaslik kerak, degan fatvolariga asosan oltita sababni ko’rsatish mumkin:
1) Eng avvalo, har holda, Payg’ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning: “Qodir bo’lguncha a’zolaring qiblaga yuzlansin!” degan amrlari sabab bo’lgan. Bu hadisi sharif “Hidoya”da keltirilgan. “Hidoya”da oyoq uchlari sajdada qiblaga yuzlamog’i kerakligi borasidagi masalaga dalil sifatida ushbu muborak so’zlar Payg’ambar alayhissalom hadislari sifatida keltiriladi: “Qachon mo’’min banda sajda qilsa, har bir a’zosi bilan sajda qilur. Bas, qodir bo’lguncha uning a’zolari qiblaga yuzlansin!”(30). Zotan, ishorai sabboba qilinganda, barmoqlar bukilib, qibladan boshqa tarafga yuzlanib qoladi. Mazhabimizning ulug’ imomlaridan biri, yurtdoshimiz Abu Bakr al-Kosoniy o’zining mashhuri jahon bo’lgan “Badoyi’ us-sanoyi’” asarida ham ishorai sabboba qilinmasligiga qo’l (barmoqlar) sunnat holati (ya’ni, qiblaga yuzlanib turish)ni tark qilishini sabab qilib ko’rsatadi(31).
2) Ishorati sabbobaning qilinmasligiga sabab qilib yana namoz sukunat va viqorga bino qilinganligi, namozda ushbu harakatni qilmagan avloligi ko’rsatilgan. Zotan, barmoqlarni har tarafga harakat qildiraverish, ishorai sabbobani sunnatga muvofiq qilaman deb ovora bo’lib qolish huzuri qalbni ketkazadi va o’zining ham, boshqalarning ham xayolini chalg’itadi.
3) Ishorati sabboba qilish kerakligi haqidagi hadisi shariflar mansux bo’lgan:
a) Buxorolik mudarrislardan biri Mullo Xolmurod Mudarris o’zining “Urvat ul-vusqo” asarida yozishicha, Imom Karxiyning “Men butun nosix va mansux hadislarni ko’rib chiqdim, ishorati sabboba haqidagi hadislarni mansux (hukmi bekor qilingan) hadislar qatoridan topdim!”, degan so’zlarini dalil qilib, mansuxga amal qilish harom ekanligini bildirgan. Asarda ushbu mas’ala “Ishorai sabbobaning mansux bo’lganligiga ta’alluqli mas’alalar” sarlavhasi ostida berilgan. Asarda keyinroq “Maktuboti sharif”, “Tuhfat ul-axyor” va “Siroj ul-hidoyat”dagi ishorai sabboba qilmaslik haqidagi taqrirotlar ham keltirilgan(32). Ularda bunday deyilgan: Imom Karxiyning so’zlariga qaraganda, ishorati sabboba to’g’risidagi hadisi shariflar ibtidoi islomda ro’y bergan, xususan, Imom Shofi’iy dalil sifatida keltirgan hadislari mansux bo’lgan.
۩ Eng ajablanarlisi shundaki, Sobitxon to’ra Namangoniy ishorai sabboba qilish haqidagi risolasida mashhur alloma Sayyid Sharif Jurjoniy “Fiqhi Kaydoniy”ga sharh yozganini va unda ishorai sabboba qilish haqidagi dalilni Imom Xoharzoda bilan Imom Karxiy aytganlarini keltirganini iqtibos oladi(33).
b) Ishorati sabbobaning mansux bo’lganligiga yana bir dalil shu ekanki, xulafoi roshidiyn raziyallohu anhumdan ishorai sabboba to’g’risida, ularning qilganligi haqida hech narsa sobit bo’lmagan. Demak, ul zotlar ishorai sabbobaning mansux qilinganligini bilar ekanlar.
v) Eng qizig’i, ishorai sabbobani mansux bo’lgan deganlarning “Urvat ul-vusqo”dagi ko’rsatmalariga qaraganda, Payg’ambar alayhissalomdan mana bu hadisi sharif vorid bo’lgan: “Man ashora bi-s-sabbobati ‘inda-t-talaffuzi bi-sh-shahodatayn, fa-huva min al-xoti’iyn”, ya’ni: “Kimki ikki shahodat kalimasini talaffuz qilayotganda ishorai sabboba qilsa, bas, u xatokorlardandir”.
Hadisi sharif deb keltirilgan mazkur hukmni biz e’tiborli va mashhur hadis kitoblaridan topa olmadik.
g) Ishorai sabboba qilish mansuxligi to’g’risida boshqa bir manba ham topildi. Unga ko’ra, Abu Sho’’ba (?) degan muhaddis zot Ikrima raziyallohu anhudan rivoyat qilgan: “Biz islomning boshlanishida ishorai sabboba qilar edik. Keyinchalik Payg’ambar alayhissalom ishora qilayotganimizni ko’rib qoldilar-da: “Alloh taolo islomni Umar raziyallohu anhuning iymoni bilan oliy qildi. Bundan keyin bu amalni qilmay qo’ya qolinglar” degandilar. Chunki, bizning ishoralarimiz zuhuri islom vaqtida uning oliyligini ta’kidlash uchun bo’lardi”(34).
۩ Bu manbada keltirilgan Abu Sho’’baning kimligini, afsuski, bila olmadik. Avvaliga Ibn Abu Shayba nomining xattot tomonidan noto’g’ri yozilganimikin, deb ham o’yladik. Muhaddis Ibn Abu Shayba o’zining mashhur “Musannaf” asarida “Namozda barmoq bilan duo qilish” bobida 8426-8446 raqamlarida ishorai sabboba qilish haqidagi hadislarni keltirgan. Hatto (8436-hadisda) Imomi A’zam Abu Hanifaning ustozlaridan Ibrohim an-Naxa’iy ishorai sabbobani tavhid, deb ataganlari keltiriladi.
4) Taniqli muhaddis Abd ul-haqq Dehlaviy o’zining “Mishkot ul-masobih”ga yozgan sharhi “Ash’at ul-lama’ot” asarida ko’rsatganidek, ishorati sabboba to’g’risidagi hadislar turli-tuman, bir-biriga ixtilofli bo’lganligidan, eng asosiysi, Payg’ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning ham ba’zida ishora qilmaganligi haqidagi sahih rivoyatning borligi sababli, yaxshisi, ixtiloflardan o’zni chetga olish uchun ishorati sabbobani tark qilgan yaxshiroq, ham degan ulamolar bo’lgan(35).
۩ Demak, ishorai sabbobani ba’zida Rasuli akram sollallohu alayhi vasallam ham qilmagan ekanlar. Buni “Hidoyai sharif”da Voil raziyallohu anhuning hadisida rivoyat qilingan, deyilgan(36). Demakki, ishora qilmaslik ham sunnat bilan sobit bo’lgan.
5) Namoz qa’dasida ishoraning qilinmasligiga qiyosiy dalillardan biri bizning yurtlarda ko’proq ma’mul bo’lgan, mahalliy ahamiyatga ega bo’lgan “Solati Mas’udiy” hamda “Targ’ib us-solat” kabi forsiy asarlarda keltiriladi. Ya’ni, ishorati sabbobani qilish mutaqaddimiyn ulamolar davrida sunnat edi, keyinchalik ishorati sabbobaga rofiziy (shia)lar g’uluv qilib, juda haddan oshiq berilganlari, chegaradan chiqib ketganlari uchun mutaaxxiriyn ulamolar ularga o’xshab qolmaslik hamda, eng asosiysi, ular kabi ta’naga qolmaslik uchun ishoraning tarkini avlo deyishgan:
“Ishora qilish mutaqaddimiyn ulamolar sunnatidir. Uni mutaaxxiriynlar nahiy qildilar va (bu) mansux bo’ldi. Sababi, bu qavlni rofiziylar ham oldilar. Avval boshdan o’ng qo’l barmog’ini ko’tarish sunnat edi. Uni Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ham qilgan edilar. Keyinchalik Rofiziylar unga g’uluv qila boshladilar. Sunniylar ularga teskari amal qilish uchun chap qo’l barmog’ini ko’tardilar. Keyin (bu o’ng’aysiz bo’lgani uchun) uni ham tark qildilar, toki tuhmatdan saqlanish uchun. Masalan, shofi’iylar qabrlarning ustini to’rtburchak qilar edilar, rofiziylar ham shunday qilishga berilib ketganlari bois shofi’iylar bizning yurtlardagidek qila boshladilar. Shunga o’xshash, taomlanishda dasturxon to’shab o’tirish Payg’ambar alayhissalomdan qolgan sunnat edi. Rofiziylar (shuni nihoyatda qattiq targ’ib qilib), unga g’uluv qilganlari uchun sunniylar kursi va xontaxtalarda o’tirishga o’tdilar. Tashahhudda barmoq bilan ishora qilish ham shunga o’xshaydi”(37).
Ushbu fikr “Solati Mas’udiy”dan olinib, “Targ’ib us-solat”da ham qaytariladi.
۩ Mana shu oxirgi dalil ko’proq xalq orasida mashhur bo’lganidan bizning yurtlarda yaqin-yaqingacha, balki hozir ham ishorati sabboba qiluvchilarni Hanafiy mazhabidan tashqari chiqqan odam sifatida ko’riladi va, ayniqsa, vahhobiylar qiladi, degan tushuncha ham yo’q emas. Shu boisdan ham yaqin davrimizda ishorati sabbobani qilganlarni vahhobiy yoki boshqa firqa va mazhab vakiliga nisbat beradigan sodda namozxonlarni tushunish ham mumkin.
6) Hanafiy mazhabining usuliy qoidalariga ko’ra ham ishorati sabboba qilinmasligiga dalil bor. Gap shundaki, Payg’ambarimiz sollalllohu alayhi vasallamning mana bu hadislarini: “Qachonki suv ikki qulla miqdoriga etsa, hadasni o’ziga ko’tarmaydi, ya’ni najas bo’lmaydi”ni olib, Imom Shofi’iy hazratlari suv ikki qulla, ya’ni Iroq ratliga ko’ra 500 yoki 600 ratlga etsa (bir ratlni 450 gr. deb olsak, shunda 500 ratl 225000 gr. bo’lar ekan), suvga najas tushgani bilan uning tarkibi va rangi o’zgarmasa suv najas bo’lib qolmaydi, deydilar. Mazkur hadisi sharif to’rtta sunan (Abu Dovud, Termiziy, Nasoiy va Ibn Mojjalar)da Ibn Umar raziyallohu anhudan rivoyat qilingan. Ibn Xuzayma va Hokimlar ham o’z sahihlarida rivoyat qilganlar.
Ammo, bu hadisni Imom A’zam tark qilganlar. Sababi, “qulla” so’zi mushtarak ismdir. Ya’ni, u ko’za, xumcha ma’nosida; suv saqlanadigan mesh ma’nosida va tog’ning cho’qqisi ma’nolarida keladi. Binobarin, bunday mushtarak so’zlardan hukm olish qiyinlashadi. Chunki, qaysi ma’nodagisini e’tiborga olish kerakligi aniq emas. Shuning uchun ushbu hadisi sharifni tark qilinadi-da, aniq lafzlar bilan kelgan hadisi shariflar olinadi. Ishorai sabboba haqidagi hadisi shariflar ham bir-biriga muxtalif, har-xil holatlarda kelgan. Ularni bir-biriga muvofiqlashtirish ham qiyin. Shuning uchun uni tark qilgan afzaldir.
Ishorati sabboba qilmaslik kerak, deb fatvo bergan muftiylar:
۩ Xullasi kalom, bir paytlar bizning yurtlardan – qadim Movarounnahrdan etishib chiqqan muftiy zotlardan roppa-rosa o’n uch (13) nafari ishorati sabboba qilmaslik haqidagi fatvoga muhr bosadilar! Bu fatvo, muhrlari bilan birga “Urvat ul-vusqo” nomli kitobda ko’rsatilgan(38).
Xonliklar davrida muftiy bo’lgan ushbu zotlar XIX asr oxiri XX asr boshlarida yashab o’tishgan. Ularning nomlarini bu erda keltirishni joiz deb bildik. 1)Xodim ul-fuqaro, Qoziy ul-quzzot mulla mir Badruddin ibn Qoziy ul-quzzot mulla mir Sadruddin. 2)Mulla Abdulhamid xo’ja sadri rais ibn mulla Abdulaziz xo’ja o’roq. 3)Mulla Abulfazl sadri a’lami Buxoro ibn mulla mir Abdulvahhob. 4)Oxund mulla Sirojuddin sadr ibn qozi mulla mir Ziyouddin. 5)Mulla Muhammad Burhoniddin muftiy sudur ibn mulla Muhammad Olim. 6)Mulla Sirojuddin mudarris muftiy ibn mulla Muhammadshoh. 7)Mulla Abdulmo’’min mudarris muftiy ibn mulla Abdulkarim. 8)Mulla mir Ahmad mudarris muftiy ibn oxund mulla Abdulhakim sadr. 9)Mulla Boymuhammad muftiy mudarris ibn mulla Muhammad Nazar. 10)Qori mulla Yo’ldosh mudarris muftiy ibn mulla Muhammad Azim. 11)Mulla mir Homid mudarris muftiy ibn mulla Bolta. 12)Mulla Muhammad Siddiq xo’ja mudarris muftiy ibn mulla Abulhasan xo’ja mudarris. 13)Hoji mulla Inoyatulloh mudarris muftiy ibn qozi Mirzo Karomatulloh.
Ishorati sabboba qilinishiga qilingan tarjeh:
Ammo, shuni ta’kidlash lozimki, Imomi A’zam Abu Hanifa rahimahullohdan: “Izo sahha-l-hadisu fa-huva mazhabiy”, ya’ni, “Qachon hadis sahih bo’lsa, ana o’sha mening mazhabimdir!” degan gap borligi barchaga ma’lum va mashhur. Binobarin, agar mazhabimizning asl-usul kitoblarida ishorai sabboba kelmagan taqdirda ham, Imomi A’zamning mazkur gaplariga ko’nib, ishorai sabboba qilish borasida sahih hadisi shariflar ko’plab topilgani bois, unga amal qilgan avloligicha qolaveradi.
Ishorati sabboba qilinmasligiga qilingan tarjeh:
۩ Agar “Ishorai sabboba qilish haqida Hanafiy mazhabining mo’’tabar kitoblarida ham aytilgan va shunga fatvo berilgan-ku, unga amal qilsak bo’lmaydimi?”, deyilsa, bunday javob beriladi:
Agar mazhab rivoyatlarida joizlik yoki nojoizlik, halol va harom taoruz qilib (bir-biriga zid bo’lib) qolsa, nojoizlik tarafga, haromlik jonibiga tarjih qilinadi, ya’ni, nojoizlikka fatvo beriladi va shunga amal qilinadi.
Bu mazhab kitoblarida alohida zikr etilgan. Jumladan, “Hidoya”ning shorihlaridan Ibn Humom “Fath ul-qadiyr” asarida “raf’i yadayn” bahsida shunday deb ta’kidlagan(39).
Imom Rabboniy ishorai sabboba haqida so’z yuritilgan o’z maktubida Ibn Humomning ruku’da qo’l ko’tarish va qo’l ko’tarmaslik haqidagi hadislar bir-biriga mutaoriz va zid, shuning uchun adami raf’, ya’ni qo’l ko’tarmaslik haqidagi hadislar olinadi, deb turib, nima uchun ishorati sabboba borasida ishora qilinishi haqidagi hadislarni olganligiga ajablanadi va hayratga tushadi(40).
Bizning fikrimizcha, aslida, ishorai sabboba qilishga targ’ib qilingan hadisi shariflar bor, undan qaytarilgan sahih va ravshan hadisi shariflar uchramaydi. Binobarin, Ibn Humom ularni bir-biriga muoriz bo’la olmaydi, deb bilgan va ishora qilish kerakligiga tarjih qilgan bo’lsa kerak.
۩ Shuningdek, ishorai sabboba qilishni, asosan, sharhlar ko’proq ta’kidlagan. Fiqhiy matn kitoblarning hammasida esa barmoq holatlarini mabsut, mabsuta, ya’ni bukilmasdan yoyilgan holatda bo’ladi, deyilgan.
Bu erda fiqhiy matn kitoblari deganda, jami matn kitoblari emas, balki hoziq imomlar, ilmu zuhdda, fiqhu rivoyatda taniqli ulug’ faqihlarimiz ta’lif qilgan muxtasar matn kitoblari nazarda tutiladi. Abu Ja’far at-Tahoviy, Abulhasan al-Karxiy, Hokim ash-shahid va al-Quduriy singari zotlarning asarlari e’tiborlidir. Keyingi davr ulamolari esa 5 ta matn kitobini mo’’tabar sanaganlar. Ular Burhon ush-shari’a Mahmud ibn Ahmad al-Mahbubiy (vaf. 747h.)ning «Viqoya»si, Abul Barakot Hofizuddin Abdulloh ibn Ahmad an-Nasafiy (vaf. 710h.)ning «Kanz ud-daqoyiq»i, Abul Fazl Majduddin Abdulloh ibn Mahmud al-Mavsiliy (vaf. 683h.)ning «Muxtor»i, Muzaffar ud-din Ahmad ibn Ali Bag’dodiy (vaf. 694h.) ning «Majma’ ul-bahrayn»i va Ahmad ibn Muhammad al-Quduriy (vaf. 428h.)ning «Muxtasar» asaridir. Qadr, e’tibor va mashhurlik jihatidan «Viqoya», «Kanz ud-daqoyiq» va «Muxtasar ul-Quduriy» 3 ta matn kitobi sifatida e’tirof etiladi.
Demak, fiqhiy istiloh qoidamiz borki, sharh va matn kitoblari bir-biriga qarshi bo’lib qolsalar, matndagi qavlga amal qilinadi(41).
۩ Shuning uchun necha asrlardan beri Movarounnahr, ya’ni bizning yurtlarda yashagan ulamolarning aksari ishorati sabboba qilmaslikni avlo, deb topishgan. Ularga ergashgan, ularni hurmat qilgan namozxonlar esa, mas’uliyatni ularga havola qilishib, ishorati sabboba qilmay qo’ya qolishgan.
Xulosa:
Umuman olganda, ustozidan ishorati sabbobani qilishni o’rganganlar yoki uni sunnat deb e’tiqod qiladigan ahli ilmlar uni qilishlari, yurtimiz ulamolariga ergashib, qilmaydiganlar esa ishorati sabboba qilmay yurishlari mumkin va joiz, albatta. Ammo fitnaga sabab bo’lmaslik, bu borada, ya’ni, ishorati sabboba qilish yoki qilmaslik to’g’risida ham hadislar kelganligini e’tiborga olib, bir-birovni ayblamaslik, janjal va munozaralarga yaqin yo’lamaslik lozim va lobuddir!
Vallohu a’lamu bi-s-savob!
HAMIDULLOH Beruniy
——————
(1) Bu haqida to’la ma’lumot olish uchun qarang: Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. “Zikr ahlidan so’rang”. 26-son. –Toshkent, Islom universiteti nashriyoti, 2007. 27-28 betlar.
(2) Arablarda kaft va barmoqlar yordamida sonlarni bildirish odati bo’lgan. Yigirma uch, ellik uch va to’qson kabi son ko’rsatgichlari ishorai sabboba amaliyotida qo’llanilgan.
(3) Valiyuddin Tabriziy. “Mishkot ul-masobih”. –Qozon, 1898. 148-bet.
(4) Shuni ta’kidlab ketish lozimki, bizning mazhabimizda ham shu fikrga qo’shilganlar bo’lgan. –Qarang: Jaloliddin Gurlaniy. “Kifoya”, 1-jildi. –Qozon, 1905. 69-bet.
(5) Imom Muhammadning ushbu asari ba’zi manbalarda “Kitob al-Mashixat” ham deb atalgan.
(6) Ushbu rivoyat kitobning “Namozda toshchalarni o’ynash va uni (sajdagohni) to’g’rilashda makruh bo’lgan narsalar” bobida keltirilgan. –Qarang: Imom Muhammad ash-Shayboniy. “al-Muvatto”. –Qozon: I.N.Xaritonov matbaasi, 1909. 72-bet.
(7) Kamoliddin ibn al-Humom. “Fath ul-qadiyr”. 1-jildi. –Bayrut: Dori sodr, (yili ko’rsatilmagan). 221-bet.
(8) Ibn Obidiyn. “Radd ul-muhtor”. 2-jildi. –Bayrut-Lubnon: Dor al-kutub al-ilmiyya, 2003. 218-bet.
(9) Sobitxon to’ra ibn Fayzi xo’ja Namangoniy. Bashorat un-najot fiy ishorat as-solat. –Qozon, 1915. 25-bet.
(10) Valiyuddin Tabriziy. “Mishkot ul-masobih”. –Qozon, 1898. 149-bet.
(11) Sobitxon to’ra ibn Fayzi xo’ja Namangoniy. Bashorat un-najot fiy ishorat as-solat. –Qozon, 1915. 17-18 betlar.
(12) Ibn Obidiyn. “Radd ul-muhtor”. 2-jildi. –Bayrut-Lubnon: Dor al-kutub al-ilmiyya, 2003. 217-218 betlar.
(13) Jaloliddin Gurlaniy. “Kifoya sharh al-Hidoya”. 1-jildi. –Qozon: I.N.Xaritonov matbaasi, 1905. 69-bet. Yana qarang: Ibn Obidiyn. Raf’ ut-taraddud fiy ‘aqd al-asobi’ inda-t-tashahhud // Rasoyili Ibn Obidiyn. 1-jild. 5-risola. –Istanbul, 1320. 122-124-betlar.
(14) Ibn Obidiyn. Raf’ ut-taraddud fiy ‘aqd al-asobi’ inda-t-tashahhud // Rasoyili Ibn Obidiyn. 1-jild. 5-risola. –Istanbul, 1320. 134-bet.
(15) Mavlaviy G’ulom Rasul. Musabbat al-ishorat ‘inda-sh-shahodat. Hindiston, 1280.
(16) Qarang: O’zR FA ShI qo’lyozmalar fondi, № 2125. 107-109 betlar.
(17) Kamoliddin ibn al-Humom. “Fath ul-qadiyr”. 1-jildi. –Bayrut: Dori sodr, (yili ko’rsatilmagan). 221-bet.
(18) Biz uning fikrini xorazmlik yana bir faqih “al-Kifoya sharh al-Hidoya”ning sohibi Jaloliddin Gurlaniy asaridan oldik. –Qarang: Jaloliddin al-Gurlaniy. “al-Hidoya ma’a al-Kifoya”. –Qozon: I.N.Xaritonov matbaasi, 1905. 1-jildi. 69-bet. Shuni ta’kidlash lozimki, O’zR FA ShI qo’lyozmalar fondidagi Najmiddin az-Zohidiyning “Quniyya” nomli asari qo’lyozmasidan uning mazkur fikrini topa olmadik. Siz ham qarang: O’zR FA ShI qo’lyozmalar fondi, №№8347; 3725. Ammo, Najmiddin az-Zohidiyning bundan boshqa ham fiqhga doir asarlari borligini unutmaslik lozim.
(19) Muhammad al-Haskafiy. “Durr ul-muxtor”. 2-jildi. –Bayrut-Lubnon: Dor al-kutub al-ilmiyya, 2003. 216-bet.
(20) Shams ul-aimma as-Saraxsiy. “Mabsut”. –Bayrut-Lubnon: Maktabat ul-mishkot al-islomiyya, (yili ko’rsatilmagan). 1-jildi. 166-bet.
(21) Burhoniddin ibn Mozza al-Buxoriy. “Muhiti Burhoniy”. O’zR FA ShI qo’lyozmalar fondi, №3161. 106a-varaq.
(22) Abulhasan Ali ibn al-Husayn as-So’g’diy. “an-Nutaf fil-fatovo”. –Bayrut-Lubnon: Dor al-kutub al-ilmiyya, 1996. 46-bet.
(23) Ali ibn Abu Bakr Imom Burhoniddin al-Marg’iloniy. “at-Tajnis val-mazid”. O’zR FA ShI qo’lyozmasi, №4829. 52b-varaq.
(24) Sirojiddin al-O’shiy. “Fatovoyi Sirojiyya”. –Laknau: Navol kishvar matbaasi, 1294. 58-bet.
(25) Tohir ibn Ahmad ibn Abdurrashid al-Buxoriy. “Xulosat ul-fatovo”. –Laknau: Munshiy Navol kishvar matbaasi, 1911. 55-bet.
(26) Lutfulloh Kaydoniy. “Fiqhi Kaydoniy”. –Toshkent: Ilin matbaasi, 1908. 15-bet. Yana qarang: Lutfulloh Kaydoniy. “Fiqhi Kaydoniy” (Matn, tarjima) / Nashrga tayyorlovchilar: N.Nasrullaev, Z.Islomov. – T.: “Toshkent islom universiteti” nashriyot-matbaa birlashmasi, 2010. – B. 64.
(27) Qarang: “Maktuboti Imom Rabboniy”, 1-jildi, 312-maktub. –Dehli: Murtazaviy, 1260. 448-451 betlar.
(28) “Maktuboti Imom Rabboniy”, 1-jildi, 312-maktub. –Dehli: Murtazaviy, 1260. 450-bet.
(29) Qarang: Jaloliddin Gurlaniy. “Kifoya sharh al-Hidoya”. 1-jildi. –Qozon: I.N.Xaritonov matbaasi, 1905. 69-bet; Abdulhayy al-Laknaviy. “at-Ta’liq al-mumajjad”. –Qozon, 1909. 73-bet.
(30) Qarang: Burhoniddin al-Marg’iloniy. “Hidoya”. 1-jildi. –Laknau: Yusufiy, 1314. 101-bet. Mazkur hadisi sharifni “Hidoya”ning hadislarini taxrij qilib chiqqan Imom az-Zayla’iy g’arib degan. –Qarang: Jamoliddin az-Zayla’iy. Nasb ur-ra’ya li-ahodis al-Hidoya. 1-juz’. Maktabat ar-riyaz al-hadisa. (yili ko’rsatilmagan). 387-388 betlar.
(31) Alouddin Abu Bakr ibn Mas’ud al-Kosoniy al-Hanafiy. “Badoyi’ us-sanoyi’”. 1-jildi. –Bayrut-Lubnon: Dor ul-kutub al-ilmiyya (yili ko’rsatilmagan). 214-bet.
(32) Mullo Xolmurod Mudarris. “Urvat ul-vusqo”. –Toshkent: “G’ulomiy” matbaasi, 1913. 51-bet. Yana shunga qarang: 62-83 va 88 betlar.
(33) Qarang: Sobitxon to’ra ibn Fayzi xo’ja Namangoniy. Bashorat un-najot fiy ishorat as-solat. –Qozon, 1915. 64-65 betlar.
(34) Shamsiddin Ko’histoniyning “Sharhi Fiqh al-Kaydoniy” asari hoshiyasida bitilgan. Unda ushbu rivoyatni “Durar” hoshiyasida Muhammad al-Vofiy keltirgan, deyilgan. Qarang: O’zR FA ShI qo’lyozmasi, inv.№ 10973.
(35) Muhaddis Abdulhaqq ad-Dehlaviy. Ash’at ul-lamaot. 1-jildi. –Peshovar, 1311. 429-bet.
(36) Burhoniddin al-Marg’iloniy. “Hidoya”. 1-jildi. –Laknau: Yusufiy, 1314. 102-bet.
(37) Mas’ud ibn Mahmud ibn Yusuf as-Samarqandiy. Solati Mas’udiy. –Toshkent, 1901. 57-58 betlar. Yana qarang: Muhammad ibn Ahmad az-Zohid al-Bayhaqiy. Targ’ib as-solat. Qo’lyozma. O’zR FA Sharqshunoslik instituti qo’lyozmalar fondi, № 3253. 22b-varaq.
(38) Mullo Xolmurod Mudarris. “Urvat ul-vusqo”. –Toshkent: “G’ulomiy” matbaasi, 1913. 82-83 betlar.
(39) Kamoliddin ibn Humom. Fath ul-qadiyr. 1-jild. –Misr: Amiriyya, 1310. 219-220 betlar. –Qarang:
(40) “Maktuboti Imom Rabboniy”, 1-jildi, 312-maktub. –Dehli: Murtazaviy, 1260. 451-bet.
(41) Ibn Obidiyn. Sharh al-Manzuma bi-’uqudi rasm al-muftiy // Rasoyili Ibn Obidiyn. 1-jild. 2-risola. –Istanbul, 1320. 34-38 betlar.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan