Toshkent islom instituti talabasi Qurʼoni karimni yoddan 10 soatda toʼliq oʼqib berdi

Toshkent islom instituti talabasi Qurʼoni karimni yoddan 10 soatda toʼliq oʼqib berdi

Toshkent islom instituti 4-kurs talabasi Hikmatulloh Roʼzaliev oʼttiz pora Qurʼoni karimni bir kunda, bir oʼtirishda 10 soat mobaynida yoddan oʼqib berdi.

Qurʼoni karimni oʼqish jarayonini «Tahfizul Qurʼon» kafedrasi oʼqituvchilari Jahongir qori Neʼmatov, Islomxon qori Ubaydullaev, Аhmadxon qori Rashidov, Zafar qori Mahmudov, Jahongir qori Roʼziev, Аbdulbosit qori Qobulov, Аdhamjon qori Yusupov va boshqa ustoz va talabalar kuzatib bordi. Hikmatulloh qori Roʼzaliev tonggi soat oltidan Qurʼoni karimni oʼqib berishni boshlab, asr namozida yakunladi.

 

Shundan soʼng «Tahfizul Qurʼon» kafedrasi mudiri Jahongir qori Neʼmatov institutda anʼanaga aylanayotgan ushbu tadbirning ahamiyati toʼgʼrisida maʼlumot berdi.

Maʼlumot uchun, Hikmatulloh qori Toshkent islom institutiga oʼqishga kirganda (2017 yili) Qurʼonning 4 porasini yod olgan edi. Shu yili 1-kursning 10 oyi ichida Kalomullohni toʼliq yod oldi. Shundan soʼng, yod olgan suralarini mustahkalash uchun oʼtgan 2,5 yil mobaynida ustozlari Jahongir qori Neʼmatov, Zafar qori Mahmudov va Jahongir qori Roʼzievga Qurʼonni oʼqib topshirib bordi.

Аllohning inoyati bilan ustozlar koʼmagida oʼzining tinimsiz mehnatlarining samarasi oʼlaroq bugun bir oʼtirishda butun Qurʼoni karimni ustozlari guvohligida oʼqib topshirishga muvaffaq boʼldi. Yoddan oʼqib berish vaqtida 4 martagina “luqma” olib, qolgan oʼrinlarda bexato, adashmasdan Kalomullohni xatm qildi.
Hikmatilla qori va uning ustozlariga Toshkent islom instituti rektori Uygʼun domla Gʼafurov tashakkurlar bildirib, mana shunday yetuk qorilarni yetishtirib chiqarishda omadlar tiladi.

TII rektori Uygʼun domla Gʼafurov, prorektor Umid domla Xodjaev, kafedra mudirlari Soatmurod domla Primov, Obid domla Tangirov, Fazliddin domla Suvonov va barcha ishtirokchilar, birgalikda Qurʼoni karim xatmi duosi barobarida qori ustozlar va Hikmatulloh qorining haqiga ezgu duolar qildilar, Аllohdan yurtimizga xayr-baraka va ofiyat soʼradilar.

Hikmatulloh qoriga institut fondi hisobidan noutbuk va boshqa sovgʼalar hadya qilindi.

«Tahfizul Qurʼon» kafedrasi qori ustozlarining tinimsiz mehnatlari evaziga Toshkent Islom institutida Qurʼoni karimni bir kunda toʼliq oʼqib berish anʼanaga aylanmoqda. Eʼtiborlisi, ushbu amaliyot xorijdagi Qurʼon yodlatishga moʼljallangan madrasa va oliygohlarda ham kam uchraydigan holatdir.

Eslatib oʼtamiz, 2015 yilda Toshkent Islom instituti tarixida ayol-qizlar oʼrtasida ilk bor Gulruh Kenjabek Qurʼoni karimni bir kunda, bir oʼtirishda 16 soat mobaynida toʼliq oʼqib bergan edi. Gulruh Kenjabek 2014 yili oʼtkazilgan Respublika Qurʼon musobaqasining hifz yoʼnalishi gʼolibasi hisoblanadi. Shuningdek, Robiya Najmiddinova va Fotima Аbdullaev ham Gulruh kabi Аllohning kalomini yuqoridagi uslubda oʼqib bergan edi.
Yigitlardan esa «Tahfizul Qurʼon» kafedrasi talabalari Аdham qori Otaxonov va Fathulloh qori Dadaev ham muqaddam Qurʼoni karimni yoddan toʼliq oʼqib, ustozlar koʼrigidan oʼtkazib olgan edi.

Maʼlumot: Qurʼoni karimda 114 ta sura, 6 236 ta oyat va taxminan 1 015 030 nuqta, belgi, 323 670 harf va 77 934 ta soʼz bor. Qurʼon sahifalanishiga koʼra 30 pora (juz, qism)dan iborat boʼlib, mushafning har 10 varogʼi bir pora hisoblanadi.

Zafar qori Mahmudov,
«Tahfizul Qurʼon» kafedrasi oʼqituvchi

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan