​Odob-axloq - baxt va saodatga kaliti
Muallif: Админ
Sana: 02.04.2018
12043

Inson odobining eng muhim ko‘rinishlaridan biri bu ilmni hurmat qilishdir, ilmni hurmat qilgan kishi esa, albatta ustozini hurmat qiladi. Zero, ilmni va ilm ahlini hurmat qilish odobli kishilarning fazilatlaridandir. Shu bilan birga bir-biriga nisbatan yaxshi muomalada bo‘lmoq, har qanday holatda ham o‘zini tuta bilmoq, o‘zgalarni ham o‘zidek hurmat qilmoq inson odobining asoslari hisoblanadi.
Rizouddin ibn Faxruddin “Ahli ayol” kitobida yozadi: “Odam bolasining bahosi, qadru hurmati axloqiga qarab bilinur. Go‘zal axloqli kimsalar eng mo‘’tabar bo‘lib, axloqsizlar esa xalq qoshida qadrsiz bo‘lurlar. Odam bolasining yosh chog‘ida o‘rgangan odobi qabriga qadar birga yo‘ldosh bo‘lib boradur. Shuning uchun go‘zal axloqni yosh vaqtida o‘rgatish kerak. Go‘zal axloq har bir kishi uchun ham zarur, biroq qizlar uchun ko‘proq zarurdir. Ahloqsiz qizlar xalq orasida yaxshi ism chiqara olmaslar, e’tiborlari ham bo‘lmas. Go‘zal xulqlarning onasi hayo ila iffatdir. Bir qizda agar hayo ila iffat bo‘lsa, unda barcha yaxshi xulqlar jam bo‘ladi”.
Abdulloh Ibn Umar raziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: Rasululloh sallallohu alayhi va sallam ansoriy bir kishi oldidan o‘tayotgandilar, u ansoriy birodariga uyalishdan qaytarib nasihat qilib turgan edi. (ya’ni juda qattiq hayoli bo‘lma! O‘zingga qiyin bo‘ladi, deb). Rasululloh sallallohu alayhi va sallam “Buni o‘z holiga qo‘ygin. Chunki hayo iymondandir”, dedilar. (Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari) (“Riyozus solihin”)
Umar ibn Xattob (roziyallohu anhu): "Avval odob, so‘ng ta’lim beringlar", dedilar.
Abu Abdulloh Balxiy: "Nafsning odobi ilmning odobidan ko‘proq, ilmning odobi ilmning o‘zidan kattaroq", deganlar.
Abdulloh ibn Muborak aytadilar: "Agar menga, bir kishida avvalgilaru oxirgilarning ilmi bor, deb sifatlashsa-yu, unda odob bo‘lmasa, u bilan uchrashmaganimga afsuslanmayman, agar bir kishi haqida nafs odobi bor deb eshitsam, unga yo‘liqishni orzu qilaman, uchrashmasam afsuslanaman". (“Bo‘stonul orifin”. Abu Lays Samarqandiy)
Ibn Sino inson hayoti to‘g‘risida shunday degan: "Insonda doim turadurg‘on husn ila latofat hayo ila ibodur. Hayosiz yuz jonsiz jasad kabidur".
Abu Nasr Farobiy esa inson o‘zining yaxshi odobi bilan baxt-saodatga erishishi mumkin, deydi. O‘tgan asrimizning yirik ma’rifatparvarlaridan bo‘lmish Abdulla Avloniy inson barkamolligi uning aqli, jismoniy sog‘lomligida hamda odobi va xushxulqida, deb biladi.
Abdulla Avloniy ahloq - bu xulqlar majmuasidir, ammo yaxshi xulq o‘z-o‘zidan paydo bo‘lmaydi. Ularning shakllanishi uchun ma’lum bir sharoit, tarbiya kerakligini aytadi. Va tarbiyaning bola kamolotida tutgan o‘rni to‘g‘risida shunday deydi: Temirchining bolasi tarbiyat topsa bo‘lar olim, Buzilsa xulqi, Luqmon o‘g‘li bo‘lsa ham, bo‘lg‘usi zolim!
Yuqoridagi fikrlardan kelib chiqib, odob - millatimiz ko‘rki, hayotimizning mag‘zidir degan xulosaga kelish mumkin.
Shunday ekan, Biz yoshlar ajdodlarimiz bizlarga omonat qilib qoldirgan bu yuksak ma’naviy meros – odob-axloqni kelajak avlodga pokiza holda qoldirish uchun mas’ulligimizni unutmasligimiz kerak.

Jasur JUMAYEV,
Xoja Buxoriy nomli o‘rta maxsus islom bilim yurtining 4-kurs talabasi

Админ