​Ilm-mol-dunyodan ko‘ra yaxshiroqdir
Muallif: Админ
Sana: 02.04.2018
1244

Ma’lumki, Islom dini insonlarni ilm olishga targ‘ib qiluvchi dindir. Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallamga nozil qilingan dastlabki oyatlarda ilm olishga undash ma’nosi borligining o‘zi ham Islom ilmu ma’rifat dini ekanligining yorqin dalilidir. Alloh taolo Qur’oni karimda ilmli kishilarning martabalarini yuksak darajalarga ko‘tarishini bayon qilgan.
Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam ham hadislarining birida marhamat qilib: “Olimlar payg‘ambarlarning merosxo‘rlaridir. Payg‘ambarlar dinor yoki dirham meros qoldirmaganlar, balki, ilmni meros qilib qoldirganlar”, — deganlar (Imom Abu Dovud va Termiziy rivoyati). Abdulloh ibn Abbos raziyallohu anhu shunday deganlar: “Alloh taolo Sulaymon alayhissalomga ilm, mol-dunyo va podshohlikdan birini tanlashlikka buyurganda, u zot ilmni tanladilar. Natijada, ilm tufayli mol-dunyo va podshohlikka ham erishdilar”. Hazrati Ali karramllohu vajhahu aytadilar: “Ilm mol-dunyodan ko‘ra yaxshiroqdir. Chunki, ilming seni asraydi, mol-dunyoni esa sen asrashing kerak bo‘ladi. Mol-dunyo sarf qilinsa kamayadi, ilm esa o‘zgalarga o‘rgatish bilan yana ziyoda bo‘laveradi”. Hakimlar: “Ilm o‘rganing, zero u faqirlikda davlat, boylikda ziynatdir”, — deganlar.
Diniy ilmlar ham, dunyoviy ilmlar ham Allohning ilmidir. Hazrati Odam alayhissalom dunyoviy ilm tufayli fazilatga ega bo‘lib, farishtalarning ta’zimiga sazovor bo‘ldilar.
Dunyoviy ilm odamga hurmat va fazilat keltirar ekan, Rasululloh sallallohu alayhi vasallam o‘z hadislarida marhamat qilib:
“Ilm Chin-Mochin (Xitoy)da bo‘lsa ham, uni izlab topib, egallangiz. Zero, ilmni talab qilish har bir musulmonga farzdir”, — deganlar (Ibn Adiy va Bayhaqiy rivoyatlari). Bundan ham diniy, ham dunyoviy ilmlarni talab qilish farzligi ma’lum bo‘ladi.
Yana shuni qayd etib o‘tish lozimki, o‘tgan barcha payg‘ambarlar, shu jumladan Payg‘ambarimiz Muhammad Mustafo sallallohu alayhi vasallam ham o‘z ummatlariga faqat diniy ta’lim berish uchun yuborilmaganlar, balki dunyoviy ishlarga, turmush qurish, tijorat, ziroat, uy-ro‘zg‘or ishlari va badan tarbiyaga oid bilimlarni ham o‘rgatganlar.
Ulug‘ donishmand aytadi: “Kim ilm lazzatini, uning halovatini izlasa va amal qilish mazasiyu rohatini topsa, odamlarning qo‘lidagi narsalarga qiziqmay qo‘yadi. Tama’ni o‘ziga yaqin yo‘latmaydi”.
Ilm olish, ilm o‘rgatish, ilmga xayrixoh bo‘lish, umuman ilm yo‘lida xizmat qilish ulug‘ ishlardan ekani Qur’oni karim oyatlari va hadisi shariflarda ko‘p ta’kidlangan.
Muqaddas dinimizda kibr-havo, manmanlik, baxillik, mol-dunyoga hirs qo‘yish, qanoatsizlik, ne’matlar va boshqa boyliklar qadriga yetmaslik, isrof qilish, noshukrlik kabi mo‘minga yot sifatlar harom qilingan. Bu illatlar insonning obro‘-hurmatini ketkizadi, jamoatchilik orasidagi maqomini tushiradi. Oqibatda esa, asta-sekin uning gunohga moyilligi osha boradi, fe’l-atvori tubanlashadi, muomalasi qo‘pollashadi.
Yaxshi ustoz va ilm insonni ushbu zulmat va zalolat botqog‘iga yetaklovchi sifatlardan muhofaza qilib, yorug‘lik sari, baxt-saodat yo‘li tomon boshlaydi.

Suxrobjon RUSTAMQULOV,
Xoja Buxoriy nomli o‘rta maxsus islom bilim yurtining 4-kurs talabasi

Админ