​“Ilm va adab qubbasi”
Muallif: Админ
Sana: 09.03.2018
1444

Sharafiddin Ali Yazdiy “Zafarnoma” asarida Keshning qadimiy tarixi haqida gapirib, shunday yozadi: “Ba’zi kitobda manqul tururkim, Kesh shahri burun ulamoi Islomning yeri ermish va buzurgvor muhaddislardin uch imom anda vatan qilg‘on tururlar: biri Abu Muhammad (Abdulloh ibn Abdulhamid ibn) Nasr (Ibn Humayd) Al-Kashshiy va yana biri (Abu Muhammad) Abdulloh ibn Abdurahmon ad-Doramiy as-Samarqandiy va Abu Abdulloh Muhammad ibn Ismoil alBuxoriy raziyallohi anhum. Ul mahalda olam ahli mas’ala va masoili diniy uchun atrof olamdin Kesh viloyatig‘a kelur ermishlar…Bu jihatdin Keshni “Qubbatul ilm va adab” laqabi bo‘lub turur”. Chindan ham milodiy VIII - X asrlarda Kesh yirik madaniyat markazlaridan biriga aylangan edi. Bu yerdagi madrasalarda mashhur ulamolar dars berardi.
Shahrisabz o‘z tarixi davomida ko‘plab bosqinlarni, taraqqiyot va tanazzul davrlarini boshdan kechirdi. U miloddan oldingi 328 yilda Makedoniyali Iskandar tomonidan bosib olindi. Yunon solnomachisi Arrian Iskandar bu yerda bir qishni o‘tkazganligi va So‘g‘d hokimi Oksiartning qizi Roksanaga uylanganligini yozib qoldirgan.
Kesh milodiy VI-VII asrlarda Zarafshon va Qashqadaryo vodiysini o‘z ichiga olgan So‘g‘d davlatining markaziy shaharlaridan biri bo‘lgan. Afsuski, milodiy VIII asrgacha bo‘lgan yozma manbalar nihoyatda kam saqlanib qolgan. Yunon, xitoy va arab sayyohlarining solnomalaridagina Kesh haqida ba’zi ma’lumotlar qayd etilgan. Masalan, Xitoydan Hindistonga yo‘lga chiqqan buddaviy kohin Syuan Szyan milodiy 629 yilda Keshda ham bo‘lgan. O‘sha davrda u ancha rivojlangan, kattagina shahar bo‘lgan. Sayyoh o‘z xotiralarida shahar bilan bog‘liq ko‘pgina ma’lumotlarni yozib qoldirgan.
Arablar bosqini davrida Kesh ahli ozodlik uchun mardonavor jang olib borgan. Tarixiy manbalarga ko‘ra, bir necha yil davomida qilingan to‘xtovsiz hamlalar natijasidagina arablar uni egallashga muvaffaq bo‘lganlar. Muqanna boshchiligidagi qo‘zg‘olon markazi ham aynan shu hududda bo‘lganligi bejiz emas.
1220 yilda butun Movarounnahr alanga ichida qoldi. Mo‘g‘ullar bosqini tufayli ko‘plab nodir qo‘lyozmalar, qadimiy obidalar nobud bo‘ldi. Asrlar davomida shakllangan ilm va madaniyat markazlari inqirozga yuz tutdi. Ilm va san’at ahllari qo‘shni Sharq mamlakatlaridan boshpana topdilar. Kesh shahri ham bundan mustasno emas edi.
Sohibqiron Amir Temurning tarix sahnasiga chiqishi butun Turon ahliga najot bag‘ishladi. Ayniqsa, Shahrisabz o‘z taraqqiyotining yuksak darajasiga erishdi. Bu yerda go‘zal me’moriy obidalar barpo etildi, obodonchilik va farovonlikni ta’minlash borasida katta tadbirlar amalga oshirildi. Bu haqda Zahiridiin Muhammad Bobur “Boburnoma” asarida shunday yozadi: “Yana Kesh viloyatidur. Samarqandning janubidadur, to‘qqiz yig‘och yo‘ldur. Samarqand bilan Kesh orasida bir tog‘ tushubtur. Itmak doboni derlar. Sangtaroshlik qilur toshlarni tamom bu tog‘din eltarlar. Bahorlar sahrosi va shahri va bomi va tomi xo‘b sabz bo‘lur uchun Shahrisabz ham derlar. Temurbekning zodu budi Keshdin uchun, shahr va poytaxt qilurig‘a ko‘p sa’y va ehtimomlar qildi. Oliy imoratlar Keshta bino qildi. O‘ziga devon o‘lturur uchun bir ulug‘ peshtoq va yana o‘ng yonida va so‘l yonida tavochi beklari bila devon beklari o‘lturub devon so‘rar uchun ikki kichikrak peshtoq qilibtur. Yana savrun eli o‘lturur uchun bu devonxonaning har zil’ida kichik-kichik toqchalar qilibtur. Muncha oliy toq olamda kam nishon berurlar. Derlarkim, Kisro toqidin bu biyikraktur. Yana Keshda madrasa va maqbara qilibtur. Jahongir Mirzo va yana ba’zi avlodining maqobiri andadur”.
Bu davrda Kesh Movarounnahrdagi yirik shaharlardan biriga aylanadi. “Boburnoma”da qayd etilishicha, u qo‘rg‘onining kattaligi jihatidan mintaqada Samarqanddan keyingi o‘rinda turgan. Shahar qal’a devori va handaq bilan mustahkamlangan. Bu davrda Keshda bo‘lgan Ispaniya elchisi Klavixo o‘z xotiralarida shunday yozadi: “Ushbu shahar tekislikda joylashgan. Uning barcha tomonlaridan ko‘plab irmoqlar va kanallar oqib o‘tadi, shahar ko‘p sonli bog‘lar va uylar bilan o‘ralgan”.
XVI asrda Shayboniylar hokimiyat tepasiga kelgach, temuriylar davrida bunyod etilgan inshootlar qarovsiz qoladi, ularning ba’zilar vayron qilinadi. Amirlar to‘xtovsiz Shahrisabz ustiga yurishlar qilar, oradan sal o‘tmay viloyat yana bo‘ysunmaslik yo‘lini tutar edi. Birgina Amir Nasrullo 20 yil davomida Shahrisabzga 30 martadan ortiq hujum qilgan. Natijada ekin maydonlari payxon qilingan, obidalar, suv inshootlari buzib tashlangan. Eng muhimi, tashqi tijorat yo‘llari to‘silib qolgan.
Ammo bosqinlar, jangu jadallar ham xalqning ilm va ma’rifatga bo‘lgan intilishini to‘xtata olmagan. Bu yerda bir qancha madrasalar ishlab turgan, shoirlar, xattotlar, mo‘yqalam ustalari, hunarmandlar faoliyat olib borgan. XIX asr oxiri va XX asrning birinchi yarmida Mulla Qurbon Xiromiy, Farah Shahrisabziy, Ravnaqiy, Gulshaniy, Faqiriy, Mirzo Umrboqiy Shahrisabziy singari shoirlar, Mirzo Yunus Shahrisabziy, Muhammad Yusuf Shahrisabziy, Imomuddin Shahrisabziy, Ibrohim Devona, Bobobek Ishtibar, Abdumalik Shahrisabziy kabi iste’dodli xattotlar barakali ijod etganlar. Ular mumtoz adabiyot an’analarini muvaffaqiyatli davom ettirganlar. Sho‘rolar tuzumi Shahrisabz ahli boshiga yangi ofatlar yog‘dirdi.
Dahriylikni shior qilib olgan “qizil”lar ilm-ma’rifatli kishilarni qatag‘on qildilar, arab yozuvidagi barcha kitoblar yondirildi. Shoir Mirzo Umrboqiy Shahrisabziy o‘z xotiralarida bu davr haqida shunday yozadi: “Ko‘k gumbaz masjidi qamoqxonaga aylantirildi. Mullolar, o‘qimishli odamlarni keltirib qamay boshladilar. Men yashirincha Kattaqo‘rg‘on shahriga qochib ketdim. Ammo qizil askarlar uyimni tintuv qilib, necha yillab yiqqan nodir qo‘lyozma asarlarni olib ketishibdi. Avval Kattaqo‘rg‘onda, keyinroq Samarqandda yashadim. Uy-joy, mol-mulkim Shahrisabzda qolib ketdi. Ammo eng achinarlisi kitoblarimning yo‘qolgani edi…” Sho‘rolar davrida Shahrisabzda bo‘lganlar yaxshi biladi, o‘sha paytda shahardagi ko‘pgina ziyoratgohlar yarim xaroba ahvolga kelgan, ba’zilarining gumbazlari yiqilib tushgandi. Dor ut-tilovat va Dor ussiyodat majmualari o‘rtasida pastqam uylar, devorlar, qing‘ir-qiyshiq ko‘chalar bor edi. Bugun bu yerda ikki majmuani tutashtiruvchi ravon yo‘lkalar, xiyobonlar barpo etilgan. Umarshayx mirzo maqbarasi, Amir Temurning o‘zi uchun qurdirgan sag‘ana atrofi ochilib, mazkur inshootlarning poydevori o‘rni belgilangan. Ilgari bu maqbara va sag‘ana xarobalari tamomila tuproq ostida qolgan, ustida uylar qurilib ketgandi. Qaysi bir yili tepada o‘ynab yurgan bolalardan birining oyog‘i nogahon chuqurga tushib ketadi. Qadimshunoslar tekshirib, bu Amir Temur sag‘anasining yer ostki qismi ekanligini aniqlaydilar. Uylar ko‘chirilib, atrof tekshirilganda, Umarshayx mirzo maqbarasining qoldiqlari ham topiladi.
Mustamlakachilik davrida olib borilgan siyosatning asl maqsadi xalqni o‘z tarixidan mosuvo qilish, uning milliy g‘ururini sindirish edi. Shu sababli tarix soxtalashtirildi, ozodlik uchun kurashgan xalq qahramonlari, millat yetakchilari nomiga taqiq tamg‘asi urildi, muqaddas ziyoratgohlar xarobaga aylandi. Qabristonlar tekislanib, ustiga binolar qurildi. Shahrisabzdagi voqea yagona emas. Samarqanddagi mashhur Chokardiza qabristoni ham binolar ostida qolgan edi. Imom Moturidiy yubileyi munosabati bilan qabriston o‘rni obodonlashtirilib, ko‘rkam maqbara tiklanganligi ajdodlarimiz xotirasini e’zozlash yo‘lidagi savob ishlarimizdan biri bo‘ldi.
Ha, Shahrisabz tarixi gohida quvonchli, gohida ayanchli voqealarga boy. Necha asrlarni ko‘rgan obidalargina ularga guvoh bo‘lgan. Bugun bu voqealar bizga xuddi afsonadek tuyuladi. Zero, istiqlol shaharning qadim shavkatini qayta tikladi, uning ahliga tinch va osoyishta hayot baxsh etdi. Sohibqiron Amir Temur olti asrdan keyin yana o‘z tug‘ilgan tuprog‘iga qaytdi. Oqsaroy oldida uning muhtasham haykali tiklandi, shahar Amir Temur ordeni bilan taqdirlandi.
Bugungi kunda Shahrisabz o‘z tarixining eng shonli sahifalariga guvoh bo‘lmoqda. Shahardagi mahobatli Oqsaroy, har biri o‘ziga xos Dorut-tilovat, Dor us-siyodat, Gumbazi sayidon singari me’moriy inshootlar qo‘li gul ustalar tomonidan qayta ta’mirlandi va YUNESKO tomonidan Jahon merosi ro‘yxatiga kiritildi. Qadim Keshning bu xalqaro tashkilot bilan hamkorlikda o‘tkazilgan 2700 yillik yubileyi tantanalari shaharni butun jahonga tanitdi. Ayni paytda, u mamlakatimizda tarixning unutilgan sahifalarini tiklash, ajdodlar merosini e’zozlash borasida amalga oshirilayotgan katta miqyosli ishlarning yana bir namoyishi bo‘ldi.

Админ