​O’zbekiston – buyuk allomalar yurti
Muallif: Админ
Sana: 07.03.2018
14147

Alloh subhanahu va taolo birinchi hijriy asrda Movarounnahr diyorini O’zining oxirgi va mukammal dini Islom nuri bilan munavvar qildi. Bu diyor ahlining ko’pchiligi Islomni ochiq qalb bilan qabul qildi. Ularning Islomi go’zal bo’ldi. Zotan Alloh taoloning O’zi bu diyor odamlarini ularga bergan ajoyib tabiat va qobiliyatlarga mos va ularning rivojiga omil bo’luvchi qiyomatgacha boqiy qoluvchi dini Islomga hidoyat qilgan edi. Movarounnahr aholisining Islom diniga kirishi ularning ko’’lab qobiliyatlarining ochilishiga, hayotning ko’plab jabhalarida o’zlarining peshqadamliklarini isbot qilishga olib keldi. Tez orada Islomning turli soha va ilmlari bo’yicha Movarounnahrlik nomoyandalar etishib chiqa boshladilar. Bu harakat tezlik bilan rivoj topdi va turli ilmlarda umumdunyo miqyosidagi buyuk allomalar etishib chiqa boshladi. Shu tariqa Movarounnahrda Islom dini va Islomiy ilmlar rivoji boshlandi. Tez orada Buxoro, Samarqand, Termiz, Nasaf kabi shaharlarning nomi islomiy shaharlar sifatida butun dunyoga tanildi.

Markaziy Osiyo xalqlari, jumladan O’zbekiston hududida yashagan xalqlar jahon taraqqiyotiga munosib hissa qo’shib kelganlar. Xalqimizning o’tmishi buyuk, har qancha faxrlansa arziydigan darajadadir. O’tmishi buyuk bo’lgan xalqning kelajagi ham buyuk bo’ladi. O’zbekiston hududida yetishib chiqqan buyuk allomalar falsafa, jo’g’rofiya, handasa, riyoziyot, falakiyot, adabiyot, tarix va boshqa fanlarni o’zlarining ulug’ kashfiyotlari bilan boyitdilar, jahon mahnaviyati xazinasiga o’lmas asarlar arg’umon etdilar. Boshqa sohalar qatori diniy, xususan islom diniga oid ilmlarni boyitdilar, bu dinning kishilar ongi va qalbiga chuqurroq singishiga, keng quloch yoyishiga bebaho hissa qo’shdilar. Bugungi kunda imom Moturidiy, Majididdin Bog’dodiy, Mahmud al-Zamaxshariy, al-Marg’iloniy, Ahmad al-Farg’oniy, imom Ismoil al-Buxoriy, imom Abu Iso at-Termiziy, al-Hakim at-Termiziy, Qaffol Shoshiy, Xo’ja Ahror, Bahovuddin Naqshband, Ahmad Yassaviy, So’fi Olloyor va boshqalarning nomlarini faxr-iftixor bilan tilga olamiz. Payg’ambarimiz Muhammad (s.a.v)ning “Beshikdan qabrgacha ilm izla” degan hikmatiga amal qilgan, tinimsiz o’qib-izlanishdan, tadqiqotlardan charchamagan va ayni paytda o’nlab bebaho, nodir asarlar yaratgan bu ulug’ bobokalonlarimiz aksariyatining hayotlari va kitoblari haqida batafsil mahlumotlarga ega bo’lmadik. Sho’rolar zamonida ularni o’rganish, diniy mistik olimlar va asarlarini targ’ib qilishga urinish sifatida baholanardi. Garchi bu olimlar ko’pchiligining maqbara va xonaqohlari ajoyib me’moriy obidalar hisoblansada, ular qarovsiz va xarob ahvolda edi.

Allomalarning unutilmas ulkan hissalari bizning faxrimizdir. Ular qoldirgan bebaho ilmiy merosni har tomonlama o’rganib, ona yurtimizga, uning ma’naviy merosiga va rivojlanishiga ulardan foydalanishni tarixiy burchimiz deb bilamiz.

“O’zbekiston – buyuk allomalar yurti” degan iborani ko’p eshitganmiz, o’zimiz ham faxr bilan aytamiz. Zero, ushbu so’zlar zamirida shunday ulkan haqiqat va e’tirof borki, ularga sazovor bo’lish sanoqli o’lkalargagina nasib etgan, xolos. Lekin bu haqiqat uzoq yillar davomida yashirib kelindi, ularning qimmati ataylab pastga urilib talqin etildi. Mana bugun, alhamdulilloh, xalqimiz istiqlol nashidasini surmoqda, barcha moddiy va ma’naviy xazinalarga egalik qilmoqdamiz. Jumladan, Islom dini rivojiga ulkan hissa qo’shgan va qo’shayotgan olimu ulamolarimiz yangidan kashf etilmoqda.

Toxtayev Ilhom,

"Xoja Buxoriy" islom bilim yurti talabasi

Админ