Mo‘minning me'roji
Muallif: Админ
Sana: 06.03.2018
1727

Namoz - “Yaxshilikka duo qilish” degan ma'noni anglatadi. Shar'iy istilohda belgilangan shartlar asosida takbir bilan boshlanib, salom berish bilan tugaydigan ibodatga aytiladi.

Namoz – Rasululloh sallallohu alayhi vasallam Madina shahriga hijrat qilishlaridan bir yarim yil oldin Isro kechasida farz bo‘lgan. Besh vaqt (bomdod, peshin, asr, shom, xufton) namozning farzligi Qur'on, sunnat va ijmo' bilan sobit bo‘lgan.

Alloh Qur'oni Karimning yigirma yetti joyida namozni o‘qishga buyurgan. Usulul fiqh ulamolari bu buyruq ko‘rinishida kelgan fe'l farzga dalolat qiladi deganlar. Shunga ko‘ra shariat balog‘atga etgan har bir mukallaf (aqli raso) erkak va ayol kishiga namozni ado qilishga buyuradi.

O‘ylab ko‘rsak oddiy bir eshikni ochish uchun kalitlarga muhtoj bo‘lamiz, kalitga ega bo‘lsakgina eshikni ocha olamiz bo‘lmasa ocha olmaymiz. Suyukli Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam “namoz jannat eshiklarining kalitidir” deganlar. Demak jannat eshiklarini ochishda biz ado qilgan namozimiz kalit vazifasini o‘tar ekan. Buning uchun albatta namozdagi amallarni bilishimiz lozim bo‘ladi.

Namoz – ibodatlarning eng asosiysi, eng ulug‘i hamda eng ahamiyatlisidir.

Namoz –musulmon kishi Yaratguvchining roziligini topish yo‘lida bandaligini izhor qilish, son-sanoqsiz ne'matlariga shukr keltirishi uchun shariatga kiritilgan bo‘lib, uningdiniy, tarbiyaviy, shaxsiy, ijtimoiy va salomatlikka doir bir qancha foydalari mavjud.

Avvalo, namoz bandaning Alloh bilan bog‘lanishidir. Namozda banda Allohga munojot qiladi, ruhiy,ma'naviy lazzat oladi. Namoz o‘qish bilan banda o‘zining barcha ishlarini Allohga topshiradi, qorong‘u qabrning va qiyomat kunining dahshatli azoblaridan o‘z nafsini omonda saqlaydi.

Shuningdek, namoz kishining pokligini va sog‘ligini ta'minlab ikki dunyo saodatiga erishtiradi. Demak shunday ulug‘ ibodatning amallarini bilib olsak foydadan xoli bo‘lmaydi.

Namozning tashqarisidagi farzlar:

1. Badanning pok bo‘lishi (tahoratli yoki g‘usl qilgan bo‘lishi).

2. Kiyimi va namoz o‘qiladigan joyi pok bo‘lishi.

3. Avratlari yopiq bo‘lishi.

4. Qiblaga yuzlanishi.

5. Namoz vaqti kirishi.

6. Niyat qilish.

Bular namozning shartlari ham deyiladi.

Namozning ichidagi 6 ta farzlar:

1. Takbiri tahrima (namozga kirishda “Allohu akbar” deyish).

2. Qiyom (tik turish).

3. Qiroat (Qur'on Karimdan uch oyatdan kam bo‘lmagan oyat o‘qish).

4. Ruku qilish (qo‘llarini tizzaga tirab egilish).

5. Sajda qilish (peshonani yerga qo‘yib ikki marta sajda qilish).

6. Qa'dai oxir (Namozning oxirgi rakatida “At-tahiyyaatu”ni o‘qish miqdoricha o‘tirish).

Mazkurlar namozning ruknlari ham deyiladi.

Namozning vojiblari

Vojib: Shariat qilishni jazm ila ammo qat'iy bo‘lmagan dalil bilan talab qilgan amaldir.

1. Namozni: “Allohu akbar” lafzi bilan ochish.

2. Fotiha surasini qiroat qilish.

3 . Zam sura o‘qish.

4. Ikki rakaatda sura o‘qish.

5. Fotiha surasini zam suradan oldin o‘qish.

6. Sajdada peshona bilan birga burunni ham erga tekkizish.

7.Tartibga rioya qilish.

8.Farz va vojib amallarni xotirjam bajarish.

9.Qa'dai uloda tashahhud o‘qish.

10. Qa'dai oxirda tashahhud o‘qish.

11. Birinchi tashahhuddan keyin tezda uchinchi rakaatga turish.

12.Salom lafzi bilan chiqish.

13. Jahriy (maxfiy) o‘qiladigan namozlarni jahriy (maxfiy) o‘qish.

14. Imom va yakka namozxonni peshin va asr namozlarida maxfiy qiroat qilish.

15. Vitrda qunut duosini o‘qish.

16. Ikki iyd namozlarining barcha takbirlarini aytish.

17. Muqtadiyning imomga ergashishi va qiroatga quloq solishi.

Namozning sunnatlari

1.Takbiri tahrima uchun erkaklar va joriyalarning qo‘llarini quloqlarining yumshoq joyiga va ozod ayollarning qo‘llarini elkalarigacha ko‘tarishlari.

2.Takbiri tahrima uchun qo‘llarini ko‘tarayotganlarida barmoqlarini o‘z holicha qo‘yish.

3.Imomga iqtido qilgan kishining takbiri tahrimani imomdan so‘ng darhol aytishi.

4.Erkak uchun takbiri tahrimadan so‘ng qo‘llarini yonlariga tushirmay, o‘ng qo‘lini bosh va kichkina barmoqlarini chap bilakka halqa shaklida o‘tkazish va o‘ng qo‘l kaftini chap qo‘l ustiga qo‘yib, kindik ostida tutish.

5.Ayollarning o‘ng qo‘l kaftini chap qo‘l kafti ustiga qo‘yib, ko‘kraklari ustida tutish.

6.Dastlabki rakaatda sano o‘qish.

7.Dastlabki rakatda sanodan so‘ng fotihani boshlashdan avval taavvuz (a'uzu va basmala) aytish.

8.Har bir rakatda Fotihadan avval basmalani aytish.

9.Fotihadan so‘ng yashirin omin demoq.

10.Imomga iqtido qilgan va yolg‘iz namoz o‘qigan kishining “Samiallohu liman hamidah”degach,tahmid – “Robbana lakal hamd”deyishi.

11.Sanoni, taavvuzni, bismillahni, fotihadan so‘nggi ominni va tahmidni xufya aytish.

12.Takbiri tahrima aytayotganda boshni egmay tik turish.

13.Imomning takbirlar va “Samiallohu liman hamidah”ni jahriy aytish..

14.Qiyomda ikki oyoq orasini 4 barmoq kengligida tutish.

15.Muqim kishi uchun bomdod va peshin namozlarida tvoli mufassaldan, (Hujurot surasidan buruj surasigacha), asrva xufton namozida, (buruj surasidan bayyinah surasigacha) shom namozida qasari mufassaldan (bayyinah surasidan naas surasigacha) zam sura o‘qish.

16.Bomdod namozining ikkinchi rakatida birinchi rakatidan ko‘ra qisqaroq zam sura o‘qish

17.Ruku qilayotganda takbir (Allohu akbar) aytish.

18.Rukuda 3 marta subhana robbiyal aziym deyish

19.Rukuda tizzalarini qo‘l panjalari bilan qamrab ushlamoq

20.Erkaklarning rukuda tizzalarini barmoqlar orasini ochiq turgan holda, ayollarniki esa barmoq orasini ochmay ushlashlari.

21.Rukuda erkaklarning tizzalari to‘g‘ri turishlari ayollar biroz egilib turadilar

22.Rukuda orqani tekis qilib tutish.

23.Rukuda belni to‘g‘ri tutgan holda, boshni u bilan bir tekisda tutish

24.Rukudan turish

25.Rukudan tik bo‘lgach azolar halovat topgunigucha biroz turmoq

26.Sajdaga borishda avval tizzalarini, so‘ngra qo‘llarini keyin yuzini erga qo‘yishi.

27.Sajdadan turishda buning aksini qilmoq

28.Sajdaga borishda takbir aytish

29.Sajdadan turishda takbir aytish.

30.Ikki qo‘lini orasiga sajda qilmoq

31.Sajdada 3 marta subhana robbiyal alo deyish

32.Sajdada erkaklarning qornini sonlaridan uzoqroq tutish.

33.Sajdada tirsaklarini yonlaridan uzoqroq tutishlari.

34.Erkaklarning sajdada bilaklarini erdan uzoq tutishlari.

35.Ayollarning sajdada qo‘llarini yonlariga, qorinlarini sonlariga tegizib turishlari.

36.Sajdadan bosh ko‘tarish.

37.Ikki sajda orasida o‘tirmoq

38.Ikki sajda orasidagi o‘tirishda qo‘llarini tashahhuddagidek tizzalar ustiga qo‘ymoq

39.Ikki sajda orasidagi o‘tirishda va tashahhud o‘qishda erkaklarning chap oyoqlarini yoyib o‘ng oyog‘ini barmoqlari uchini qiblaga qaratib tik turgan holda chap oyoq ustiga o‘tirishlari.

40.4 rakatlik farz namozlarining 3- va 4- rakatlarida fotiha surasini o‘qish

41.Qa'dai oxirda Payg‘ambarimiz s.a.v. ga salovat aytish.

42.Salovotdan so‘ng Qur'on va hadis lafzlariga o‘xshash jumlalar bilan duo qilish.

43.Salom berishda boshni avval o‘ng keyin chap tomonga burish.

44.Imomning har ikki tomonga salom berayotganida jamoatni himoya qiluvchi farishtalarni va solih jinlarni niyat qilishi

45.Iqtido qilgan kishining imom o‘ng tomonda bo‘lsa o‘nga bergan, chapda bo‘lsa chapga bergan, oldida bo‘lsa har ikki tomonga bergan salomida imomni jamoatdagi birodarlarini himoya qiluvchi farishtalarni va solih jinlarni niyat qilishi

46.Yolg‘iz namoz o‘qigan kishining salomlarda faqat farishtalarni niyat qilishi

47.Imomning ikkinchi salomini birinchisiga nisbatan pastroq ovozda berishi.

48.Jamoat salomining imomning salomiga ergashtirishi

49.Salomni o‘ngdan boshlamoq

50.Namozga kech kelgan masbuq kishining imom namozidan chiqishini, ikkinchi salomini ham berishini kutishi.

XAYRULLOH MARDONOV,

Xoja Buxoriy nomli o‘rta maxsus

islom bilim yurti o‘qituvchisi

Админ