Oliy maqsadlar sari intilaylik!
Muallif: Админ
Sana: 23.10.2020
69

Har bir inson hayotda o‘z o‘rini topishga, baxtli xayot kechirish, elu- yurt orasida hurmat ehtirom qozonishga harakat qiladi va albatta buning uchun tinimsiz harakat, izlanish katta mehnat talab etiladi. Shuningdek o‘ziga berilgan eng oliy ne’mat umrini bemazmun o‘tkazib, biror bir ezgu ishga qo‘l urmay, jamiyatga foyda keltirmasdan, yurt taraqqiyoti va rivojiga hissa qo‘shmay yashayotgan insonlarning uchrab turgani afsuslanarli holdir. To‘g‘ri yo‘l qolib egri yo‘llarda tentirab yurgan odamlarni ko‘p uchratganmiz. Turli hil illatlarning qurboniga aylangan mana shunday ayrim kimsalar bugun o‘z saflarini xali borliq haqidagi tushunchalarga ega bo‘lmagan, yaxshi bilan yomon, oqu-qorani to‘la farqlay olmaydigan yoshlarni, shuningdek o‘z toifasidagi ma’naviyati sayoz bo‘lgan kimsalar evaziga kengaytirib borayotgani daxshatlidir. U qanday illat bo‘lmasin, giyoxvandlikmi, odam savdosimi yoki bo‘lmasa ekstremizm va terorizmmi bularning bariga eng avvalo bekorchilik va loqaydlik bosh omil bo‘lib xizmat qiladi. Biror bir ishning boshini tutmagan, kasb-xunar egasi bo‘lmagan qo‘shtirnoq orasidagi odamlar bekorchilikdan, mo‘may daromad topish maqsadida yuqorida keltirilgan illatlar domiga tushib, insoniyatni va butun dunyo xamjamiyatini jiddiy tashvish va xavotirga solib kelmoqda.
Qo‘lida kasb-hunari bo‘lmagan, biror ishning boshini tutmagan qanchadan-qancha insonlar bugun manfur kimsalarning tuzog‘iga tushib, o‘z huquq va erkinliklaridan judo bo‘lib “ Odam savdosi” deb nom olgan jirkanch qabixlik domiga tushib qolmoqda va ularning aksariyati yoshlar ekanligi barchada jiddiy tashvish va xavotir uyg‘otmoqda. Shuningdek dinni niqob qilib, odamlarni zo‘rlik, qabohat va qurqinchga solib aslida niyati konstitutsion tuzumni ag‘darish, xokimiyatni egallash bo‘lgan jirkanch to‘dalar ham saflariga ana shunday ma’rifat ziyosidan bebahra omi kimsalarni qo‘shib borayotgani xech kim uchun sir emas. Bugun zamon bizni bundayin botqoqlikka botib qolmaslik uchun ogohlikka chorlab xushyor va sergak yashashga undayapti.
Ogoh va xushyor bo‘lish, vatanparvarlik tuyg‘ularnini mustahkamlash shu kunning muhim talablaridan biri ekanligini unutmagan holda atrofimizda va jahonda ro‘y berayotgan voqea va hodisalarga loqayd bo‘lmasdan teran nigoh bilan boqishimiz shart. Ayniqsa halqimizni, kelajagimiz vorislarini asrash, ularni ma’naviy oziqlantirish, ongu shuurini ma’rifat ziyosi bilan boyitish har birimizning insoniy burchimizdir.
Yuksak ma’naviyatga ega bo‘lmagan odam sog‘lom e’tiqod va dunyoqarashdan ham mahrum bo‘ladi. Bunday kishilar yaxshi bilan yomonning, ezgulik bilan jaholatning farqiga bormaydi. Ular uchun xalq va Vatan manfaatlari begona. Ma’naviyatli odam o‘zini yomon ishlardan tiyadi, nohaqlik va zulmga qarshi qalbida norozi bo‘lib, o‘z nafratini bildiradi. Binobarin, yomonlikka qarshi nafrat, yaxshilikka nisbatan muhabbat va xayrixohlik yuksak ma’naviyatning asosiy belgilaridandir.
Inson va jamiyat bor ekan, ezgu g‘oyalarning qarama-qarshisi bo‘lgan zulm va zo‘ravonlik, qabohat va jaholat yangi-yangi shakllarda namoyon bo‘lishga urinadi. Lekin ular odamzodning adolat, tinchlik va birodarlik, taraqqiyot va farovonlik g‘oyalariga tayanib, oliy maqsadlar sari intilishini aslo to‘xtata olmaydi.


Mirjalil Xudoynazarov,
“Xoja Buxoriy” o‘rta maxsus
islom bilim yurti o‘qituvchisi

Админ