​Axborot xurujlaridan ogoh bo‘laylik!
Muallif: Админ
Sana: 23.10.2020
54

Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar jarayonida navqiron avlodni jismonan sog‘lom, ma’nan yetuk insonlar etib tarbiyalash, yoshlarning iste’dod va salohiyatini yuzaga chiqarish, intilish va tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Shu bilan birga yoshlarni milliy mentalitetimizga yot turli tahdidlardan himoya qilish, vatanga muhabbat, istiqlol g‘oyalariga sadoqat va milliy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash bugungi globallashuv zamonida tobora muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Axborot xurujlaridan muayyan kuchlar, markazlar tomonidan o‘z manfaatlarini g‘oyaviy va mafkuraviy jihatdan ta’minlash va g‘arazli maqsadlarini amalga oshirish bugun boshqa davlatlar xalqini, ayniqsa, yoshlarni chalg‘itish, ularning ma’naviyati va axloqiga yot, g‘ayriinsoniy g‘oyalar va axloqsiz turmush tarzini singdirishga yo‘naltirilgan usul va texnologiyalar qo‘llanilmoqda.
Ba’zi G‘arb mamlakatlarida ma’naviy buzg‘unchilik, narkomaniya, nikohsiz turmush, ommaviy behayoliklar, rok musiqa va kliplarda, filmlarda, turli axborot vositalarida keng targ‘ib qilinayotgani bizni tashvishga solmay qo‘ymaydi.
Axborot xurujlari avj olayotgan sharoitda xalqimiz, yoshlarimizni mafkuraviy xurujlardan himoya qilish uchun ularga axborot madaniyatini ya’ni: biron xabar yo voqeadan xabardor bo‘lsa, uni chuqurroq o‘rganish va tahlil qilish lozimligini o‘rgatishimiz zarur.
Rasululloh sallallohu alayhi vasallam hadislarining birida: “Eshitgan gapini aytaveradigan odamdan yolg‘onchiroq kishi yo‘qdir”, - deganlar.
Asossiz uydirma gaplar tarqalaversa befarqlik vujudga kelib qoladi, ulkan gunohlar odatiy holga aylanib qoladi, odamlar ham bunday ishlarni qilishdan uyalmaydigan bo‘lib qoladi.
Kishi internet yomonligidan o‘zini saqlashi lozim bo‘lganidek, uning yaxshiliklaridan o‘zini butunlay mahrum qilmasligi ham kerak. Biz kuchli, bilimli, intellektual salohiyatli, zamonaviy axborot texnologiyalarini boshqaradigan, undan samarali foydalana oladigan yetuk kadrlar bo‘lib yetishishimiz lozim.
Darhaqiqat, Davlatimiz siyosatining ustivor maqsadlaridan biri yosh avlodni vatanparvarlik, insonparvarlik, diniy va milliy bag‘rikenglik ruhida tarbiyalash, yuksak ma’naviyat, insoniy qadr-qimmatni e’zozlaydigan jismonan va ruhan sog‘lom, aqlan barkamol qilib voyaga yetkazishga, ularni kelajakning munosib vorislari etib tarbiyalashga ko‘maklashishdan iboratdir. Zero, ilmli, odobli, yuksak ma’naviyatga ega bo‘lgan insongina yaxshi yoki yomon ma’lumotning mohiyatini anglaydi va tahdidlarga qarshi kuch topa oladi.

Sirojiddin Jahonov,
“Xoja Buxoriy” o‘rta maxsus
islom bilim yurti o‘qituvchisi

Админ