​Islom dini insonga ozor berishdan qaytaradi
Muallif: Админ
Sana: 22.10.2020
47

Islom dini tinchlik va ezgulik dinidir. Payg‘ambarimiz Muhammad mustafo sallollohu alayhi vasallam biz uchun islom dinini xuddi nurafshon yo‘l kabi bayon qilib berganlar. Undan faqatgina halokatga yo‘l olgan kishigina yuz o‘giradi. Bu dinning asosi rahmat hisoblanadi. Bu borada Rasululloh sallollohu alayhi vasallam; “Rahmdillarga Rohman rahm qiladi”, degan hadisi sharifni aytganlar.
Insonlarga rahm-shafqatsiz, kuniga yuzlab begunoh odamlarni o‘ldirayotgan, yuz minglab tinch aholini o‘z uyini tashlab sarson-sargardonlikka solib, qochoqlar safiga qo‘shilishga majbur qilayotgan terroristik tashkilotlarning oxiri voy bo‘lib, faoliyatiga chek qo‘yilishi muqarrar.
Shu o‘rinda ta’kidlash kerakki, odamlarni Islom dinidan qo‘rqitish bilan shug‘ullanuvchilar – Allohga va oxirat kuniga ishonmaydigan yovuz kimsalardir. Modomiki, ular har qanday qabih ishdan qaytmaydi. Musulmonlarni yomonotliq qilish, bo‘hton yog‘dirish, ko‘p¬lab xunrezlik¬lar sodir etishdan ham tap tortmaydi. Dunyoda bo‘layotgan qo‘poruvchilik¬lar bunga yaqqol misoldir. Bunday qing‘irlik¬larni qandaydir ko‘rinmas kuchlar qo‘lida qo‘g‘irchoq bo‘layotgan islomni niqob qilgan to‘dalar zimmasiga qo‘yib, muborak Islom dini bilan bog‘lashga harakat qilinadi. Bu kabi hiylalarni kimlar qilishi Qur’oni karimda ochiq bayon etilgan: “Yolg‘on so‘zlarni faqat Allohning oyatlariga imon keltirmaydiganlargina to‘qiydilar. Aynan o‘shalarning o‘zlari yolg‘onchilardir”, deyiladi. (Nahl, 105)
Islom dini va terror bir-biriga butunlay qarama-qarshidir. Islom bir insonni o‘ldirish u yoqda tursin, unga biroz ozor berishdan ham qaytaradi. Payg‘ambarimiz Muhammad (alayhissalom): “Haqiqiy musulmon uning qo‘lidan va tilidan boshqa musulmonga ozor yetmaydigan kishidir”, deb ta’kidlaganlar.
Muqaddas dinimizning ma’ri¬fat¬parvar g‘oyalari va hayotbaxsh o‘git-larini dushmanlar o‘zlarining qo¬ra maqsadlariga yetishlarida to‘siq deb biladi va uni tanazzulga uchratish uchun jon-jahdlari bilan harakat qiladi.
Ular bu maqsad yo‘lida har qanday yomonlikni qilishga tayyordir.
Fundamentalizm va ekstremizm asosida vujudga kelib, terrorchilik usullarini qo‘llayotgan islom niqobidagi turli tashkilotlar va harakatlarga qarshi samarali mafkuraviy kurash olib borishda, ularning g‘ayriinsoniy mahiyatini anglab yetish muhim ahamiyat kasb etadi. Xalqimiz ayniqsa yoshlarimiz ongiga tahdid solishiga harakat qilayotgan mazkur oqimlarning ta’siriga tushib qolmaslik uchun ma’naviy salohiyatimiz yetuk bo‘lishi, har birimiz doimo ogoh bo‘lishimiz yurt tinchligi xalq faravonligi yo‘lida o‘z xissamizni qo‘shishimiz lozim.

O‘tkir G‘uzarov,
“Xoja Buxoriy” o‘rta maxsus islom bilim yurti mudiri

Админ