TIL – MILLATNING MA’NAVIY BOYLIGIDIR.
Muallif: Админ
Sana: 21.10.2020
69

Kimdir mayda millat bo‘ldi, kimdir katta,
Katta millat Afandisi yo‘qdir hatto,
Biz piyoda, biz boqqanlar yurdi otda,
Zulm o‘tsa faqat sendan o‘tdi zulm,
Ona tilim, kechir meni, ona tilim.

Muhammad Yusuf..

Til — millat faxri

Til har bir millatning eng qadrli boyligi, uning ma’naviy qiyofasi, madaniyati, ichki dunyosini aks ettiruvchi muhim vosita sanaladi. Tilning davomiyligini, umrboqiyligini unda so‘zlovchilarning milliy g‘ururi, kuch-qudrati, adabiyoti va san’ati belgilaydi, desak xato bo‘lmaydi.
O‘tgan yilning 21 oktyabr kuni poytaxtdagi muhtasham majlislar saroyida Prezident Shavkat Mirziyoyev o‘zbek tili haqida yoniq so‘zlarini aytganida barcha tik oyoqqa turib, davomli qarsaklar bilan olqishlagan edi. Chunki yangilanayotgan O‘zbekistonning rivojlanish tamoyillari belgilab qo‘yilgan har bir sohasi o‘z taraqqiyotida shiddat bilan davom etar ekan, ayni til sohasi e’tiborga muhtoj bo‘lib turgan, vaqt-soati kelib bu borada ham tub islohotlar amalga oshiriladi degan umid bo‘lsa ham, ayni o‘sha kuni Prezident o‘z xalqiga bunday xushxabarni aytishini ko‘pchilik kutmagan edi. Mamlakat rahbari o‘zbek tilining davlat va jamiyat hayotidagi mavqeini yanada oshirish, “Davlat tili haqida“gi qonunni bugungi kun talablaridan kelib chiqib takomillashtirish zarurligini ta’kidlab, bu boradagi dolzarb vazifalarni ko‘rsatdi va “O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” farmon qabul qilganini, unga binoan, 21 oktyabr sanasi O‘zbekistonda “O‘zbek tili bayrami kuni” deb belgilanganini ta’kidlab o‘tdi.
Shundan so‘ng bu boradagi ishlarning ijrosi tizimli ravishda davom etdi: Vazirlar Mahkamasida Davlat tilini rivojlantirish departamenti tashkil qilindi va uning tashabbusi bilan Atamalar komissiyasi tuzildi. Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 20 yanvardagi qarori bilan barcha davlat organlari, vazirliklar va ularga tenglashtirilgan tashkilotlarda ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini ta’minlash masalalari bo‘yicha maslahatchi lavozimi tashkil qilindi.
Bundan 31 yil avval, xuddi shu kuni “Davlat tili haqida”gi qonun qabul qilingan edi. O‘tgan yillar davomida bu qonunga bir qator o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritib kelindi. Bugun ham davr va sharoit qonunni yanada takomillashtirib, uning talablarini qat’iylashtirishni taqozo etayotir.
Albatta, o‘zbek tilining o‘z kuni, o‘z bayramiga ega bo‘lishi juda quvonarli hodisa. Xalqaro tajribaga nazar soladigan bo‘lsak, turli mamlakatlarda 20 aprel – xitoy, 23 aprel – ispan, 15 may – fors, 6 iyun – rus, 1 avgust – ozarbayjon, 26 sentyabr – turk, 9 dekabr – italyan, 18 dekabr arab tili kuni sifatida nishonlanadi.
Shu asnoda maqolamizga Alixonto‘ra Sog‘uniyning ushbu so‘zlarini iqtibos qilsak: “Hozirgi o‘qimishlik, tushungan Vatan bolalarimiz, agar milliy hislik bo‘lmas ekanlar, ulardan bizga, ya’ni o‘z xalqiga foyda yetishi hech vaqt mumkin emasdir. Balki bolta sopini o‘zimizdan chiqargandek, yov qo‘lida tub ildizimiz bilan kesib quritishga qurol bo‘ladilar. U holda esa o‘zlaridan umid etilgan Vatan o‘g‘illarining qo‘llari bilan Vatan ahllarini ko‘mishga chuqur qaziladi demakdir”.
Payg‘ambarimiz Muhammad Mustafo sollallohu alayhi vasallam bir kuni Abbos roziyallohu anhuga: “Go‘zalligingiz meni ajablantiradi” dedilar. U kishi: “Insonning go‘zalligi nima, ey Allohning Rasuli?” dedilar. Payg‘ambar Muhammad Mustafo sollallohu alayhi vasallam: “Uning tili” dedilar.
Demak, ushbu hadisdan kelib chiqib xulosa qiladigan bo‘lsak, til insonning go‘zalligi hisoblanar ekan. Bu go‘zal ne’matdan bu dunyodagi hayotimizda chiroyli tarzda foydalanib, go‘zal amallar qilishlikka Alloh taolo o‘zi yordamchi bo‘lsin!
Muzaffar Qosimov
“Xoja Buxoriy” o‘rta maxsus islom
Bilim yurti ma’naviy-ma’rifiy
ishlar bo‘yicha mudir o‘rinbosari

Админ