TIL – MILLATNING MA’NAVIY BOYLIGIDIR.
Muallif: Админ
Sana: 21.10.2020
75

Ona tili – millatning ruhidir. Til - davlat timsoli, mulki. Tilni asrash, rivojlantirish – millatning yuksalishi demak. Ona tilimiz – o‘zbek tiliga 1989 yil 21 oktyabrda davlat tili maqomi berilgan. Til – millat qiyofasining bir bo‘lagi. Til – millatning ma’naviy boyligidir. Til nafaqat muomala vositasi – balki xalqning madaniyati, urf-odati, uning turmush tarzi, tarixidir. Til ya’ni nuqt qilish, har bir shaxsning madaniyatini, xulqi-atvorini ko‘rsatib beradigan omil hamdir. Shuning uchun har bir kishi nutq qilayotgan vaqtida chiroyli qilib o‘z ona tilisida ravon holda faqat yaxshi so‘zlarni gapirishi lozim. Zero har bir gapiriladigan so‘zning hisobi borligi va bu borada inson oxiratda mas’ul ekanligini unutmasligi kerak. Quyida til ofatlari va uning zararlari haqida so‘z yuritamiz.
Tildan keladigan ofatlar ko‘p va turli-tuman bo‘lib, ular qalbni sarxush qiladi. Vaqtning qadriga yetgan odam uni foydasiz narsaga sarflamaydi. Chunki Alloh taoloning zikrini qo‘yib, keraksiz gap-so‘zlar bilan mashg‘ul bo‘lgan odam gavharni qo‘yib, tezakni olgan bilan barobardir.
Ali ibn Abu Tolib roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «O‘ziga keraksiz narsani tark qilish kishi Islomining go‘zalligidandir», – dedilar». Termiziy rivoyat qilgan. Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Kim Allohga va oxirat kuniga iymon keltirgan bo‘lsa, yaxshi gap aytsin yoki jim tursin», – dedilar».
Umar ibn Xattob roziyallohu anhu: «Kimning gapi ko‘paysa, xatosi ham ko‘payadi», degan.
Til ofatlaridan yana biri botil so‘z ichkilikbozlik majlislari va fosiqlarning qilmishlariga o‘xshash narsalar haqidagi gaplardir.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Banda bilib-bilmay bir so‘zni aytadi va u tufayli do‘zaxning mag‘rib bilan mashriq orasidan ham chuqur joyiga tushadi», – dedilar». Ahmad, Buxoriy va Muslim rivoyat qilishgan.
Til oftlaridan yana biri gapda chuqur ketish. Bu narsa og‘iz to‘ldirib, qofiyasini keltirgan holda gapirish ila bo‘ladi.
Jobir roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Albatta, menga eng yomon ko‘rinadiganingiz va qiyomat kuni mendan eng uzoq bo‘ladiganingiz ko‘p gapiradiganingiz, og‘zini to‘ldirib gapiradiganingiz va mutakabbirlik uchun gapiradiganingiz», dedilar». Termiziy rivoyat qilgan.
Til oftlaridan yana biri «Fahsh» so‘zi «qabih», «uyat», «sharmsizlik» ma’nolarini anglatadi. Fahsh sog‘lom tabiat nafrat qiladigan va mustaqiym aql nuqson sanaydigan narsadir.
Alloh taolo «Sen: «Robbim faqatgina oshkora va yashirin fahsh ishlarni, gunohlarni, nohaq tajovuzkorlikni va Allohga hech qanday hujjat tushirmagan narsalarni sherik qilib olishingizni hamda Allohga nisbatan bilmagan narsani aytishni harom qilgan, xolos», deb ayt», degan.
Avval aytilganidek, fahsh ish ulkan qabihlikdir. Bunday ishlar xoh oshkora, xoh yashirin bo‘lsin, barcha-barchasini Alloh harom qilgan.
Alloh taolo mo‘min bandalarni vasf qilganida ularning fahshdan chetda bo‘lishlarini ta’kidlagan.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Albatta, Alloh uyatsiz bo‘lmoqni va uyatsiz gaplarning gapirilishini xush ko‘rmaydi», dedilar.
Fahsh va uyatsizlik ko‘p hollarda uyat gaplarni ochiq-oydin aytish bilan bo‘ladi. Odatda, bu narsalar jinsiy aloqaga oid gaplarni besharmlik ila gapirish orqali yuzaga chiqadi. Yaxshi insonlar unday iboralarni ishlatmaydilar. Jamiyatimizda sodir bo‘layotgan noxush hoatlar til sababidan bo‘layotgani ham hech kimga sir. Bir og‘iz shirin so‘z siniq ko‘ngilni xushnid qilsa, aksi esa vayron qilishini unitmaslik kerak.
Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, til xalqni birlashtiradi, tarbiyalaydi, o‘qitadi, urf-odat, ananalarini saqlaydi. Shunday ekan, gapiradigan so‘zimiz avvalo o‘zimizga foydali, qolaversa jamiyat uchun manfaat keltiradigan bo‘lishiga e’tibor berishimiz kerak.



O‘. MAHMUDOV
“Xoja Buxoriy” o‘rta maxsus
islom bilim yurti o‘qituvchisi

Админ