​Qo’shnichilik haqlari
Muallif: Админ
Sana: 15.10.2020
32

Islom dinimizda qo’shnichilik haqlariga rioya qilinishi lozim bo’lgan muhim amallardan sanaladi. Zero, insonlar o’rtasida o’zaro mehr-oqibat rishtalari mustahkamlanishida qo’shnilar haqqini ado etish ham muhim o’rin tutadi. Alloh taolo Qur’oni karimda O’zigagina ibodat qilishga buyurish asnosida jamiyatdagi barcha toifa insonlar qatorida qo’shnilarga ham yaxshilik qilishga buyurgandir.

“Allohga ibodat qilingiz va Unga hech narsani sherik qilmangiz! Ota-onalarga esa yaxshilik qilingiz! Shuningdek, qarindoshlar, etimlar, miskinlar, qarindosh qo’shni-yu begona qo’shni, yoningizdagi hamrohingiz, yo’lovchi (musofir)ga va qo’l ostingizdagi (qaram)larga ham (yaxshilik qiling)! Albatta, Alloh kibrli va maqtanchoq kishilarni sevmaydi” (Niso surasi, 36-oyat).

Payg’ambarimiz sollallohu alayhi vasallam ham ko’plab hadislarida biz ummatlarini bunga targ’ib etganlar. Ibn Umar va Oisha dan rivoyat qilinadi, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar: “Jabroil doimo menga qo’shniga yaxshilik qilishga buyuraverganidan oxir oqibat uni merosxo’r qilib qo’yadi, deb o’ylab qoldim” (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyati). Demak, qo’shnining haqqi buyuk va jiddiy ahamiyat berilishi lozim bo’lgan haqlardan ekan. Boshqa bir hadisda esa: Abu Zar dan rivoyat qilinadi, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar: “Ey, Abu Zar! Qachon sho’rva pishirsang, suvini ko’proq solgin va qo’shnilarningga ham ilingin” (Imom Muslim rivoyati). Ushbu hadisda qo’shnilarga e’tiborli bo’lish, inson o’zidagi arzimas narsani ham qo’shnisiga ilinishga targ’ib etish ma’nosi bor. Aynan shu ma’nodagi boshqa bir hadisda shunday deyilgan: Abu Hurayra dan rivoyat qilinadi, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar: “Ey, muslima ayollar! Hech bir qo’shni qo’shnisiga qo’yning tuyog’ini berishga ham orlanmasin” (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyati). Bu hadisda Payg’ambarimiz sollallohu alayhi vasallam xususan, ayollarga murojaat qilayotganlarining boisi ayollar orasida bir-birlarini kamsitish odati mavjud. Shuning uchun ayollar arzimas narsani bir-birlariga ehson qilib berayotgan yoki olayotgan bo’lsalar buni kamsitish, deb bilmasliklariga chaqirilmoqda.

Payg’ambarimiz sollallohu alayhi va sallam: “Kim Alloh taologa va Qiyomat kuniga iymon keltirgan bo’lsa, qo’shnisini hurmatlasin”, dedilar. Boshqa bir hadisi sharifda: “Kishining yomonliklaridan qo’shnisi omon bo’lmasa, u jannatga kirmaydi”, deganlar. Bir kuni Rasululloh sollallohu alayhi va sallamdan doimo Alloh taoloning ibodati bilan mashhur, lekin qo’shnilari bilan yaxshi muomalada bo’lmasdan, ularga xunuk, qo’pol gapiradigan ayol haqida so’ralganda u zot: “U xotinda hech yaxshilik yo’q. U jahannamga kirguvchidir”, dedilar. Yuqoridagi hadislardan kishining yaxshi amallari maqbul bo’lishida, jannatiy bo’lishidek orzusi amalga oshishida yaxshi qo’shnichilikning ahamiyati beqiyos ekanligi, qo’shnilarini norozi qilgan holda Alloh taoloning roziligini topish mumkin emasligi tushuniladi.

Islom dini ta’limotiga ko’ra qo’shnichilikda millatning, dinining va nasabning ahamiyati yo’q. Qo’shni kim bo’lishidan qat’iy nazar, uni hurmatlash, haqqini ado qilish vojib, unga ozor etkazish haromdir.

Hazrati Umar r.a ning o’g’li Abdullohning bir yahudiy qo’shnisi bor edi. Abdulloh roziyallohu anhu bir kuni tuya so’ydilar. U kishi xizmatkorlariga “Qo’shnimizni unutma dedi va bir oz vaqt o’tib yana, “Yahudiy qo’shnimizni ututmadingmi?” deb so’radilar. Xizmatkor, taqsir hozir aytib edingiz. Qo’shniga go’sht ajratib qo’ydik, hozir olib chiqib beramiz, dedi. Uch-to’rt daqiqa o’tib Abdulloh xizmatkorni chaqirib, yana so’radi. Shunda xizmatkor: Uzr so’rayman, shu paytgacha sizga itoatsizlik qilgan emasman, bilasiz. Keyin ham qilmayman. Nega qo’shni haqida buncha qayg’urasiz? deb so’radi. Shunda Abdulloh r.a: “Men Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning: “Jabroil alayhis salom menga hamisha qo’shni haqida vasiyat qilar ediki, men yaqinda qo’shniga ham meros berilsa kerak, deb o’ylardim” deganlarini eshinganman dedilar.

Kishiga qo’shnilari bergan baho eng to’g’ri bahodir. Bir kishi: “Yo Rasululloh, yaxshilik yo yomonlik qilganimni qanday bilaman?” deb so’radi. Unga Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Agar qo’shnilaringiz “yaxshi qildingiz” desa, yaxshilik qilgan, “yomon qildingiz” desa, yomonlik qilgan bo’lasiz”, dedilar.

Olimlarimiz o’z fiqhiy kitoblarida quyidagi qo’shnichilik haqlarini sanab o’tganlar:

Ø Qo’shnining o’zi tomonidan tinchligini ta’minlash;

Ø Qo’shnining o’ziga ma’lum sir-asrori va aybu-nuqsonini fosh qilmaslik;

Ø Hursandchiligiga sherik, g’am-tashvish va musibatiga hamdard bo’lish;

Ø Chaqirganida labbay deb borish;

Ø Bemor bo’lsa chiqib ko’rish;

Ø Qo’shnisi muhtoj bo’lganda qodir bo’lsa yordam berish;

Ø Qo’shnisiga har qanday suratda ozor etkazishdan saqlanish;

Ø Qo’shnining iznisiz uning hovlisidan shamol va quyoshni to’sadigan darajada devorini baland ko’tarmaslik;

Ø Uyni sotishda avval yon qo’shniga taklif qilish;

Ø Qo’shnisi qarz so’raganida bor bo’lsa berish;

Ø O’zaro arazlashgan qo’shnilarni yarashtirishga oshiqish;

Ø Qo’shnidan etadigan ozorga sabr qilish;

Ø Qo’shnini g’iybat qilmaslik, g’iybat qilinganida esa uni himoya qilish;

Ø Qo’shniga birinchi bo’lib salom berishga harakat qilish;

Ø Qo’shni vafot etganda janozasida qatnashish.

Ha azizlar, qo’shnilar bilan munosabatimizni yaxshilaylik, yaxshi kunimizda ham yomon kunimizda ham qo’shni asqotadi. Ular bilan shunday ahil-inoq bo’laylikki, boshqalar havas qilsin, o’rnak olsin. Jannatda ham yaxshilar bilan qo’shni bo’lish nasib etsin.

Alloh taolo dunyodagi barcha xalqlar o’rtasidagi do’stlik-birodarlik rishtalarini mustahkam qilsin. Qo’ni-qo’shnilar bilan samimiy aloqalarimiz yanada yaxshilanib borishini barchalarimizga nasib aylasin. Omin!

Sayfiddin MO’MINOV,

Kitob tumanidagi “Shayx Sobir”

jome’ masjidi masjidi imom - xatibi

Админ