​Jihod o‘zi nima, u faqat urushdan iboratmi?
Muallif: Админ
Sana: 15.10.2020
27

Bugungi kunda dolzarb mavzu bo‘lib kelayotgan masala jihod masalasi bo‘lib, ko‘p yoshlar jihodni nima ekani, qanday shartlari borligi, bunga kim loiq ekani va jihod faqat urushdan iborat emasligini yaxshi anglamay turib “jihod qilmoqdaman” deb jonlariga qasd qilmoqdalar go‘yo. Chunki, o‘zlari nima qilayotganiyu kimga qarshi urush qilayotganini bilmay tinch yurtni tashlab arzimas pulga aldanib fitna o‘chog‘iga o‘zlarini otmoqdalar. Natijada qancha oilalar ayniqsa o‘z oila a’zolari va ota-onalari hamda ona vatani yuziga oyoq qo‘yib xiyonat yo‘liga kirib qolmoqdalar.
Shuning uchun bu mavzu haqida yozishga qaror qildikki, jihod o‘zi nima, u faqat urushdan iboratmi, uni qanday shartlari va turlari bor, shular haqida ozgina tushuncha berib o‘tsak maqsadga muvofiq bo‘ladi degan umiddamiz.
Jihod vahiy nozil bo‘lishidan boshlab ta’kidlangan urush tarzi bo‘lib, Madinaga hijrat qilish bilan birgalikda boshlangan. Fuqoholar nazdida jihodning hukmi holatga qarab o‘zgaradi:
Farzi kifoya: bu umumiy safarbarlik holatidan tashqari musulmon, oqil, balog‘atga yetgan, erkin, erkak va sog‘lom kishilarga, oilalarining ta’minotini va o‘zlarining urush xarajatlarini to‘lay olishlik kuchiga ega bo‘lish sharti bilan amalga oshishiga butun ulamolar ittifoq qilishgan. Umumiy safarbarlik holatidan tashqari bir shaxsning jihodga qo‘shila olishi uchun musulmon bo‘lishi sharti bilan ota-onasining roziligi va zimmasida qarzlari bo‘lmaslik majburiyati bordir.
Farzi ayn: bunda hech qanday majburiyat bo‘lmay, balki yurt himoyasi uchun barcha birdek safarbar qilinadigan jihoddir. Bu faqat o‘z vataniga dushman xavf solib turgan vaqtdagina bo‘ladi.
Bundan tashqari Payg‘ambar (sollallohu alayhi vasallam): “Musulmonlarning: qahramon deb maqtanish, o‘ljalardan (mol-dunyo) ulush olish kabi maqsadlar bilan urushga qatnashmasligi, kishining ota-onasini ruxsati bo‘lmasdan turib urushga qatnashmasligi” haqidagi so‘zlari ham bor. (al-Muvatto, “Jihod”, 13,14-bob).
Demak, yuqoridagi ma’lumotlar jihod uchun kerak bo‘lgan shartlar bor ekani ayniqsa, maqsad pul uchun yoki o‘zini ko‘rsatish bo‘lmasligi eng muhimi ota-ona roziligi bo‘lishi kerak ekani kelib chiqadi.
Hanafiy ulamolari jon muhofazasi xavfi, yurtga hujum va zulm bor bo‘lsagina urush majburiy bo‘ladi, urush doimiy ravishda bo‘lmaydi deganlar. Umuman olganda butun mazhab ulamolari nazdida urush urushga muhim sabablar bo‘lmaguncha yuz bermaslikdir. Ittifoq davlatlarga qarshi urush qilish hech bir qonun va shari’atda mavjud emasdir.
Urush yoki jihod eloni faqatgina davlat rahbarining ruxsatiga bog‘liq bo‘lgan masaladir. Dorul harb (urush diyori deb musulmonlar notinch va umuman diniy ishlarini bajara olmaydigan joyga nisbatan aytiladi) bilan urushni rahbar boshlaydi yoki ular bilan shartnoma tuzgan holda yana raxbar urushni to‘xtatadi.
Hanafiy olimlar amir va qumondon davlat raxbarining ruxsati bo‘lmasa ham Musulmonlarning foidasiga bo‘ladigan bo‘lsa, sulh yoki bitim tuzishi mumkin, deydilar. Qolgan ulamolar ham sulh va bitim ishini ma’qullaydilar va faqat bularda bu bitimlar vaqti-vaqti bilan yangilanib turadi.
Hanafiylar kelishuv shartnomasini buzish mumkinligi, bu ish foidaga va yangi bir zararning paydo bo‘lishiga bog‘liq ekanini, qolgan mazhab ulamolari esa sulhni (qanday bo‘lsa ham) vaqtidan oldin buzish mumkin emasligini aytishadi. Kelishuvning buzilganligini qarshi tarafga bildirish kerak va vaqtidan oldin sulh buzilgani evaziga badal to‘lash kerak bo‘lsa, to‘lanadi. Bu ishlar davlat raxbari boshchiligida amalga oshiriladi.
Hanafiy va mutaqaddim ulamolar kufrni urushga (asosiy) sabab deb hisoblashmagan, balki buning sharti dushmanlik va qarshi urush ochishdir. Hanafiylar nazdida dindan qaytgan murtadning o‘ldirishlik hukmi, uni kufrga qaytgani uchun emas, balki Islom va musulmonlarga urush e’lon qilgani yoki dushmanlik yo‘liga o‘tgani uchundir.
Imom Moturidiy jihodni to‘rtga bo‘lganlar;
Alloh yo‘lida (yuqorida shartlar asosida) din dushmanlariga qarshi urush va ularni bo‘yin sindirsh;
Banda o‘zi bilan nafsi orasida jihod qilish. Bunda nafsini turli hoyu havaslarga berilib, halokat yo‘liga kirib qolishidan qaytarib to‘g‘ri yo‘lga yo‘llay olishga harakat qilishidir;
O‘zi va odamlar orasida jihod. Bu jihodda odamlardan tama ya’ni ularni qo‘liga qarab turishdan o‘zini tiyshi va ularga rahm-shafqat qilib, ulardan umid ham xovf ham qilmaslik faqat Allohdan xovf va umid qilishga harakat qilishi;
O‘zi va dunyo orasidagi jihod bo‘lib, bunda dunyodan oxiratiga yarasha ulushi va bu dunyoda yashashiga kerak bo‘lgan rizqini olishi hamda dunyodan oxiratda o‘ziga ziyon yetadigan ulshni olmaslikka harakat qilishi ya’ni o‘zgalar haqqiga ko‘z olaytirmay halol yashashidir. Ushbu sanab o‘tilgan turlarni Alloh yo‘lida jihod deyish to‘g‘ri bo‘ladi.
Ota-onaga xizmat qilish va ilm talabida yurish ham Alloh yo‘lida jihodning eng oliy va afzal ko‘rinishidir. Bunga hadislarda yorqin dalillar bor. Sahobalar Payg‘ambar (sollallohu alayhi vasallam)dan Alloh yo‘lida qaysi amal eng afzal, deb so‘raganlarida u zot ota-onaga xizmat qilish, deganlari hadislarda keladi. Bundan, jihod faqat urush emas, balki urush qilishdan oldingi jihodlar bor ekani kelib chiqadi. Urush qilish uchun undan oldingi bosqichlarni bosib o‘tishi kerak ekani raxbar tomonidan ruxsat bo‘lsagina urushga ruxsat ekani, shunda ham zimmasidagi qarzlar va ona roziligi kerak ekani namayon bo‘ladi.
Al-qoida, IShID va hizbut-tahrir kabi tashkilotlarning jihod iborasini noto‘g‘ri talqin qilayotganini ko‘rib turibmiz. Ular o‘z maqsadlarini Qur’on oyatlari bilan poklashga urinishmoqda. Ular qanday sababga tayansalar ham o‘z-o‘zini o‘ldirish harakatlariga diniy bir asos topa olmaydilar.
Yuqoridagalardan quyidagi xulosani chiqarish mumkin:
Islom urush dini emasligi;
Islomlashuv bor, qilich bilan Islomlashtiruv yo‘qligi;
Jihod, urush muqaddas jang emas, balki oxirgi chora ekani;
Urushning ikki sabai bor, yo hujum qarshisida himoyalanish yoki zulmni o‘rtadan daf qilish harakati ekani;
Urush va jihod, davlat yoki unga bog‘liq kuchlarning bajaradigan ishi ekani;
Zaif va urushga aloqasi yo‘q xalqni nishonga olish jihod sanalmasligi;
Jihod faqat urush bilan cheklanib qolmasligi, balki jihodning turi ko‘pligi;
Doimiy qurolli jihod fikri soxta salafiylarning qarashi ekani;
Kufr va shirk keltirish o‘ldirish sababi emasligi;
Ishonch va vijdon erkinligi bor va bu davlatning fuqarolik huquqi bo‘yicha belgilanishi;
Jihodga o‘z boshimcha holda chiqmasligi va boshqalar.
Alloh taolo barchamizni turli fitnalarga aldanib, o‘z yurtining xoiniga aylanib qolishdan barchamizni O‘zi asrasin.

Xoja Buxoriy o‘rta maxsus islom
bilim yurti o‘qituvchisi
Muhibullayev Saidmuhammad

Админ