Alloh poklanuvchilarni yaxshi ko‘radi
Muallif: Админ
Sana: 14.10.2020
18

Dunyo tarixida hech kim, hech qanday tuzum va din tozalikka rioya qilishga Islom dinichalik ahamiyat bermagani ma’lum va mashhurdir.
Alloh taolo Moida surasida: «Ey iymon keltirganlar! Namozga turmoqchi bo‘lsalaringiz, yuzlaringizni va qo‘llaringizni chig‘anoqlari ila yuvinglar. Boshlaringizga mash tortinglar. Va oyoqlaringizni to‘piqlari ila yuvinglar. Agar junub bo‘lsalaringiz, poklaninglar», (6-oyat) degan.
Bu oyati karimada Alloh taolo musulmonlarni tahorati ketganda tahorat qilishga, junub bo‘lganda g‘usl qilishga amr qilmoqda. Bir kunda besh vaqt namoz farzligini e’tiborga olsak, musulmon odam doimo o‘zini, kiyimini va ibodat joyini pok tutishi kerakligi kelib chiqadi. Bu sog‘liqni saqlash uchun eng muhim omil ekani hech kimga sir emas.
Shu bilan birga, Alloh taolo O‘z kitobida pokiza kishilarni madh etgan. U zot bu haqda Qur’oni Karimning Baqara surasida quyidagi oyatni nozil qilgan: «Albatta, Alloh tavba qiluvchilarni sevadi va poklanuvchilarni sevadi».
Shuningdek, Tavba surasida: «Unda poklanishni sevadigan kishilar bor. Alloh esa poklanuvchilarni sevadir», degan.
Bularning barchasi tozalikka rioya qilishga undovning muhim omillaridir.
Sir emaski, ayni paytda koronavirus infeksiyasi butun dunyo bo‘ylab keng tarqalmoqda. Mutaxassislar ushbu kasallikni yuqtirmaslik, uni oldini olish uchun kerakli tavsilarni berib kelmoqdalar. Ana shu tavsiyalarning negizi bir ildizga – poklikka, tibbiyot tili bilan aytganda gigiyenaga borib taqalmoqda.
Tozalikka rioya qilish masalasiga sog‘liqni saqlashning muhim omili sifatida Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning hadisi shariflarida ham katta e’tibor berilgan.
Imom Muslim Abu Molik al-Ash’ariy roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisi sharifda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: «Poklik iymonning yarmidir», deydilar.
Musulmonlar ommasi ichida esa «Poklik iymondandir» degan hikmat keng tarqalgan.
Ko‘plab fiqh va hadis kitoblarini ochishingiz bilan birinchi bo‘lib “Poklik kitobi”ga ko‘zingiz tushadi. Har bir musulmon erkak va ayol o‘zining birinchi darsini poklikni o‘rganish ila boshlaydi. Islomdagi ibodatlarning barchasiga bandaning badani, kiyim-boshi va makoni pokiza bo‘lishi asosiy shartlardan biri qilib olingan.
Imom Termiziy rivoyat qilgan hadisi sharifda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Albatta, Alloh xushholdir, xushhollikni suyadi, ozodadir, ozodalikni suyadi, karamlidir, karamni suyadi, saxiydir, saxiylikni suyadi. Bas, hovlilaringizni ozoda tuting! Yahudiylarga o‘xshamang!» dedilar.
Musulmon kishi o‘zi yashab turgan go‘shasini ham ozoda saqlashi lozim. Darhaqiqat, ozodalik va poklikka rioya qilish musulmonchilikning belgisidir. “Poklik iymondandir” deb bayon qilingan hadisning mazmuni shu qadar keng ma’noni o‘z ichiga olganki, bu mo‘min kishining nafaqat ibodati, balki, yurish-turishi, kiyinishi, yeyish-ichishi odobida ham dasturulamal bo‘lmog‘i lozim.

Sayfiddin MO‘MINOV,
Kitob tumanidagi “Shayx Sobir”
jome’ masjidi masjidi imom - xatibi

Админ