​Vidolashuv xutbasi
Muallif: Админ
Sana: 07.10.2020
41

Tinchlik va inson so‘zi havo bilan suvdek egizak tushunchalardir. Chunki inson hamisha tinchlikka tashna bo‘lib, xar kuni tinchlikni sog‘inib yashaydi, mudom tinchlik osmonidan nafas olishga intiladi.
Tinchlik - farovonlikning muhim omili. Osoyishta yurtda yuksalish bo‘ladi, farovon eldan xotirjamlik ketmaydi. Istiqlol sharofati, davlatimiz raxbarining oqilona siyosati samarasida saodatli, fayzli kunlarga musharraf bo‘lmoqdamiz.
Payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v) ham taraqqiyot tinchlik va osoyishtalik ortidan kelishligini o‘zining muborak so‘zlarida bayon qilib bergan edilar.
Tinchlik va osayishtalik esa insonlarning ilmli, ma’rifatli va komil insonligi ortidan kelishligi hammamizga ayon.
Payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v) ham saodat asrida insonlarni o‘zining da’vatlari va suhbatlari orqali va shu suhbatlarga avvalo o‘zining qilgan amallari orqali insonlari komil inson qilib tarbiyalaganlar. Chunki har qanday zamonda ham tinchlik faqat taraqqiyotga va farovonlikga olib kelgan. Shunday ekanligini o‘n to‘rt asr oldin Payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v) vidolashuv xutbasida sizu bizga ta’kidlaganlar. Bu vidolashuv xutbasi hijratning o‘ninchi yili zulhijja oyining beshinchi kuni bo‘lib bu xutbani o‘qiyotganda Rasululloh (s.a.v) bilan 90 000 ( to‘qson ming ) kishi bo‘lganligi zikr qilingan. Xutbada Rasululloh (s.a.v) shunday dedilar: Ey insonlar mendan yaxshilab eshitinglar, men sizlarga dinlaringizni mohiyatini bayon qilib beraman chunki men mana shu yildan keyin mana shu turgan joyimda sizlar bilan yana uchrasha olmasligim mumkin. Makka shahrida, Haj mavsumida, Arofotda turgan vaqtda sizlarning mollaringizni tortib olish va qonlaringizni to‘kish qanday harom bo‘lgan bo‘lsa toki dunyodan o‘tib Robbilaringiz huzuriga borgunlaringizga qadar haromdir. Demak, bir insonni molini olish va qonini to‘kish oson ish emasligiga o‘ta kuchli dalildir, buni o‘zini musulmonnman degan har qanday kishi eshitib olsinlar. Ey insonlar! mo‘’minlar aka-uka hisoblanadi, ya’ni bir ota va bir onani farzandi hisoblanadilar. Biron bir kishiga akasini yoki ukasini moli halol bo‘lmaydi magar qalbidan rozi bo‘lib bersagina halol bo‘ladi ogoh bo‘linglar! Yetkazdimmi? Ey Allohim o‘zing guvoh bo‘lgin. Men dunyodan o‘tkanimdan so‘ng ba’zilaringiz ba’zilaringni urib o‘ldiradigan darajadagi gunoh ishlarni qiladigan gunohi kabiralarni qiladigan kimsalarga o‘xshab qolmanglar. Men o‘zimdan keyin sizlarga Allohning kalomini qoldirdim. Kimki uni mahkam ushlasa hargiz adashmaydi. Yetkazdimmi? Ey Allohim o‘zing guvoh bo‘lgin. Ey insonlar! Robbilaring ham va otalaring ham bittadur hammalaringiz Odam (a.s)ning farzandlari hisoblanasizlar. Odam esa tuproqdan yaratilgan, Allohning huzurida hurmatga loyiqroqlaringiz Xudodan qo‘rqadiganlaringizdir. Arab millatidagi kishiga ajam kishilari ustidan ortiqlik yoki ustunlik yo‘q. Magar taqvo bilan ustun bo‘lishlik bor xalos. Yetkazdimmi? Ey Alloh o‘zing guvoh bo‘lgin. Bu so‘zlarimni mana shu majlisda qatnashganlar qatnashmaganlarga yetkazsinlar. Bundan ma’lum bo‘ldiki, Payg‘ambarimiz Muhammad ( s.a.v) umrlarini oxirida dinning asosiy maqsadini va mag‘zini bayon qilib ketgan ekanlar. Bizlar ham ummatlikni da’vo qilayotgan har qanday kishilar bunga amal qilishligimiz lozim. Ijtimoiy tarmoqlardagi ba’zi bir “ustozlar” bunga amal qilsalar ehtimol yaxshi bo‘larmidi, ummat o‘zga yurtlarda, o‘zining aka-ukalarining qonini to‘kib o‘zini gunohkor qilib yurmasdimi?
Bundan har kim o‘zi xulosa qilsa maqsadga muvofiq ish bo‘lardi. Alloh barchamizni o‘zining haqiqiy hidoyatiga chorlab, haqiqiy ummat bo‘lib ahli jannat bo‘lishlikni nasib aylasin.

A. Bozorov,
“Xoja Buxoriy” o‘rta maxsus Islom
bilim yurtining tafsir fani o‘qituvchisi

Админ