​Er-xotin va qaynona ahil bo‘lsin!
Muallif: Админ
Sana: 07.10.2020
54

Azal-azaldan dunyo ahillari bizni o‘zbek xonadonlarimizda keksalarga, ota-onalarga hurmat, eru-xotin, qaynona-kelin munosabatlari, qarindoshlar, qo‘ni-qo‘shniga yaxshilik, urf-odat ananalarimizga havas bilan qarab kelishgan. Bularning barchasi islomiy odoblarimiz me’zonidir.
Alloh taolo erlar va xotinlar o‘zaro murosa va totuvlik bilan yashashi uchun ular o‘rtasida inoqlik va muhabbat tuyg‘ularini ham paydo qildi. Bu haqda Qur’oni karimda shunday marhamat qilinadi: “Uning alomatlaridan (biri) – sizlar taskin topishingiz uchun o‘zlaringizdan juftlar yaratgani va o‘rtangizda inoqlik va mehribonlik paydo qilganidir. Albatta, bunda tafakkur qiladigan kishilar uchun ibrat-alomatlar bordir” (Rum surasi, 21-oyat).
Kelinlar esa qaynonalarini o‘z onasidek yaxshi ko‘rib, hurmat ko‘rsatishi, ularni g‘animat bilib, duolarini olishga harakat qilishi kerak. Bu erning ham roziligiga sabab bo‘ladi. Erning roziligi esa jannat yo‘lidir.
Qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib choy uzatgan keliniga qarab, qaynonaning qalbida mehr mavjlandi. Dasturxondagi noz-ne’matlarning eng saralarini oila shajarasi davomchisini yuragining tagida ko‘tarib yurgan kelinining oldiga surib qo‘ya boshladi.
Bu juda oddiy, lekin har kuni mamlakatimizdagi millionlab oilalarda sodir bo‘ladigan baxtli lahzalar. Bunday manzara oila muhitiga ta’sir o‘tkazib, oilaning boshqa a’zolari o‘rtasida ham mehr-oqibatni mustahkamlaydi.
Kelin oilaning boshqa a’zolari kabi oshxona ishlarida, uy-joy va hovli ozodaligini tartibga solishda, yoshi kattalarning xizmatini qilishda yerdam berishi talab etiladi Xonadon a’zolarining kasb-u kori, sharoitdan kelib chiqib, boshqa ishlarga ham xissa qo‘shishi mumkin.
Qaynona va kelin o‘rtasidagi aloqalar go‘zal va chiroyli bo‘lgani qanday yaxshi. Lekin, ikkisi o‘rtasidagi munosabatlar inqiroz ko‘chasiga kirib qolgan vaqtda hech bo‘lmaganda insoniylik nuqtai nazaridan mahalla – ko‘y oldida, farzandalar qarshisida aql va ziyraklik bilan harakat qilish lozim.
Ayrim qaynonalar kelinlariga zulm qilishlari ham hech kimga sir emas. Ba’zi o‘ziga haddan ziyoda bino qo‘ygan qaynonalar o‘zlarini bamisoli bir qirolichadek, kelinlarini esa cho‘ridek hisob qiladilar. Arzimas sabablar bilan kelinlarini turtkilayveradilar. Kelin sal uxlab qolsa, yoki qaynonaning oyoq kiyimini to‘g‘rilab qo‘ymagan bo‘lsa, yoki hadeganda bo‘yida bo‘lavermasa, boshidan tegirmon toshi yurgizadilar. Oilalarning buzilishiga, yoki qaynona-kelin munosabatlarining yomonlashishiga ko‘pincha arzimagan “dedi-dedi” gaplar ham sabab bo‘ladi. Hech qaysi kelin yangi uyiga kelganda, ularga nisbatdan g‘araz niyatlar olib kelmasa kerak yoki ularni behurmat qilishni o‘ylamasa kerak. Ular go‘yoki yosh niholga o‘xshaydi, uni egri o‘zishiga yo‘l qo‘ymay, mehr bilan sug‘orib, ko‘p yillik tajribaga ega ayol sifatida muallimlik qilsa, tushunmovchiliklar yuzaga kelmasmidi. Ba’zan bu dunyoning hech narsaga arzimaydigan moddiy boyliklaridan ko‘ra yonimizdagi yaqinlarimizni asrashni o‘rganishimiz kerak. Hamma inson ham hato qiladi, kechira olish esa hammaning ham qo‘lidan kelavermaydi. Mehr esa har qanday muammolarning oddiy yechimi hisoblanadi.
Ibn Abbos raziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi, Rasululloh sollallohu alayhi va sallam aytdilar: “Kichiklarimizga rahm qilmagan, kattalarimizni hurmat qilmagan, yaxshilikka buyurib, yomonlikdan qaytarmagan kishi bizdan emas” (Imom Termiziy rivoyati).
Kechirimli bo‘lish dinimizda maqtalgan sifatlardan hisoblanadi. O‘zgani kechirish nafsga yoqmasa ham, bu katta mojarolarning oldini oladi, kelgusidagi xotirjamlikni ta’minlaydi.
Shunday ekan, qaynonalar yosh kelinlaridan o‘tgan kamchilik va xatolarni kechira bilishlari ham olijanoblik sanalib, yoshlarning to‘g‘ri yo‘lga tushishiga yordam beradi. Oilada qaynonalar yoshi ulug‘, tajribali bo‘lganlari uchun yoshlarga imkon berishi, bilmaganlarini o‘rgatishi, bag‘rikenglik qilishlari darkor. Ayni paytda kelinlar ham xatolarini tan olib, qaynonalardan uzr so‘rashlari ularning hurmatlari ortishiga olib keladi.
Oila hayoti hech qachon bir tekis faqat shodu xurramlik, baxt-saodatdan iborat bo‘lmaydi. Ba’zida qaynonalar farzandlarining baxtli bo‘lishi yo‘lida o‘zlarining ba’zi hoyi-havaslaridan voz kechishlariga ham to‘g‘ri keladi. Qachonki, er-xotin birgalashib oila totuvligi yo‘lida kurashsagina qiyinchiliklarni yengish oson kechadi, oila xotirjamligiga erishadi.

Alimov Majid
Kitob tumanidagi “Tuyaboshi”
jome’ masjidi imom xatibi

Админ