Darajasi ulug’ zotlar
Muallif: Админ
Sana: 30.09.2020
101

Ustoz deganda, har qaysi inson ko’nglida chuqur hurmat-ehtirom va cheksiz minnatdorlik tuyg’ulari, shu bilan birga, hech qanday boylik bilan o’lchab va ado qilib bo’lmaydigan qarzdorlik hissi paydo bo’ladi. Inson, avvalo, unga bilim va ma’rifat dunyosi sari yo’l ochib bergan, uning qalbiga yuksak insoniy fazilatlar hissini singdirish yo’lida zahmat chekkan ustoz va murabbiylariga nisbatan ko’nglida hamisha minnatdorlik tuyg’usi bilan yashaydi.

Ustozlar butun umrini shogirdlari tarbiyasi, kamol topishi yo’liga bag’ishlaydi. Shogirdlarining yutuqlaridan quvonadi, kamchiliklaridan kuyunadi. Har bir o’qituvchi umri davomida shogirdlariga ilm o’rgatishga tirishadi, saboq, tarbiya beradi. Zimmasidagi yukni, mas’uliyatni chuqur his qilgan holda mazmunli va mashaqqat ila mehnat qiladi.

Insoniyat ilm bilangina Allohni taniydi, haqiqiy saodatni qo’lga kiritadi, uning sharofati bilan yuksaladi. Ilm esa ustozning sa’y-harakati, tinimsiz mehnati, g’ayrati va matonati bilan egallanadi. Ilm o’rgatuvchi ustozlar bejizga “payg’ambarlarning merosxo’rlari” deb e’zozlanmaganlar. Qur’oni karimda o’zi egallagan ilmni boshqalarga o’rgatgan ustozlarning sha’ni-sharafi naqadar ulug’ligi haqida bunday marhamat qilinadi:... Alloh sizlardan imon keltirgan va ilm ato etilgan zotlarni (baland) daraja (martaba)larga ko’tarur. Alloh qilayotgan (barcha yaxshi va yomon) amallaringizdan xabardordir”(Mujodala surasi, 11-oyat).

Payg’ambarimiz alayhi salom ham ilmli kishining ilmsiz kishidan darajasi yuqori ekanligini bir qancha hadislarida bayon qilganlar: “Olimning obiddan ustunligi xuddi mening sizlardan eng quyi darajadagi kishidan ustunligim kabidir” (Imom Termiziy rivoyati).

Ustozga mehr qo’ymagan, hurmat qilmagan shogirdning ilmni puxta egallashiga ishonish qiyin. Bemor kishi o’z ixtiyorini butunlay tabibga topshirganiday, ta’lim oluvchi shogird ham o’zini batamom muallim ixtiyoriga topshirishi, uni e’zozlab hurmatlashi va doimo xizmatida shay turishi kerak.

Hazrat Ali roziyallohu anhu ilm o’rganuvchiga qarata bunday deganlar: «Olimning sendagi haqlaridan biri sen odamlarga ommatan salom berib, muallimga xos salom berishingdir. Uning ro’baro’sida o’tirishing, uning huzurida qo’ling bilan ishora etmasliging, ko’zingni qismasliging, ustozga keragidan ziyoda savol bermasliging, javob berishida unga yordam bermasliging, agar xohlamasa, unga qayta-qayta savol bermasliging, ustoz turishga harakat qilganda uning kiyimlaridan ushlamasliging, uning sir-asrorlarini fosh etmasliging, ustoz huzurida biron-bir kishini g’iybat qilmasliging, uni biron-bir masalada xato qilishini hech qachon tilamasliging, ustoz agar nogoh adashsa, uzrini qabul etishing, ustozga qarata: «Men falonchi bunday deganini eshitdim» yoki «Falonchi sizning xilofingizga gapirdi», deb aytmasliging, ustoz huzurida biron-bir olimni tavsiflamasliging, uzun suhbatidan hech qachon malolga kelmasliging, ustoz xizmatidan o’zingni olib qochmasliging lozim bo’ladi. Ustozning biron hojati chiqib qolsa, uni ado etish uchun barcha qavmlar chopishadi. Ustoz go’yo bir xurmo daraxtiga o’xshaydiki, sen undan biron narsa tushishini poylab turasan». Imom Hasan roziyallohu anhu aytdilar: «Ulamolar bo’lishmaganida edi, insonlar go’yo hayvonlarga o’xshab qolishardi».

Ustozlarni qadrlash haqida so’z ketganda, beixtiyor hazrati Mir Alisher Navoiy bobomizning ushbu so’zlari yodimizga tushadi:

Haq yo’lida kim senga bir harf o’qitmish ranj ila,

Aylamak bo’lmas ado oning haqqin ming ganj ila.

Haqiqatan ham, “ustoz otangdek ulug’” deb, ajdodlarimiz bejiz aytishmagan. Chunki, ota farzandni dunyoga keltirgan bo’lsa, ustoz unga odamiylikdan saboq bergan. Bir mashhur zotdan, nima uchun ustozingizni otangizdan ham ortiq ko’rasiz, deb so’rashganda: “Otam meni erga tushishimga sabab bo’lgan, ustozim esa ruhimni tarbiyalab, ko’kka etishimga sabab bo’ldi”, – degan ekan.

Dinimiz ta’limotiga ko’ra, o’zgalarga ta’lim bergan kishi nafaqat dunyoda izzat-hurmatda bo’ladi, balki vafotidan keyin ham qoldirgan manfaatli ilmi, ta’lim bergan shogirdlarining xizmati, yozgan asarlaridan o’zgalarning foydalanishi tufayli nomai amaliga savob to’xtovsiz borib turadi. Shunday ekan, ustoz va murabbiylar har qancha e’zozlansa, arziydi.

Alloh taolo barcha ustoz va murabbiylarning mashaqqatli mehnatlarida yoru madadkor bo’lsin!

Zayniddin Bozorov,

Kitob tumanidagi “Shayxon”

jome’ masjidi imom xatibi
Админ