Olimlar payg’ambarlarning merosxo’rlaridir
Muallif: Админ
Sana: 30.09.2020
71

Alloh taolo mo’minlarni va shar’iy ilm sohiblari bo’lgan ulamolarni oliy darajalarga ko’tarishi haqida bashorat berib bunday degan:

«Alloh sizlardan iymon keltirganlarning va ilm berilganlarning darajalarini ko’taradir» (Mujodala surasi, 11-oyat).

Alloh taolodan chin ma’noda qo’rqish olimlarning sifati ekanligini qur’oni karimda shunday e’tirof etiladi: “Allohdan bandalari ichidan faqat olimlarigina qo’rqarlar. Albatta, Alloh aziz va o’ta mag’firatli Zotdir”.

Ulamolarning fazli haqida Abu Dardo roziyallohu anhudan rivoyat hadisi sharifda shunday marhamat qilinadi: «Men Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning shunday deyayotganlarini eshitdim: «Kim ilm talab qilish yo’liga yursa, Alloh unga jannat yo’lini oson qilib qo’yadi. Albatta farishtalar tolibi ilmni rozi \qilish uchun qanotlarini qo’yadi. Olim uchun osmondagi zotlar, erdagi zotlar, hatto suvdagi baliqlar ham istig’for aytadi. Olimning obiddan fazli xuddi to’lin oyning boshqa yulduzlarga nisbatan fazliga o’xshaydi. Olimlar payg’ambarlarning merosxo’rlaridir. Payg’ambarlar dinorni ham, dirhamni ham meros qoldirmaganlar. Ular ilmni meros qoldirganlar. Kim o’shani olsa ulug’ nasibani olibdi» (Termiziy rivoyati).

Darhaqiqat, ulamolar Rasululloh sollallohu alayh vasallamdan so’ng odamlarni haqqa chaqiradigan, johillarga ta’lim beradigan, adashganlarni yo’lga soladigan va bid’atlarning halq orasiga kirib kelishini oldini oladigan zotlardir.

Imomi A’zam Abu Hanifa rahmatullohi alayhdan shunday deganlari rivoyat qilinadi: «ustozim Hammodning hurmati uchun uning uyi tomonga oyog’imni uzatmaganman. Holbuki, uning uyi bilan mening uyim orasida ettita ko’cha bor edi. Hammod vafot etgandan so’ng qachon namoz o’qisam har safar albatta ota-onamga qo’shib, unga ham Allohdan mag’firat so’raganman. (Nafaqat u) Balki, kimdan nimadir o’rgangan bo’lsam yoki kimdir menga nimadir o’rgatgan bo’lsa, albatta o’sha kishilar uchun ham doim Allohdan mag’firat so’rayman».

Imom Abu Yusuf rahmatullohi alayh: «men duoda avval Abu Hanifaning haqqiga duo qilib, keyin ota-onamni tilga olaman», der edi.

Imom Shofeiyning shogirdi Rabiy’ aytadi: «Allohga qasamki, Shofeiy qarab turgan paytda hatto suv ichishga ham jur’at qilolmasdim».

Imom Shofeiyning o’zlari esa shunday xotirlaydilar: «Imom Molikning huzurida o’tirsam, sharaqlagan tovushi eshitilmasin deb, kitobni o’ta ehtiyotkorlik bilan varaqlardim».

Imom Ahmad ibn Hanbal rahmatullohi alayh shunday hikoya qiladilar: «o’ttiz yildan beri biron-bir kecha o’tmaganki, agar Shofeiyning haqqiga duo qilmay uxlagan bo’lsam».

Rasulullloh sollallohu alayhi va sallam marhamat qilib, dedilar: “Ilm o’rganing, ilm uchun sakinat va viqorni ham o’rganing. Va sizlarga ilm o’rgatayotganlarga tavoze’ bilan o’zingizni past tuting!” (Imom Tabaroniy “al-Avsat”da rivoyat qilgan).

Abdulloh ibn Abbos (r.a)ning sahobalarning ulug’lari va ulamolaridan biri bo’lgan Zayd ibn Sobit (r.a)ga qilgan quyidagi ishlari ehtiromning namunasidir: Abdulloh ibn Abbos Zayd ibn Sobit minib olgan ulovning uzangisidan tutib, etaklab yurar, Zayd unga minib olishi uchun o’z qo’lini qo’yib turar va: “Ulamolarimizga mana shunday qilishga buyurilganmiz”, der edi. Tovus ibn Kayson shunday degan: “To’rt nafar kishilarni izzat-ikrom qilmoqlik sunnatdandir: olim, qariya, sulton va otani”.

Hasan Basriy shunday degan: “Ular: “Olimning o’limi islomdagi bo’shliq bo’lib, kecha va kunduzlarning o’zgarib turishi bilan uning o’rnini hech narsa to’ldira olmaydi”, der edilar”. Ya’ni, vaqtning o’tishi bilan boshga tushgan barcha musibatlar unut bo’ladi, uning o’rnini shodliklar to’ldirib yuboradi, ammo vafot etib ketgan olimning o’rnini to’ldiradigan hech narsa topilmaydi.

«Albatta, olimlar anbiyolarning merosxo’rlaridir». Demak, ulamolarimiz oddiy kishilar emas, payg’ambarlarning merosxo’rlaridir. Payg’ambarlar dinor ham, dirham ham meros qoldirmaganlar. Ular ilmni meros qilib qoldirganlar. Kimda-kim o’sha payg’ambarlardan meros qolgan ilmni olsa, ulug’ nasibani olgan bo’ladi.

Alloh taolo o’tgan olimlarimizni O’z rahmatiga cho’mdirsin, tiriklarini umrini uzoq qilsin. Xizmatlariga O’z fazli ila barakotlar, manfaat va mukofotlar ato etsin!

Zayniddin Bozorov,

Kitob tumanidagi “Shayxon”

jome’ masjidi imom xatibi

Админ