Hizbut tahrirning zalolati haqida fatvo
Muallif: Админ
Sana: 25.09.2020
112

Savol: Bizda bir “Hizbut-tahrir” nomli jamoa bor. Islom xalifaligini o‘rnatish haqida bong urishadi. Ulamolar haqida har xil gaplar gapirishadi. Ularga qanday raddiya qilish kerak? O‘zi Islom xalifaligiga qanday yo‘l tutilish kerak?


Javob: Alhamdu lillah, vassolatu vassalamu ala rosulillah.

Insonlar jamoalanish bo‘yicha ikki jamoaga ajraydilar. Rohmanning jamoasi va Shayton jamoalari. Alloh taoloning jamoasi tarqoq bo‘lishi aslo mumkin emas. Alloh taolo aytadi:

إِنَّ الَّذِينَ فَرَّقُوا دِينَهُمْ وَكَانُوا شِيَعًا لَسْتَ مِنْهُمْ فِي شَيْءٍ إِنَّمَا أَمْرُهُمْ إِلَى اللَّهِ ثُمَّ يُنَبِّئُهُمْ بِمَا كَانُوا يَفْعَلُونَ

“Dinlarini (firqalarga) bo‘lib, (turli) guruhlarga aylanganlar (uchun) biror narsada (Siz mas’ul) emassiz. Ularning ishi Allohga (havola). So‘ngra (U) ularni qilib yurgan amallaridan ogoh qilur” (An’om surasi 159-oyat).

Payg‘ambarimiz alayhissalom esa: “Yahudiylar yetmish bir yoki yetmish ikki firqaga bo‘linib ketdi. Nasorolar ham yetmish bir yoki yetmish ikki firqaga bo‘linib ketdi. Mening ummatim esa yetmish uch firqaga bo‘linib ketadi”, deganlar (Imom Abu Dovud Abu Hurayra raziyallohu anhudan rivoyat qilganlar).

Yana Imom Abu Dovud rahimahulloh Muoviya raziyallohu anhudan ham shunga o‘xshash hadis rivoyat qilgan. Unda Payg‘ambarimiz alayhissalom: “Ularning hammasi do‘zaxdadir. Birgina firqa bundan mustasno”, dedilar. Shunda sahobalar: “O‘sha bir toifa kimlar, ey, Allohning Rasuli!” deyishdi. U Zot: “Jamoatdir”, dedilar. So‘ng yana qo‘shimcha qilib aytdilarki: “Albatta yaqin orada shunday qavmlar keladiki, qutirish kasali bemorni qanday egallasa, ularni havoi nafs xuddi shunday egallaydi” – dedilar.

Darhaqiqat, Payg‘ambarimiz alayhissalom xabar bergan narsalari voqe’likda sodir bo‘ldi. Havoi nafsga ergashish ko‘paydi. Firqalar, jamoalar ko‘paydi. Holbuki, Alloh taolo o‘z kitobida aytadi:

وَاعْتَصِمُوا بِحَبْلِ اللَّهِ جَمِيعًا وَلَا تَفَرَّقُوا وَاذْكُرُوا نِعْمَةَ اللَّهِ عَلَيْكُمْ إِذْ كُنْتُمْ أَعْدَاءً فَأَلَّفَ بَيْنَ قُلُوبِكُمْ فَأَصْبَحْتُمْ بِنِعْمَتِهِ إِخْوَانًا وَكُنْتُمْ عَلَى شَفَا حُفْرَةٍ مِنَ النَّارِ فَأَنْقَذَكُمْ مِنْهَا كَذَلِكَ يُبَيِّنُ اللَّهُ لَكُمْ آَيَاتِهِ لَعَلَّكُمْ تَهْتَدُونَ

“Hammangiz Allohning «arqoni»ni (Qur’onini) mahkam tuting va firqalarga bo‘linmang hamda o‘zaro adovatda bo‘lgan paytlaringizda dillaringizni (tutashtirib) oshno qilib qo‘ygan Allohning ne’matini yodda tuting. Uning ne’mati tufayli birodarlarga aylandingiz. Do‘zax chohi yoqasida turganingizda, sizlarni undan qutqardi. Shoyad haq yo‘lni topgaysizlar, deb, Alloh O‘z oyatlarini sizlarga shunday bayon qiladi” (Oli Imron surasi 103-sura).

Payg‘ambarimiz alayhissalom aytadilar: “O‘zlaringizdan oldingilar yo‘liga xuddi (kamon o‘qining) patlari bir xil joylashgani kabi, izma-iz ergashasizlar. Hatto ular zobb (echkiemar)ning iniga kirgan bo‘lsalar, sizlar ham albatta kirasizlar. Sahobalar aytdilar: “Ey, Rasulalloh! Yahudlar va Nasorolarmi?” Payg‘ambar alayhissalom: “Unda kim?” - dedilar.

Yana Payg‘ambarimiz alayhissalom aytdilar: “Mo‘’min mo‘’min uchun xuddi bir birini mustahkamlab turuvchi bino kabidir”.

Ammo bu paydo bo‘lgan hizblar-jamoalar o‘zaro bir-birlaridan tanofurda, nafratdadirlar. Bir birlarini ta’na-ayb qo‘yadilar. Hatto bir kishi: “Bu hizblar din dushmanlarining iroda-istaklarini ya’ni ummatni tafriqaga solish, xotirini parishon qilish, alaloqibat ummatni za’iflashtirish kabi ishlarni amalga oshiryaptilar”, desa to‘g‘ri aytgan bo‘ladi.

Xullas, “Hizbut tahrir” jamoasi qattiq adashgan toifalardan. Men so‘zimning avalidanoq shu so‘zni aytsam balki sizlarga g‘arib tuyular. Aslida bu so‘zni aytishdan oldin muqaddima keltirishim kerakdir. Masalan quyidagicha: “Ushbu hizbut tahrir jamoasi paskash jamoa bo‘lib, Urdunda paydo bo‘lgan. “Ixvonul muslimin”dan ajrab chiqqan. Ixvonchilar ularga bu yo‘ldan qaytsinlar uchun o‘zaro elchilar yuborishgan. Lekin ular qaytishdan bosh tortishgan. Ularning yetakchisi Taqiyuddin Nabahoniy edi. Ular aqida masalalarida quyidagilarni aytadilar: aqidaviy hukm faqat aqldan olinadi. Agar sam’iy ya’ni, naqliy dalildan olinsa, u faqat qat’iy dalil bo‘lishi kerak.

Shuning uchun ham ular azobi qabrni rad qiladilar, Masihud-Dajjolni chiqishini inkor qiladilar. Fazilatli ahloqlar va ilm o‘rgatishga beparvo bo‘ladilar. Hizbchilar quruq siyosatdonlikka o‘rgatiladigan dinga muxolif jamoadir.

Hizbchilarning yetakchisiga: “Nima uchun sizlarda Qur’on yodlatadigan madrasalar ko‘rinmaydi?”, deb so‘ralganda shunday javob bergan: “Men darveshlar chiqarmoqchimasman”. Ko‘rib turganingizdek, ular faqat siyosatga tayanadilar. Ilm, ahloq va qalb tarbiyasi, zuhd, taqvoga sabab bo‘luvchi ilmlar ular uchun qiziq emas. Fiqhiy masalalarda ham o‘zlariga xos jihatlar bo‘lib, ularga ko‘ra erkak kishi nomahram ayol bilan qo‘l berib ko‘rishsa, joiz bo‘ladi. Shuningdek, sho‘roda kofir inson ham bo‘lishi, hamda u umumiy ma’noda voliy, hokim bo‘lishi ham mumkin. Shunday qilib, Hizbut tahrir jamoasi eng adashgan toifalardan biridir.

Men Hizbut–tahrirlik bilan faxrlangan, gerdayganlardan taajjubdaman. Barcha mo‘min musulmonlarni hizbut-tahrir jamoasidan ogohlikka, ulardan uzoq bo‘lishga chaqiraman. Agar biz hizbut-tahrir jamoasini ta’vilchilar, deb hisoblamasak edi, aslida ularni kofir deyishimiz haqli bo‘lardi. Chunki ular azobi qabrni inkor qiladilar. Masihud-dajjolni chiqishini inkor qiladilar. Yetakchilari esa: “Talabalariga Qur’onni o‘rgatish lozim emas. Ulardan darveshlar yetishtirmaslik kerak” – deydi.

Yaman ulamolar kengashi a’zosi

Shayx Muqbil Hodiy Vodiiy

Админ