​Yoshlarimizda axborot iste’moli madaniyatini shakllantirish
Muallif: Админ
Sana: 17.09.2020
194

Yoshlarning faol ijtimoiy kuchga aylanib borayotgani bugungi kunda ularning turli mafkuraviy ta’sir va tazyiqlarning bosh ob’ektiga aylanishiga olib keldi. Bunda ularning jamiyatning hali yetarli tajribaga ega bo‘lmagan, tashqi ta’sirlarga tez beriluvchan va ayni paytda, eng harakatchan qatlami ekani inobatga olinmoqda.
Yoshlarning turli oqimlarga kirib qolishlari sabablari qatorida ularning bilimlari, shu jumladan, diniy ilmlarni egallashga bo‘lgan qiziqish va intilishi hamda ishonuvchanligi, birdaniga va hamma narsaga (boylik, shon-shuhrat, martaba va h.k.) ega bo‘lishga harakat qilishi, ilmiy tilda aytganda maksimalizm kabi ma’naviy-ruhiy omillarni alohida ajratib ko‘rsatish lozim.
Buyuk alloma, vatandoshimiz Abu Rayhon Beruniy aytganidek, «Inson tabiatning eng oliy zoti, kamolotidir, inson zoti barcha hayvonlardan yuqori turadi. Insonga katta sharaf ko‘rsatilgan – unga aql-zakovat va kuch berilgan. Shu sababdan, insonning ma’naviy olami uning oldiga qo‘yilgan vazifalarga mos bo‘lishi uchun u yuksak axloqli, bilimli, ma’rifatli bo‘lmog‘i darkor». Demak, farzand tarbiyasi avvalo, uning ma’naviy poydevori qanchalik mustahkamligi bilan belgilanadi. Darhaqiqat, go‘zal xulq ila tarbiyalangan bola hayotda aql-idrok bilan ish tutadi, imon-e’tiqodida sobit turadi, erkin va mustaqil fikrlaydi, har xil aldovlarga uchmaydi hamda g‘arazli tashviqotlarga berilmaydi.
Ayni paytda, bir haqiqatni alohida qayd etish lozim. Ota-bobolarimiz dini bo‘lmish islom har doim odamlarni o‘z-o‘zini idora etishga, yaxshi xislatlarni ko‘paytirib, yomonlaridan xalos bo‘lishiga chorlagan, og‘ir sinovlarga bardosh berishga, yorug‘ kunlarga intilib yashashga da’vat qilgan, bir so‘z bilan aytganda, xalqimiz uchun ham imon, ham axloq, ham ma’rifat bo‘lib kelgan. Hozirda ham bu ma’rifat odamlarga ma’naviy-ruhiy kuch-quvvat bag‘ishlab, o‘zaro mehr-oqibatlilik tuyg‘ularining kamol topishiga xizmat qilmoqda.
Bugungi kunda ekstremizm va terrorizmga qarshi kurash nafaqat bir davlat yoki mintaqa, balki jahon hamjamiyati uchun eng dolzarb masalaga aylandi. Shu jumladan, bizning yurtimizda ham begunoh kishilarning qoni to‘kilishi, obod joylar vayron bo‘lishi, aholi o‘rtasida vahima, parokandalik kelib chiqishining oldini olish maqsadida bu kabi ishlarni amalga oshirmoqchi bo‘lganlarga qarshi qat’iy kurash olib borilmoqda.
Hozirgi kunga kelib mintaqada, xususan, O‘zbekistonda diniy-ma’rifiy sohaning rivojlanishi diniy mutaassiblik xavfining oldini olishda muhim omil bo‘lib qolmoqda. Ammo g‘arazli kuchlar ham o‘z maqsadlariga erishish yo‘lida yangi-yangi uslublarni, hiyla-nayranglarni o‘ylab topishlari ham tabiiy. Bu kabi salbiy holatlarning paydo bo‘lishi va rivoj topishiga yo‘l qo‘ymaslik esa doimiy hushyorlikni talab etadi.
Ming afsuski, diniy savodi past bo‘lgan ayrim kishilar o‘zlarini islom dinining jonkuyarlari qilib ko‘rsatuvchi, aslida esa, hokimiyatni egallashni maqsad qilib qo‘ygan turli oqim vakillarining quruq va’dalariga aldanib qolmoqdalar, hatto, o‘zlarini qurbon qilishgacha yetib bormoqdalar. Johillik ham mutaassib oqimlarning g‘arazli niyatlarini amalga oshirishiga zamin yaratadigan omillardan biriga aylandi. Mamlakatimiz hududiga yashirin tarzda olib kirilayotgan ekstremistik ruhdagi adabiyotlar, internet tarmoqlarida tarqatilayotgan materiallardan ta’sirlanayotgan va to‘g‘ri yo‘ldan adashayotganlarning borligi ham buni tasdiqlaydi. O‘zini portlatish orqali begunoh kishilarning halok bo‘lishiga, qanchadan-qancha bolalarning yetimga aylanishiga sabab bo‘ladigan jafokorlik ham jaholatning o‘ziga xos ko‘rinishidir. Darhaqiqat hozirgi kunga kelib ekstremistik tashkilotlar keng tarmoqli tizimga aylanib ulgurdi. Bu chuqur o‘ylangan strategiyaning bir qismidir. Bunday kuchlar yoshlarimiz ongi va qalbini zabt etish maqsadida har qanday qabih yo‘llardan foydalanishga urinmoqda.
Yuqoridagi mulohaza va dalillar, ekstremizm va mutaassiblikning asl qiyofasini ochib berib, mazkur harakatlarning nafaqat dunyoviy qonun-qoidalar, balki islom dini asoslariga ham zid ekanini ko‘rsatadi. Shunday ekan, bunday oqimlarga qarshi murosasiz kurash, terrorchilik harakatlarini amalga oshirayotgan mutaassib kuchlarning islom diniga mutlaqo yot, begona ekanini har tomonlama asoslash dolzarb vazifalardan biri hisoblanadi.
Hozirgi kunda farzandlarimiz dunyoning eng o‘tkir, faol, uddaburon, Vatanparvar yoshlariga aylanishi, ularni fidoiylik, vatanparvarlik, tadbirkorlik, millatparvarlik, sadoqatga o‘rgatish ko‘p jihatdan ota-onalarga ham bog‘liq. Bu borada, albatta, ota-onaga yordam berishda butun jamoatchilik – mahalla faollari, diniy ma’rifat va ma’naviy-axloqiy tarbiya masalalari bo‘yicha maslahatchi, profilaktika noziri, kabi tashkilotlarning joylardagi mas’ullari birgalikda faol ishlashlari kerak.
Respublikamizda qaror topgan tolerantlik muhitini afkor ommaga ob’ektiv ko‘rsatib berish, e’tiqod erkinligi sohasida O‘zbekistonda olib borilayotgan siyosatni keng targ‘ib qilish, ekstremistik oqimlar tomonidan targ‘ib qilinayotgan vayronkor g‘oyalarga qarshi islom manbalariga asoslangan ilmiy raddiyalar berish, diniy mutaassiblik tamoyillarining jamiyatga tahdidi, uning zamiridagi g‘arazli geosiyosiy maqsadlar, ularni amalga oshirayotgan buzg‘unchi kuchlarning kirdikorlarini fosh etishga qaratilgan ishlanmalar yaratish yoki ularni aholi orasida targ‘ib etish muhim ahamiyat kasb etadi.
Demak, har bir insonning o‘z ishini sidqidildan amalga oshirishi, loqaydlik, beparvolikning oldini olishi, yon-atrofida bo‘layotgan voqea-hodisalarga hushyorlik bilan qarab, Vatan tinchligi yo‘lida sergak va ogoh bo‘lib yashashi, yoshlarimizning ongu qalbini jaholatdan, yot va zararli g‘oyalar ta’siridan himoya qilish, ajdodlarimizga armon bo‘lib qolgan, biz erishgan mustaqillik va tinchlik-osoyishtalikni ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylashning muhim omili hisoblanadi. Buni hech qachon unutmasligimiz, tinchlik uchun doimo o‘zimizning bor kuch va imkoniyatlarimizni safarbar etib yashashimiz lozim.
Hozirgi kunda hayotimizni internetsiz tasavvur qilish juda mushkul. Ayniqsa, yoshlar hayotida global tarmoqning o‘rni tobora oshib bormoqda. Internet dunyoning turli nuqtalarida yashovchi odamlarning o‘zaro muloqotini hamda axborot almashinuvini mukammal darajada osonlashtirdi. Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, dunyo bo‘yicha internetdan eng ko‘p foydalanuvchilar aynan 21 dan 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar hisoblanar ekan.
Yurtimizda ham Internet tizimi rivojlanib, undan foydalanuvchilar safi jadal sur’atlar bilan kengayib bormoqda. So‘nggi o‘n yilda global tarmoqdan foydalanuvchilar o‘n barobarga oshgan. Tarmoq orqali axborot izlash, qabul qilish, uzatishning juda qulay va ommabopligi undan foydalanuvchilar sonining tobora ortib borishini ta’minlamoqda.
Internet yoshlar ongi va hissiyotlariga, tafakkur tarziga, xulq-atvorlariga ta’sir ko‘rsatishda katta imkoniyatlarga ega. Internetning bugungi kundagi rivoji yoshlarga g‘oyaviy ta’sir o‘tkazishning miqyosi va ko‘lamining keskin darajada o‘sishiga olib keldi.
Globallashuvning ijobiy va salbiy tomonlari bo‘lgani kabi, internet tarmog‘i ham shunday xususiyatlarga ega ekanini unutmaslik zarur. Albatta, global tarmoq – ulkan resurs. Biroq, bu resursdan kim va qanday maqsadlarda foydalanishi ham juda jiddiy masalalar sirasiga kiradi. Xususan, ma’lumotlarda keltirilishicha, bugungi kunga kelib, internet tarmog‘ida ma’naviy-axloqiy tubanlikni targ‘ib etuvchi sahifalarning soni bir necha yuz millionni tashkil etgan.
Boshqacha aytganda, kishilarimizda, ayniqsa, yoshlarimizda axborot iste’moli madaniyatini shakllantirish bugungi kunning muhim vazifalaridan hisoblanadi.
Aynan shu taraqqiyot vositasidan ustamona foydalanib, qalblarni zabt etishda diniy omilning roli yuqori. Shuning uchun ham turli ekstremistik va terrorchi uyushmalar o‘z g‘oyalarini targ‘ib qilishda internetni eng samarali vosita sifatida qo‘llamoqda. Bunda ekstremistik oqimlar o‘z maqsadlarini amalga oshirish uchun zamonaviy axborot kommunikatsiyalaridan keng foydalanish, internet orqali turli tillarda targ‘ibot olib borish va puxta ishlangan strategiya asosida virtual jamoatlar tuzish asosiy vazifaga aylangan. Masalan, bugungi kunda bir necha yirik terrorchi tashkilotlar o‘z saflariga faol tarzda ijtimoiy tarmoqlar orqali asosan 17-35 yosh oralig‘ida bo‘lgan kishilarni yollamoqda. Bunda psixologik ta’sir samaradorligini yanada oshirish maqsadida ijtimoiy tarmoq a’zolarining sahifalari, qo‘yilayotgan rasmlar, sharh va izohlar hamda olib borilayotgan suhbat mavzularini puxta o‘rganadi va shu asosda «nishon»ga olingan shaxsga mavzuga oid materiallar internetning Facebook, Odnoklassniki, VKontakte, Telegram, Twitter, WhatsApp kabi keng auditoriyaga ega bo‘lgan ijtimoiy tarmoqlar orqali (yozma xabar, matn, fotosurat, stiker rasmlar, audio-video rolik) jo‘natiladi va o‘zaro aloqa yo‘lga qo‘yiladi.
Yoshlar orasida mutaassiblikka yo‘g‘irilgan bunday forumlarning tobora ommalashuvi hamda ularda turli ko‘rinishdagi buzg‘unchi «fatvo»larning berib borilishi muammoning naqadar jiddiy ekanini namoyon etadi. Chunki dunyo aholisining asosiy qismini yoshlar tashkil qiladi. Yoshlar katta kuch hisoblanadi. Ularning endi shakllanib kelayotgan ongiga nimani singdirilsa, o‘sha toshga o‘yilgan naqshdek muhrlanadi. Shuning uchun ham radikal oqimlar aynan yoshlarni tuzog‘iga ilintirishga harakat qiladi. Ulardagi ishonuvchanlik, kuch-g‘ayrat, qiziqqonlik ularning maqsadini amalga oshirishda qo‘l keladi.
Darhaqiqat, islom dini ko‘rsatmalarida ham naql qilingan biror xabarga ishonishdan avval uni tekshirib, aniqlab olish talab etiladi. Jumladan, Qur’oni karimda shunday deyiladi: Ey, mo‘minlar! Agar sizlarga biror fosiq kimsa xabar keltirsa, sizlar (haqiqiy ahvolni) bilmagan holingizda biror qavmga aziyat yetkazib qo‘yib, (keyin) qilgan ishlaringizga pushaymon bo‘lmasligingiz uchun (u xabarni) aniqlab (tekshirib) ko‘ringiz! (Hujurot, 6).
Payg‘ambarmiz Muhammad (alayhis-salom)dan rivoyat qilingan hadisda ham shunday deyiladi: «Xabarni tekshirish Allohdan, (unda) shoshqaloqlik qilish shaytondandir», deganlar. Shuningdek, Abu Hurayra (r.a.)dan rivoyat qilingan boshqa bir hadisda esa, Rasululloh (alayhis-salom): «Kishining yolg‘onchi ekanligiga uning eshitgan har bir narsasini gapiraverishi kifoya qiladi» deganlar.
Demak, har bir olingan ma’lumotni tekshirib, asosli yoki asossiz ekanini aniqlamay turib, o‘sha ma’lumotga qarab ish tutish islom mohiyatiga ko‘ra, shayton yo‘liga kirish hamda yolg‘onchi bo‘lib qolish bilan barobar bo‘ladi. Chunki bunda xabar tarqatayotgan kishining g‘arazli maqsadini amalga oshirishiga zamin yaratib qo‘yiladi.
Shunday ekan, dunyoning turli mintaqa va hududlarida ro‘y berayotgan ijtimoiy-siyosiy jarayonlar, ziddiyatli to‘qnashuvlarga teran qarash hissini oshirish, har qanday ko‘rinishdagi tahdidlarga qarshi ma’naviy-ma’rifiy ishlarni zamon talablari asosida tashkil etish, ayniqsa bu borada kelajagimiz hisoblangan yosh avlodni, bir so‘z bilan aytganda har birimiz uchun muqaddas bo‘lgan oilamizni din niqobi ostidagi yot g‘oyalar ta’siridan asrash uchun bor kuch va imkoniyatlarimizni safarbar etishimiz lozim.


Muzaffar Qosimov,
“Xoja Buxoriy” o‘rta maxsus islom
bilim yurti ma’naviy -ma’rifiy
ishlar bo‘yicha mudir o‘rinbosari

Админ