​BIR HADIS SHARHI
Muallif: Админ
Sana: 10.09.2020
147

عن أبي هريرة رضي الله عنه: أن رسول الله صلى الله عليه وسلم قال:من كان يؤمن بالله واليوم الآخر، فليقل خيرًا أو ليصمت، رواه البخاري ومسلم.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sallolohu alayhi vasallam: “Kim Alloh va oxirat kuniga iymon keltirgan bo‘lsa, yaxshi gap aytsin yoki jim tursin”, dedilar”. Imom Buxoriy rivoyati

Hadisning sharhi: Inson uni yaratgan Allohga ymon keltirsa va uning amaliga yarasha qiyomat kunida jazo yoki mukofot berilishiga iymon keltirgan bo‘lsa hadisda keltirilgan xulqlar bilan xulqlanishi lozim.
Hadisni jamiyatda tutgan o‘rni shundan iboratki, bu buyuk hadis bo‘lib, ijtimoiy hayotimizda yaxshilik va ezgulikka yetaklovchi odob va axloqlar borasida muhim o‘rin tutadi.
Ushbu hadis borasida Hofiz ibn Hajar rahmatullohi alayh shunday deganlar: “Mazkur hadis purma’noli so‘zlarni o‘zida ifoda etuvchi hadislar turkumiga kiradi. Chunki, so‘z borki u yaxshi yoki yomon so‘z bo‘lishi mumkin. So‘ning yaxshisini tarkibiga inson gapirishi vojib bo‘lgani bo‘lsin yoki gapirishi mubohi bo‘lsin barcha talab qilinganlari kiradi. Shunday ekan, Rasululloh alayhissalom gapning qaysi turi bo‘lsin faqat yaxshi so‘zlarni gapirishga ruxsat berdilar. Undan tashqari yomon yoki yomonlikka taalluqli so‘zlar bo‘lsin, uni gapirmoqchi bo‘lgan kishini jim turishga buyurdilar”.
Ibn Hajar Haytamiy rahmatullohi alayh: “Mazkur hadis juda buyuk qoidalarni o‘z ichiga olgan. Chunki unda, inson a’zolari ichida eng ko‘p ishtirok etadigan tilimizga taalluqli bo‘lgan hukmlar bayon qilingan. Manashu e’tibordan kelib chiqib, ushbu hadis islom dinini uchdan biriga teng keladi desak to‘g‘ri bo‘ladi” deydilar”.
Imom Navaviy rahmatullohi alayh aytadilar: “Agar banda bir so‘zni gapirmoqchi bo‘lsada, uning gapiradigan gapi haqiqatda yaxshi so‘z bo‘lsa, uning uchun savob oladi va bunday gapni gapirish mumkin bo‘ladi. Agar kishining gapiradigan gapida savobga yetaklaydigan gap bo‘lmasa o‘sha gapni gapirmasin balki jim tursin”.
Dinimiz vaqtni qadrlaydigan dindin. Shuning uchun musulmon inson uni foydasiz narsalarga sarflamasligi lozim. Chunki, Alloh taoloning zikrini qo‘yib keraksiz gap-so‘zlar bilan mashg‘ul bo‘lgan odam gavharni qo‘yib, tezakni olgan bilan barobardir.
Hakimlardan biridan: “Seni bunchalik hikmatga nima yetkazdi? deb, so‘raganida: “Bilganimni so‘ramayman, keraksiz narsani gapirmayman” degan ekan. Xulosa shulki, har bir gapirgan so‘zi uchun qiyomatda hisob-kitob qilinishini o‘ylagan inson faqat foydali so‘z so‘zlaydi yoki jim turadi.

O‘. Mahmudov
“Xoja Buxoriy” o‘rta maxsus islom
bilim yurti o‘qituvchisi

Админ