​Noxolis axborot tarqatish - adolatsizlikdir
Muallif: Админ
Sana: 08.09.2020
149

Bugun O‘zbekistonda ro‘y berayotgan o‘zgarishlar, yangilanishlar barchani birdek xursand qilmoqda. Odamlarimiz yuzida bu kabi islohotlarga xayrixohlik, qo‘llab-quvvatlash singari ezgu niyatlarning mujassamligi shundoq bilinib turibdi. Davlatimiz rahbarining so‘ngi bir necha yil ichida Respublikamiz taraqqiyoti, xalqimiz farovonligi, ichki va tashqi siyosatimiz yo‘lida boshlagan sa’y-harakatlari ayniqsa, qo‘shnilar bilan iqtisodiy, savdo-sotiq, ilmiy-ma’rifiy kabi barcha sohalarga qaratilgan teng va ochiq hamkorlikni yo‘lga qo‘yishi ayni muddao bo‘ldi. Mazkur o‘zgarishlar orasida diniy sohasida olib borilayotgan islohotlarni alohida ta’kidlash kerak.
Lekin hamma narsa ham biz o‘ylagandek silliq bo‘lmas ekan. Demoqchimizki O‘zbekistondagi bu o‘zgarishlarni ko‘rolmaydigan, qalblari hasad va nifoq bilan zaharlangan kishilar hali hamon uchrab turgani ham haqiqat.
Boshqa sohalarda bo‘lgani kabi diniy sohasidagi ishlarning bosh tashabbuskori muhtaram Prezidentimiz ekani bunday kimsalarni qattiq sarosimaga solmoqda. Ayniqsa, dolzarb muammolarni Davlatimiz rahbari tomonidan hal etilishi, kutilmagan tashabbuslar qilinishi, islohotlar amalda o‘z ifodasini topayotgani bunday kimsalarni esankiratib qo‘ymoqda. Natijada tirnoq ichidan kir qidirishga o‘rganib qolgan noxolis nashrlar nima qilarini bilmay qolmoqda. Shunday bo‘lsada, “bukrini go‘r to‘g‘rilaydi deganlaridek” ular qabih ishida davom etmoqda.
Yodingizda bo‘lsa bir qancha vaqt oldin xorijiy nashrlardan biri, “Ellik foizdan ko‘p o‘zbekistonliklar o‘zini dindor, deb hisoblar ekan”, degan mutlaqo asossiz xabarlar tarqatgan edi. Tabiyki e’lon qilgan bunday mantiqsiz maqolani o‘qib ko‘pchilik taajjubga tushdi. Qanday qilib, aholining 94 foizi Islom diniga amal qiladigan musulmonlarga bunday nisbat berish mumkin. Asl vaziyatdan xabardor bo‘lmay turib, bunday asossiz ma’lumot tarqatishga ularning nima haqlari bor.
Vaziyatni aniq bila turib noxolis axborot tarqatish o‘ta adolatsizlik, xorijdagi fitnachi OAVlarning ishi fitna-fasod, lekin o‘zimizdagi saytlarning bu ishga bosh qo‘shayotgani xatarlidir, hozir bunaqalar kimning tegirmoniga suv quyayotganini bilmaydi, bularga vaqtida javob berib chorasini ko‘rish har bir kishining muqaddas burchi hisoblanishi kerak. Eng yomoni internetda tarqatilayotgan, dinimiz yo‘lida yurtimizda amalga oshirilayotgan xayrli ishlardan kamchilik izlab noto‘g‘ri talqin qilish fitna keltirib chiqaradi.
Qolaversa internet maydonidagi ma’lumotlar bugun chegara bilmas, taqiqsiz manbaga aylandi. Aslida ezgulik maqsadida yaratilgan tarmoq, afsuski, yolg‘on va zalolatga ham birdek xizmat qilayapti. Internetdan foydalanish ko‘nikmasiga ega bo‘lganlarning aksariyatini yoshlar tashkil etayotgani kishini bir oz xavotirga soladi. Sir emaski, internetdagi buzg‘unchi manbalar hali e’tiqodi shakllanmagan g‘o‘r yoshlarimizning ongini zaharlab, ularni jang maydonlarida qurol ko‘tarib, noma’lum maqsadlar yo‘lida qurbon bo‘lishiga sabab bo‘lmoqda. Bugun targ‘ibotning eng so‘nggi usullaridan foydalanayotgan diniy-ekstremistik saytlardagi kimsalar o‘zlarini an’anaviy din vakili sifatida ko‘rsatib, hamon olg‘irlik payidalar.
Diniy savodi bo‘lmagan kishining to‘g‘ri bilan yolg‘onni farqlashi mushkul. Shuning uchun bo‘lsa kerak ayrim hollarda odamlarimiz diniy ehtiyojini qondirish maqsadida buzg‘unchi manbalarning o‘ljasiga aylanib qolmoqda. Eng maqbuli internetdagi uz domenidan boshqa diniy-islomiy mazmundagi saytlardan foydalanmaslik maqsadga muvofiq bo‘ladi. Shuningdek, ayrim diniy istilohlarni noto‘g‘ri talqin etuvchi, yurtimizdagi jarayonlarni keskin va noxolis baholovchi, ko‘rinishdan beozor, ekstremistik mazmundagi audio, video hamda elektron kitoblarni saqlovchi, saytlarga kirmaslikni tavsiya etamiz.
Ular hayotda o‘z o‘rnini topishga intilmagan, oqibat o‘zidan emas jamiyatdan norozi bo‘lgan yoshlarga tezda boyib ketishni va’da qilib mazhabsizlik, jihodga targ‘ib, boshqalarni kufrda ayblash, rasmiy diniy rahnamolarni obro‘sizlantirishni maqsad etadilar.
Xulosa qilib aytganda bugungi jamiyatda asosiy ziddiyatlar bilim va bilimsizlik o‘rtasida yuz berishini hisobga olsak, yosh avlodni diniy-milliy qadriyatlar asosida tarbiyalash, ular qalbida o‘z xalqi, Vataniga mehr-sadoqat tuyg‘usini kuchaytirish, ularni har xil buzg‘unchi kuchlarning axborot xurujlaridan ogoh etish eng asosiy ustuvor vazifamiz hisoblanadi. Alloh taolo hamisha yurtimizni tinch va osmonimizni musaffo qilsin.

Xoja Buxoriy o‘rta maxsus islom bilim yurti
o‘qituvchisi Qodirov Omon

Админ