​Din niqobi ostidagi g‘oyaviy xurujlardan ogoh bo‘laylik!
Muallif: Админ
Sana: 08.09.2020
176

Din insonlar hayotida doimo muhim o‘rin tutib kelgan. Uning yaratuvchilik va bunyodkorlik, uyushtiruvchilik va yo‘naltiruvchilik salohiyati hamisha jamiyat rivoji, inson kamolotiga xizmat qilgan. Ayni paytda, insoniyatning ko‘p asrlik tarixi dindan niqob sifatida foydalanish, undagi g‘oyalarni vayronkorlik ruhida talqin etish odamlar boshiga ko‘plab kulfatlar keltirganini ko‘rsatadi. Afsuski, bugungi kunda ham biz mana shunday jarayonlarga guvoh bo‘lmoqdamiz. Jahonning turli nuqtalarida ro‘y berayotgan terrorchilik xatti-harakatlari, qonli to‘qnashuvlar, xalqimiz, avvalo, o‘sib kelayotgan yosh avlodda mutaassiblik, o‘zaro nizo, urushlarning mudhish va vayronkor oqibatlari haqida tizimli tasavvur hosil qilish, yurtimiz aholisi, xususan, yoshlar va ayollar ongini zaharlashga urinayotgan kuchlarga aldanib qolmaslik maqsadida g‘oyaviy immunitetni oshirish va joylarda kuchaytirilgan ma’naviy-ma’rifiy targ‘ibot-tashviqot ishlarini olib borishni dolzarb vazifa qilib qo‘ymoqda.

Yurtimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamdagi islohotlar, xalqimizning to‘q va farovon yashayotganliklari, yaratib berilgan imtiyoz va erkinliklar, eng asosiysi, tinch xayotimiz ana shu xalqaro terroristik va ekstremistik tashkilotlar va ularning ma’naviy rahnamolariga tinchini buzmoqda. Shu boisdan ular zo‘r berib, o‘z g‘arazli maqsadlari – g‘oyalarini yoyishga, millat birligi, yurt tinchligiga rahna solishga urinishmoqda.
Ekstremistik guruhlarning bosh maqsadi – «xalifalik» yoki «islom amirligi» tuzish shiori ostida xokimiyatni egallashdir. Ushbu maqsadga erishish yo‘lida hech qanday qabihlikdan qaytishmaydi. Avvalo, aholiga hanafiylik mazhabiga zid mutaassib g‘oyalarni singdirish, ijtimoiy – siyosiy vaziyatni beqarorlashtirish, hukumatga tazyiq o‘tkazish, aholi orasida qo‘rquv, porakandalik, davlatga nisbatan ishonchsizlik kayfiyatini shakillantirish hamda Respublika rahbariyati tomonidan din sohasida olib borilayotgan siyosatni obro‘sizlantirish kabi oraliq maqsadlariga bo‘ysindirilgan faoliyat olib borishga harakat qilishadi. Ularning asosiy faoliyat uslublari ekstremistik ruhdagi adabiyotlar, video va audio tasmalarni tarqatish, yashirin guruhlar tuzish, o‘z a’zolarini davlat tizilmalariga kiritishga intilish, mavjud ijtimoiy – siyosiy voqealikni keskin qoralash, davlat va diniy idora vakilliklarini obro‘sizlantirish hamda shu bilan birga terroristik harakatlarni o‘tkazishdan iborat.
Din niqobi ostida g‘oyaviy xuruj qilayotgan kuchlar bor ekan, kishi xavotirga tushmay qolmaydi, albatta. Bunda birinchi navbatda yurtimizda qaror topgan tinchlik va xotirjamlikni har qanday g‘oyalardan muhofaza qilishni tushunamiz. Zero, Bosh Qomusimizda “O‘zbekiston Respublikasini himoya qilish – O‘zbekiston Respublikasi har bir fuqarosining burchidir”, deb belgilab qo‘yilgan (52-modda). Birinchi Prezidentimiz aytganidek: “Tinchlik va osoyishtalikni asrab-avaylash, himoya qilish faqat muayyan sohalar xodimlarining vazifasi, deganlar qattiq yanglishadi. Bu yo‘lda barchamiz, butun xalqimiz yanada jips bo‘lib, hamjihatlikda harakat qilishimiz kerak”.
Haqiqatan, tinchlik uchun harakat qilish – sarhad ostonasida sergak turishdangina iborat emas. Qolaversa, bugungi globallashuv jarayonida axborot xuruji asosiy qurolga aylanib qoldi. Shundan kelib chiqadigan bo‘lsak, ogohlik va hushyorlik har qanday xurujlarga qarshi tura oladigan vositadir. Shu sababli, avvalo, yoshlarni bunday tahdidlarga nisbatan murosasiz bo‘lishga tayyorlash zarur. Buning uchun ularga aqidaparastlik, mahdudlikning ayanchli oqibatlari haqida muntazam tushunchalar berib borish kerak.
Azaldan ma’lumki, beparvo, loqayd odam dushmandan xavfliroqdir. Dushmanning kimligi, asl qiyofasi avvaldan ma’lum bo‘ladi. Biroq loqayd va beparvo odamning maqsadini birdaniga bilib bo‘lmaydi.
“Tajribamda ko‘rilgankim, azmi qat’iy, tadbirkor, hushyor, mard va shijoatli bir kishi mingta tadbirsiz, loqayd kishidan yaxshiroqdir”, degan buyuk Amir Temur. Abdurahmon Jomiy lafziga ko‘ra: “Beparvolik ming turli sitamlarning sababchisidir”.
Tinchlikning qadriga yetib, shukrini ado etish ham barqarorlikka qo‘shilgan hissa aslida. Chunki noshukrlik jamiyatda ildiz otib ketish xavfi katta bo‘lgan tahdiddir. Bunday insonlarni dinimiz ham qoralaydi: Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) buyuradi: “Allohning insonlarga atalgan bir talay ne’matlari bor. Insonlar bir-birlarining ehtiyojlarini ta’min etgan va bir-birlarining dardlarini aritgan va aritayotgan vaqtlarda bu ne’matlarni ularga berishda davom etadi. Bir-birlarini sevmay, bir-birini chalib yiqitishga o‘ta boshlagan vaqtlarda ularga berayotgan ne’matlarini to‘xtatib, boshqa ahil qavmlarga beradi”.
O‘zini shu muqaddas Vatanning farovonligi uchun daxldor deb biladigan har bir kishi tinchlikning mohiyatini nafaqat anglashi, balki munosib hissasini qo‘shishi zarur. Albatta, farovon kunlarimizning qadriga yetish, asrab-avaylash zimmamizdagi ulkan mas’uliyatdir.

Mirjalil Xudoynazarov,
Xoja Buxoriy nomli o‘rta maxsus
islom bilim yurti o‘qituvchisi

Админ