Yoshlarda mafkuraviy immunitetni shakllantiraylik!
Muallif: Админ
Sana: 05.09.2020
165

Har qanday kasallikning oldini olish uchun, avvalo, kishi organizmida unga qarshi immunitet hosil qilinadi. Biz ham yoshlarimizni ona-Vatanga muhabbat, boy tariximizga, ota-bobolarimizning muqaddas diniga sadoqat ruhida tarbiyalash uchun, ta’bir joiz bo‘lsa, avvalo ularning qalbi va ongida mafkuraviy immunitetni kuchaytirishimiz zarur.

Mafkuraviy immunitet aslida davlat va millatning ma’naviy birligi bo‘lib, ularning ma’naviy sog‘lomligini himoya qiluvchi g‘oyaviy qalqon vazifasini bajaradi. Mafkuraviy immunitetni shakllantiradigan va mustahkamlaydigan omillar quyidagilardan iboratdir:
• har qaysi inson o‘zligini anglashi;
• qadimiy tariximiz va boy madaniyatimiz, ulug‘ ajdodlarimiz merosini chuqurroq o‘zlashtirish;
• bugungi kunda tez o‘zgarayotgan hayot voqeligiga ongli qarab, mustaqil fikrlash;
• diyorimizdagi barcha o‘zgarishlarga daxldorlik tuyg‘usi bilan yashash;
Shaxsning o‘zligini anglashi uning qaysi yurtning farzandi ekanligi, ya’ni nasl-nasabi kimligi, yashashdan maqsadi, o‘z sha’ni, qadr-qimmatini tushunib yetishidan boshlanadi. Shu ma’noda o‘zbek xalqining har bir farzandi o‘z Vatanining shonli tarixi, boy tarixiy va madaniy merosi, jahon fani va madaniyatiga, umuman insoniyat sivilizatsiyasiga bebaho hissa qo‘shgan buyuk ajdodlari bilan haqli ravishda faxrlana oladi.
Biz islom madaniyatining ravnaqiga bebaho hissa qo‘shgan muhaddislar sultoni Imom Buxoriy, Iso Termiziy, Imom Moturidiy, Burhoniddin Marg‘inoniy, Abduholiq G‘ijduvoniy, Bahouddin Naqshbandiy, buyuk Sohibqiron Amir Temurning, Alisher Navoiy va Mirzo Bobur kabi ulug‘ ma’rifatparvarlarning avlodiga mansub ekanligimizni his etishdan ko‘nglimiz tog‘dek ko‘tariladi.
O‘zligini anglay boshlagan kishigina shaxs darajasiga ko‘tariladi. Demak, o‘zlikni anglash, avvalo har bir insonning shaxsi, alohida «meni» bilan bog‘liq. O‘zligini anglagan inson ma’naviy yuksalishga erishadi, har qanday sharoitda ezgulikka intiladi. Buyuk mutafakkir bobomiz Alisher Navoiy:
Odami ersang, demagil odami,
Onikim yo‘q, xalq g‘amidin g‘ami, – deganlarida, birinchi navbatda, inson o‘zligini anglashini ijtimoiy munosabatlar asosida ko‘rishi zarurligiga alohida urg‘u bergandi.
Shu bilan birga qadimiy tarixi va boy madaniyatini, ulug‘ ajdodlarining merosini chuqur o‘zlashtirgan, ya’ni o‘zligini to‘liq anglagan shaxsning ma’naviy immuniteti mustahkam bo‘lishi shubhasizdir.
Shunisi e’tiborga molikki, mamlakatimizda mustaqil fikrlaydigan, zamonaviy bilim va kasb-hunarlarga ega, hayotga yangicha qaraydigan, sobiq mustabid tuzumga xos tushunchalardan ozod bo‘lib voyaga yetayotgan, o‘z fikri va qarashlariga ega bo‘lgan navqiron avlod hayotga ishonch bilan kirib kelmoqda. Shunisi ahamiyatliki, ular vatanimiz taraqqiyoti yo‘lida hal qiluvchi kuchga aylanmoqda.
Vatanga muhabbat hissi insonning qalbida tabiiy ravishda tug‘iladi. Ya’ni, tom ma’nodagi shaxs o‘zligini anglagani, nasl-nasabini bilgani sari yuragida Vatanga muhabbat tuyg‘usi ildiz otib, yuksala boradi.
Mafkuraviy immunitetni mustahkamlashda har bir vatandoshimiz: «Shu davlat, shu jamiyat menga nima berdi?» – deb emas, balki: «Men o‘zim Vatanimga, halqimga nima berdim?» – deb fikrlashiga, fuqarolarimizning Vatan manfaati va ravnaqi uchun fidoyi bo‘lishiga erishish asosiy maqsadimizdir.
Yuksak insoniy fazilatlarni mafkuraviy immunitetning qon tomirlari deb atash mumkin. Milliy tabiatimizga xos bo‘lgan mehr-oqibat, muruvvat, andisha, or-nomus, sharmu hayo, ibo va iffat kabi betakror fazilatlar bilan birga xalqimizni ko‘p jihatdan ajratib turadigan bag‘rikenglik, mehmondo‘stlik, oqko‘ngillilik singari xislatlar oilada qaror topadi.
Shu boisdan har bir inson uchun Vatan, insoniylik tushunchasi, avvalo, oiladan boshlanadi. Shuning uchun oilada va mafkuraviy immunitet tushunchalari chambarchas bog‘liqdir. Xalqimizning «Qush uyasida ko‘rganini qiladi», degan maqoli zamirida ulkan ma’no yashiringanligini ko‘rishimiz mumkin. Bu borada oilaning tarbiyaviy-axloqiy ahamiyati, qadr-qimmatini anglab yetmasdan, oilaga millat manfaati nuqtai nazaridan yondashmasdan turib, mafkuraviy immunitetni shakllantirish oson kechmaydi.
Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, odamzotning moddiy olami qanchalik murakkab yoki serqirra bo‘lmasin, uning ma’naviy olami ham shunchalik murakkab va rang-barangdir. Yoshlarimiz ongida oq bilan qorani, zarar bilan foydani, do‘st bilan dushmanning farqiga bora oladigan tafakkurni shakllantirishda mahalla, el-yurt va ustoz-murabbiylar oldida o‘ta muhim vazifa ko‘ndalang bo‘lib turibdi. Bu tarbiya zaminida Vatanparvarlik, insonparvarlik umumbashariy qadriyatlarga hurmat tuyg‘usi yuqori darajada turishi lozim. Alloh taolo jannatmakon diyorimizni yomon ko‘zlardan va barcha ofatlardan omonda saqlasin!

Muzaffar Qosimov,
“Xoja Buxoriy” o‘rta maxsus islom
bilim yurti ma’naviy -ma’rifiy
ishlar bo‘yicha mudir o‘rinbosari

Админ