Rasmiy munosabat: “Sharli Ebdo”dagi karikatura bo‘yicha
Muallif: Админ
Sana: 04.09.2020
277

Shu yil 2 sentyabr kuni Parij shahrida 2015 yilning 7 yanvarida “Sharli Ebdo” jurnali tahririyatiga uyushtirilgan hujumga aloqadorlikda ayblanayotgan 14 kishi ustidan sud ishi boshlandi. Shu munosabat bilan mazkur jurnal tahririyati Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalomga oid karikaturani qaytadan bosib chiqardi.

Ushbu karikatura chop etilishi musulmon olamida turli e’tiroz va noroziliklarga sabab bo‘lmoqda. Jumladan, Misrdagi Al-Azhar universiteti ushbu karikaturani chop etgani uchun “Sharli Ebdo” tahririyatini qoralab bayonot bilan chiqdi. Bayonotda bunday karikaturalarni atayin qaytadan chop etish mo‘min-musulmonlarning hissiyotlarini qo‘zg‘ash, fitna chiqarish va musulmonlarning diniy qadriyatlari, timsollariga nisbatan tajovuz ekani aytiladi hamda bu holat musulmonlar tomonidan qattiq qoralanishi bildiriladi.

Shu o‘rinda, O‘zbekiston musulmonlari idorasi ushbu xatti-harakatni qoralab, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallamni obro‘sizlantirishga qaratilgan holatni xalqlar o‘rtasidagi o‘zaro totuvlikni buzishga qaratilgan fitna, o‘z navbatida, odamlarning diniy e’tiqodi bilan bog‘liq his-tuyg‘ularini haqoratlash, diniy qadriyatlarni oyoq osti qilish, millatlararo va dinlararo adovat uyg‘otish, deb baholaydi.

Shuni ta’kidlash zarurki, kim bo‘lishidan qat’iy nazar Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni har qancha kamsitishga urinmasin, bu ishi bilan muborak dinimizga yoki U zotning siyratlariga zarracha ham ziyon yetkaza olmaydi. Islom tarixidan ko‘rish mumkinki, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam o‘zlariga hatto sui­qasd qilishga intilgan Hakim ibn Hizomni bag‘rikenglik ila kechirib yuborganlar. Suyukli amakilari bo‘lgan Hamza ibn Abu Tolibni o‘ldirgan Vahshiyni bir umr qalblarida qayg‘uli xotira sifatida muhrlangan bo‘lishiga qaramay, uni afv qilganlar. Bular shubhasiz, Qur’oni karimdagi: “Afvni (qabul qilib) oling, yaxshilikka buyu­ring! Johillardan yuz o‘giring!” (A’rof, 199) ko‘rsatmasining amaldagi isbotidir.

Shunday ekan, bunday harakatlarga nisbatan tajovuzkorona emas, balki Nabiy alayhissalomga xos halimlik, bosiqlik va zukkolik bilan munosabat bildirish kerak. Shunda yomon niyatli kimsalar tomonidan xalqlar, millatlar, dinlar o‘rtasiga nizo urug‘ini sochish maqsadida uyushtirilayotgan har xil ko‘rinishdagi fitnalar, turli nayranglarga Payg‘ambarimiz alayhissalomga xos va mos yo‘l tutgan bo‘lamiz.



O‘zbekiston musulmonlari idorasi

Админ