​Tinchlikni saqlash, uni mustahkamlash kundalik ishimiz, muqaddas burchimizdir
Muallif: Админ
Sana: 03.09.2020
193

Dinimiz ta’limotlarida ham ziyrak, hushyor mo‘min beparvo mo‘mindan afzalligi uqtiriladi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam sahobalariga agar birovning yomon ish qilayotganini ko‘rsalar, qo‘l bilan, bo‘lmasa til bilan, unga ham kuchi yetmay, ojiz qoladigan bo‘lsa, hech bo‘lmasa qalbida u ishga norozilik bildirish lozimligi, aslo beparvo o‘tib ketmaslikni o‘rgatar edilar.

Bugun dunyoda yuz berayotgan turli voqea-hodisalar, tahdidlar birgina o‘sha davlat yoki mintaqa hayotiga daxldor degan odam adashadi. Chegara bilmas bu xavf-xatarlar butun insoniyatning, taraqqiyotning dushmanidir. Atrofimizda bo‘layotgan geosiyosiy jarayonlar, diniy ekstremizm, terrorizm, narkobiznes, millatlararo nizolar butun insoniyatga katta ofatlar keltirishini hammamiz ko‘rib, bilib turibmiz.
Vatanimizni ko‘z qorachig‘idek asrash, uning tinchligi va barqarorligini himoya qilish, salohiyatini yanada yuksaltirish mamlakatimizda yashayotgan har bir insonning muqaddas burchidir. Yurtimiz yildan yilga obod bo‘lib, xalqimiz farovonligi yil sayin ortib bormoqda. Ozodlikni sog‘inib, ozodlik yo‘lida kurashib o‘tgan ota-bobolarimizning mashaqqatli mehnati, orzu umidlari va intilishlari ro‘yobga chiqdi. Istiqlol Vatanimiz ozodligi va mustaqilligi, xalqimizning tinch va farovon hayot kechirishi uchun zamin yaratdi.
Azaldan yurtimizda tinchlik va totuvlik, hamkorlik va hamjihatlik ruhi yuksak qadrlangan. Chunki insonlar ongini ezgu fikr egallasa, har qanday kelishmovchilik, buzg‘unchilik va yovuzlik rad etiladi. Ezgu fikrning ifodasi bo‘lgan so‘z yaxshilik va xushmuomalalikning keng yoyilishiga, bu o‘z navbatida, ezgu amallarning chuqur ildiz otishiga, har bir insonning o‘z vazifasini samimiy va sidqidildan ado etishiga va shu yo‘l bilan mamlakat rivoji hamda bunyodkorlikka yo‘l ochadi.
Yuqorida ta’kidlab o‘tganimiz kabi, inson uchun tinchlik va xotirjamlik zarur va bu muqaddas dinimizning, davrimizning talabidir. Bu xususida Payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v.) yana bir hadislarida shunday deganlar: “Kim oilasi tinch, jasadi salomat va huzurida bir kunlik taomi bor holatda tong ottirsa, unga dunyo to‘lig‘icha berilibdi”. (Imom Buxoriy “Al-adab al-mufrad” kitobida rivoyat qilgan).
Darhaqiqat, tinchlikni saqlash, uni mustahkamlash kundalik ishimiz, muqaddas burchimiz ekan, har qaysi fuqaro, avvalo, o‘z vazifasini vijdonan ado etishi, shu bilan birga, g‘arazli maqsadda qilinayotgan axborot xurujlarga, uydirma va mish-mishlarga berilmasdan, sodir bo‘layotgan voqealarga ochiq ko‘z bilan qarashi, o‘z uyi, o‘z mahallasi, shahar-qishlog‘ida osoyishtalik barqaror bo‘lishi uchun jon kuydirishi, mana shu haqiqatni chuqur anglab, ogohlik va hushyorlikni o‘z hayotining mezoniga aylantirishi zarur.

Sirojiddin Jahonov,
“Xoja Buxoriy” o‘rta maxsus
islom bilim yurti o‘qituvichi

Админ