​Mafkuraviy tahdidlar va immunitet
Muallif: Админ
Sana: 03.09.2020
164

Yaratgan bandalariga bergan ne’matlarini sanasangiz sanog‘iga yetolmaymiz. Toza havodan nafas olishimiz, zilol suvlardan bahramand bo‘lishimiz, ko‘zimizdagi nur va hur vatanda tinch osuda hayot kechirmoqligimiz ayni saodatdir.
Bu ne’matlarning ichida eng ulug‘ ne’mati tinchlik xotirjamlik ne’matidir. Islom dini tinchlik tushunchasini o‘zining bosh g‘oyasi va muhim shioriga aylantirgani ham bejiz emas, albatta.
Taraqqiyotning hozirgi bosqichida jahonda g‘oyat murakkab va tahlikali jarayon kechmoqda. Bular dunyoning siyosiy, mafkuraviy manzarasidagi o‘zgarishlar, taraqqiyotning yangi bosqichga ko‘tarlishi, bu taraqqiyotga g‘ov bo‘ladigan, demokratik rivojlanishni izdan chiqaradigan, jamiyat barqarorligiga rahna soladigan g‘oyaviy-mafkuraviy to‘siqlarning paydo bo‘lishi bilan izohlanadi.
Mafkuraviy tahdid o‘z mohiyatidan kelib chiqib, eng avvalo, inson ongiga, tafakkuri va xulq-atvoriga xavf-xatar solmoqda. Inson ongi va qalbini vayronkor hamda buzg‘unchi g‘oyalar bilan izdan chiqarishga harakat qilish mafkuraviy tahdidning eng asosiy mazmun-mohiyatini belgilaydi. Mafkuraviy tahdid muayyan jamiyat a’zolarini yagona maqsad va muddaolardan chalg‘itib, milliy mentalitetga mos kelmaydigan begona g‘oyalar, fikrlar, maqsadlar va qarashlarni chetdan turib eksport qilish jarayonida o‘zini yanada aniqroq namoyon qiladi.
Insoniyatning ongli hayoti boshlangan kundan yer yuzida kurashlar davri boshlandi. Shunday asrlar keldiki, butun boshli millatlar yer yuzidan supurib ham tashlandi. Ayrimlari millat sifatidagi qiyofasini yo‘qotib qo‘ydi. Ba’zilari talandi, o‘ldirildi, qul qilindi. Ammo kurash shu bilan to‘xtab qolgani yo‘q. U shaklan bo‘lmasa-da, mohiyatan davom etmoqda. Endilikda bu kurashning usullari o‘zgardi. G‘animlar bilvosita insonlar qalbiga, ongiga hujumga o‘tdilar. Hozirda turli mafkura va madaniyatlar o‘rtasida kurash avjiga chiqdi.
Rasululloh ( s.a.v.) muborak so‘zlarida « Musulmon, uning qo‘li va tilidan boshqa birovlarga aziyat va ozor yetmaydigan kishidir» deganlar. Qur’oni karimda urush chiqarish yo‘lidagi fitnani qotillikdan ham yomon jinoyat hisoblangan. Dinlarning birortasida zulm, qotillik, odam o‘ldirish yoqlanmagan, aksincha mehr-oqibatli, sulhparvar, insonparvar, rahm-shafqatli bo‘lishga chorlangan.
Xalqlarning, elat va qabilalarning har xilligi urushish, janjallashish uchun emas, balki bir-birlari bilan topishib-tanishishlari, bir zaminda ahil-inoq yashashlari uchundir. Binobarin, bir ota va bir onadan tarqalgan insoniyatning bir-biri bilan Alloh ta’qiqlagan ishlar tufayli urushib-talashib yurishi Islom diniga ziddir. Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom ham ko‘plab hadislarida bu g‘oyani ilgari surganlar. Jumladan, “Bir-biringizning qoningiz va obro‘yingizni to‘kishingiz, mol-mulkingizga tajovuz qilishingiz barchalaringizga haromdir”, deganlar (Imom Muslim rivoyati).
Bugun, XXI asr globallashuv jarayonida yoshlarimiz radio-televideniye, matbuot, internet kabi vositalar orqali har xil axborot va ma’lumotlarni olmoqda. Ba’zi bir aqidaparastlar o‘z g‘arazli maqsadlari yo‘lida mafkuraviy ta’sir o‘tkazishga urinib, qabih ishlarini amalga oshirmoqda. Ma’lumki, har qanday kasallikning oldini olish uchun, avvalo, kishi organizmida unga qarshi immunitet hosil qilinadi.
Birinchi Prezidentimiz «Fikrga karshi fikr, g‘oyaga qarshi g‘oya, jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashish har qachongidan ko‘ra muhim ahamiyat kasb etmoqda» deganlar. Demak, biz yoshlar bunday vaziyatda mustaqil fikrlaydigan, ma’naviyatli, milliy qadriyatlarga sodiq, dunyoqarashi keng, irodasi mustahkam, sabr – bardoshli, oshkora va pinhona ko‘rinishdagi ma’naviy tahdidlarga doim tayyor turadigan, zamon bilan barobar qadam tashlaydigan inson bo‘lishimiz lozim.

Rasulov Parmon
“Xoja Buxoriy” o‘rta maxsus
islom bilim yurti o‘qituvchisi

Админ