​Mehr-oqibat va odamiylik yo‘q joyda ahillik, totuvlik, og‘izbirlik bo‘lmaydi.
Muallif: Админ
Sana: 02.09.2020
174

Alloh taolo o‘zi suygan bandalariga o‘zgalarga yaxshilik qilish, odamlarga mehr ulashib, har doim elu yurtga foydasi tegayotganidan zavq olib yashash xislatini berdi.
Jamiyat saodati, qonuniy tartiblar va oilalar mustahkamligida qarindoshlik aloqalarining ahamiyati muhimdir. Zero, Alloh taolo aytadi:
إِنَّ اللّهَ يَأْمُرُ بِالْعَدْلِ وَالإِحْسَانِ وَإِيتَاء ذِي الْقُرْبَى وَيَنْهَى عَنِ الْفَحْشَاء
وَالْمُنكَرِ وَالْبَغْيِ يَعِظُكُمْ لَعَلَّكُمْ تَذَكَّرُونَ
"Albatta, Alloh adolatli, ezgu ishlarga va qarindoshlarga yaxshilik qilishga buyuradi hamda buzuqchilik, yovuz ishlar va zulmdan qaytaradi. Eslatma olursiz, deb (U) sizlarga (doimo) nasihat qilur". (Nahl surasi 90-oyat)
Haq taolo qarindoshlik rishtalariga, haq-huquqiga rioya qilishlikni kishilarning ulug‘ sifatlaridan deb baholadi:
الَّذِينَ يُوفُونَ بِعَهْدِ اللّهِ وَلاَ يِنقُضُونَ الْمِيثَاقَ {20} وَالَّذِينَ يَصِلُونَ مَا أَمَرَ اللّهُ بِهِ أَن يُوصَلَ وَيَخْشَوْنَ رَبَّهُمْ
وَيَخَافُونَ سُوءَ الحِسَابِ {21}
“Ular Allohga bergan ahdlariga vafo qiladigan va "al-Miysoq"ni (va’dani) buzmaydiganlardir. Ular Alloh bog‘lanishga buyurgan narsalarni (ya’ni qarindoshlar bilan aloqani) bog‘laydilar, Parvardigorlaridan qo‘rqadilar va (oxiratda) hisob-kitobning noxush kechishidan cho‘chiydilar”. (Ra’d surasi 20-21 oyatlar)
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Kimni rizqini kengaytirilishi va ajalini ortga surilishi masrur qilsa, qarindoshlariga silai raqm qilsin”, dedilar. Uchovlari rivoyat qilishgan.
Silai rahm qanchalik ahamiyatga ega amal ekanini ushbu hadisi sharifdan bilib olsak bo‘ladi.
Buxoriy, Abu Dovud va Termiziylarning rivoyatida:
“Silai rahm qiluvchi berganga yarasha qaytargan emas. Lekin silai rahm qiluvchi o‘zining silai rahmi kesilganda uni bog‘lovchidir”, dedilar.
Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam bu hakda o‘zlarining boshqa bir hadisi shariflarida:
“Uch narsa Allohning nazdida karamli axloqdandir; senga zulm qilganni avf qilmog‘ing, seni mahrum qilganga ato bermog‘ing va sen bilan aloqani uzgan bilan aloqa bog‘lamog‘ing”, deganlar.
Abu Hurayra (r.a.)dan rivoyat qilinadi:
“Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Nasablaringizdan silai rahm qiladigan narsangizni ta’lim oling. Chunki silai rahm ahlning muhabbatidir, molu mulkning ko‘pligidir va umrning ziyodaligidir”, dedilar.
Mehr-oqibat va odamiylik yo‘q joyda ahillik, totuvlik, og‘izbirlik bo‘lmaydi. Bu qadriyat nafaqat jamoa yoki jamiyat uchun, balki har bir oila uchun ham ahamiyatlidir. Aka-ukalar yoki opa-singillar o‘rtasida mehr-oqibat bo‘lmasa, jabrini ota-ona tortadi. Shuning uchun bolalarni yoshligidan, avvalo, bir-biriga nisbatan, qolaversa, boshqalarga nisbatan ham mehr-oqibatli qilib o‘stirish kerak. Shuningdek, qarindosh-urug‘lar, tanish-bilishlar, hamkasblar, qo‘ni-qo‘shnilar, hatto begonalar o‘rtasida ham mehr-oqibat zarur.


Azamat USMONOV

Админ