​OGOHLIK - XOTIRJAMLIK GAROVI
Muallif: Админ
Sana: 02.09.2020
138

O‘zbekiston tarixan juda qisqa davrda ulkan yutuqlarga erishdi va erishmoqda. Milliy ma’naviyatimiz va qadriyatlarimiz tiklandi, milliy o‘zligimizga qaytdik. Tinchlik va barqarorlik kundalik xayotimizning uzviy qismiga aylandi.

Ayni paytda, osuda hayotimizni izdan chiqarishga urinayotgan yovuz kuchlarning mavjudligini ham kayd etish lozim. Shu nuqtai nazardan qaraganda, tinchlikni asrash, uni asrab-avaylash bugungi kunda ham dolzarb ahamiyat kasb etadi.
Ekstremizm qanday nomlanmasin yoki qanday ko‘rinishga ega bo‘lmasin, uning asosiy maqsadi jangari guruhlarni shakllantirish orqali hokimiyatni qo‘lga kiritishdir.
O‘z maqsadlariga erishish uchun barcha ekstremistlar zo‘ravonlik, ya’ni terrorchilik harakatlarni amalga oshirish yo‘li bilan omma ichida qo‘rquv paydo qilish va o‘zlarining kuchlarini ko‘rsatish orqali hukumatga bosim va tazyiq o‘tkazishga intiladilar.
O‘n to‘rt asrdan buyon e’tiqodida mustahkam bo‘lgan xalqni noto‘g‘ri yo‘lga boshlash samarasiz kechishi turgan gap. Davlatmiz tomonidan dinimizga shunchalar imkoniyatlar berilib turgan bir paytda mazkur toifalar dinga faqat zarar keltirmoqda.
Shunday ekan, Payg‘ambarimizning: «Mo‘min odam o‘zini bir kavakdan ikki marta ilon chaqib olmog‘iga yo‘l qo‘ymas!» – degan hadislarini yoki xalqimizning: «Ko‘r hassasini bir marta yo‘qotadi», – degan dono gapini doimo yodda tutish lozim.
Har bir insonning o‘z ishini sidqidildan amalga oshirishi, loqaydlik, beparvolikning oldini olishi, o‘z atrofida bo‘layotgan voqealarga teran nigoh bilan qarab, Vatan tinchligi yo‘lida hushyor va ogoh bo‘lib yashashi, ajdodlarimizga armon bo‘lib qolgan, biz erishgan mustaqillik va tinchlik-osoyishtalikni ta’minlashning muhim omili hisoblanadi.
Payg‘ambarimiz (s.a.v.)ning "Sizlardan birortangiz to, o‘zi uchun yaxshi ko‘rgan narsani, birodari uchun ham ravo ko‘rmaguncha mo‘min bo‘la olmaydi", degan hadislarida har bir muminning o‘zidan boshqa kishilarga ham yaxshilikni ravo ko‘rishi zarurligi qayd qilingan. Boshqacha kilib aytganda, inson o‘zi uchun yaxshi ko‘rgan narsalarni o‘zgalarga ham ravo ko‘rmagunicha komil mo‘min bo‘la olmaydi. Har kim ham eng avvalo o‘zi, oilasi va yaqinlari uchun sog‘lik-salomatlik baxt-saodat, tinchlik va farovonlikni istashini inobatga oladigan bo‘lsak Payg‘ambarimiz hadislarining asl ma’nosi oydinlashadi.
Muqaddas dinimiz ham kishilarni tinchlikni asrash va barqarorlikni ta’minlash yo‘lida imon, insof, adolat, hamjihatlik va birdamlik bilan harakat qilishga, fitna va o‘zaro adovatga barham berishga chaqiradi. Bu bejiz emas, albatta. Zero, tinchlikparvarlik islom dinining mohiyatini tashkil etadi.

Sirjiddin Jahonov,
“Xoja Buxoriy” islom bilim yurti o‘qituvchisi

Админ