​Beparvo, loqayd qarab turmaylik
Muallif: Админ
Sana: 02.09.2020
120

Insonni go‘zal suratda, tana a’zolarini mutanosib va ko‘rkam holda yaratgan, Yer yuzida tinch-osoyishta va qiyinchiliksiz umr kechirishi uchun juda ko‘p ne’mat va qulayliklarni ato etgan Alloh bandalarni yaxshilikka chorlab, yomonliklardan qaytaradi.
Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam): “Kimga yaxshilik qilish eshigi ochilsa, foydalanib qolsin, zero, uning qachon yopilishini bilmaydi” deganlar. Yaxshi xulq-atvor kishilarga yaxshilik qilish ezgu xislat va olijanob fazilatdir. Buyuk mutafakkirlarimiz ham odamlarni yaxshilikka, yaxshi xulq-atvorli, namunali va ibratli bo‘lishga undaydi, to‘g‘rilik, mehribonlik, halollik kabi ezgu insoniy xislatlarni targ‘ib qiladi.
Shunday ekan, qilayotgan amallarimizga bir nazar solaylikchi, bu o‘tkinchi dunyoda qanday yaxshi amallarni bajarayapmiz. Ota-ona, aka-uka, qarindosh va qo‘shnilarni haqqini beminnat ado etayapmizmi? Yana ham chuqurroq o‘ylab ko‘raylikchi, o‘zimiz qolib birovlarning aybu nuqsonini izlash bilan ovora emasmikinmiz? Ko‘nglimizni, xulqimizni, ikki dunyomizni bezash qolib, boshqalarga loy chaplash bilan mashg‘ul emasmikinmiz? Hayotimizda mol-dunyodan ham qimmatliroq ezgu amallar, insoniy fazilatlar-insof, diyonat, uyat, or-nomus, iffat, burch, savob, sadoqat, vafo, hayo kabi yuksak axloqiy tuyg‘u va qadriyatlar qolib, g‘iybat, tuhmat, riyo, hasad kabi illatlar bilan ovora emasmikiniz? Silai rahm qilish qolib, aka-uka, opa-singil, hattoki ota va bolalar uy-joy talashib, meros bo‘lisholmay o‘rtalarini g‘ishtin devoru-to‘siqlar bo‘lmasa-da, “ko‘rinmas devor” to‘sib qolmayaptimikin? Er-xotin yoki qaynona-kelin janjallari tufayli bolalar yetim qolmayaptimikin? Eng achinarlisi, ba’zi noqobil o‘g‘il-qizlar boylik va imkoniyatlari bo‘laturib, ota-onalari keksaygach, ojiz va notavon bo‘lishganida ularni e’zozlab, parvarishlash o‘rniga qarovsiz tashlab, yoki qariyalar uyiga jo‘natayotganlarida e’tiborsiz loqaydlarcha qarab turmayapmizmikin? Kitob o‘qish, ilmu hunar o‘rganish va o‘rgatish o‘rniga, umuman uchrashmagan, ismlarini ham bilmaydigan insonlar bilan vaqti kelsa, ijtimoiy tarmoqlarda soatlab behuda "gap sotamayapmizmikin"? Yoru do‘stlarimiz kimlarningdir aldoviga uchib, o‘zga yurtlarda xoru zor bo‘lguniga qadar g‘aflatda qolmayapmizmikin? To‘y, marosim va ma’rakalarni me’yorida o‘tkazishga harakat qilinayotganligini bila turib, savob qilayapman, yaxshilik qilayapman deb isrofga yo‘l qo‘ymayapmizmikin? Internet tarmoqlari, chet el teleradiokanallari orqali borgan sari keng targ‘ib etilayotgan umuminsoniy qadriyatlarga zid illatlar va axloq me’yorlariga butunlay qarshi bo‘lgan film, klip va fotosuratlar yoshlarimiz onggiga salbiy ta’sir ko‘rsatib, ulardagi insoniy fazilatlarning yemirilishiga olib kelayotganiga beparvo emasmikinmiz? Shular haqida bir o‘ylab ko‘raylik. Beparvo, loqayd qarab turmaylik.
O‘tkinchi mol-dunyoga hirs qo‘ymasdan, Berilgan ne’matlarning shukrini ado qilib, farzandlarimizga odob-axloq, ilmu hunar o‘rgataylik. Mustaqil Vatanimizni yanada gullab yashnashi uchun odilona mehnat qilib, bir-birimizga mehr muhabbatli, g‘amxo‘r, suyanchiq bo‘laylik.
Azamat Usmonov

Админ