Mustaqillik nuriga cho‘mgan nurli makon, saodat maskani O‘zbekiston
Muallif: Админ
Sana: 28.08.2020
163

Mustaqil diyorda yashash har bir inson uchun o‘zgacha shodlik va baxt, shukh hadiya etadi. Yurtimizning mustaqil yurt bo‘lib gullab yashnab kelayotganligiga yaqin kunlarda 29 yil to‘ladi. Bu esa xalqimiz uchun iftixor va faxr tuyg‘usi bilan yashashlikka, yurtimizning gullab yashnayotganligi uchun kerak bo‘lsa jon fido qilib, mustaqil diyorimizni asrab avaylashga bo‘lgan muhabbatini yanada jo‘sh urishiga sabab bo‘ladi desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Shu bilan birga hurmatli yurtboshimiz Shavkat Mirziyoyev yaratib berayotgan shart-sharoitlar esa beqiyosdir. Bunga misol qilib, diniy-ma’rifiy soha faoliyatinitakomillashtrish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida diniy-ma’rifiy soha faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida Prezident qarorlari hech bir insonni befarq qoldirmaydi.
“Ilm, ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Prezidenti Farmoni imzolandi. Bu yilgi davlat dasturi 299ta banddan iborat bo‘lib, unda umumiy qiymati 18,2 trln. so‘m va 10,3 mlrd. AQSh dollariga teng loyihalar tasdiqlangan edi.
Aynan xavfsizlik, millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglikni ta’minlash hamda tashqi siyosat sohasida ko‘plab ishlar amalga oshirildi. Jumladan: Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekistan Respublikasining milliy strategiyasi tayyorlandi; Inson huquqlari bo‘yicha Osiyo forumi tashkillashtirildi; O‘zbekistan Respublikasi yagona axborot siyosati konsepsiyasi ishlab chiqildi; “Xalqaro do‘stlik kuni” munosabati bilan birinchi marta “Do‘stlik haftaligi” va “Do‘stlik” xalqaro forum-festivali o‘tkazildi; Xalqaro standartlarni inobatga olgan holda davlat siri deb hisoblangan ma’lumotlar ro‘yxatini qayta ko‘rib chiqish hamda uni maxfiylikdan chiqarish bo‘yicha choralar ko‘rildi; Kiberxavfsizlikka doir milliy strategiya va qonun loyihasi ishlab chiqildi;
Bundan tashqari, Surxondaryo viloyati Termiz shahrida «Imom Termiziy» o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi ochildi. Yangi diniy ilm dargohi davlatimiz rahbarining 2019 yil 17-18 oktyabr kunlari Surxondaryo viloyatiga tashriflari davomida bergan topshiriqlari ijrosi yuzasi o‘laroq tashkil etilgan. Ushbu ta’lim muassasasi O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi diniy ta’lim maskani bo‘lib, o‘rta maxsus diniy ma’lumotli islom shariati va hadis ilmlari mutaxassisi, imom-xatiblar tayyorlanadi. Mazkur ta’lim muassasasiga 2020-2021 o‘quv yili uchun abituriyentlar qabul imtihonlari asosida o‘qishga qabul qilinadi. Ta’lim muassasasiga umumiy o‘rta ta’lim (11-sinf negizida) yoki o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’lim muassasasini tugatganligi haqida hujjat (diplom)ga ega bo‘lgan fuqarolar qabul qilinadi.
Pandemiya sharoitida “Saxovat va ko‘mak” umumxalq harakati o‘tkazildi. Bunda avval ajratilgan 10 trillion so‘m mablag‘ga qo‘shimcha ravishda yurtboshimiz imzolagan Farmonga muvofiq, respublika byudjetidan yana qariyb 2,5 trillion so‘m mablag‘ yo‘naltirish belgilandi.
Shu bilan birga, jamiyatimizda tinchlik, do‘stlik, mehr-oqibat va hamjihatlik g‘oyalarini keng targ‘ib etib kelayotgan diniy sohada xizmat qilayotgan vakillarni moddiy rag‘batlantirish hamda joylarda xayru saxovat, muruvvat borasida amalga oshirilayotgan ishlarni, jaholatga qarshi – ma’rifat ruhidagi keng qamrovli tadbirlarni yangi bosqichga ko‘tarish uchun O‘zbekiston musulmonlari idorasi huzuridagi “Vaqf” xayriya jamoat fondiga 150 milliard so‘m mablag‘ ajratildi.
Hozirda yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasining “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi Qonun loyihasi e’lon qilindi. Ushbu qonun loyihasi inson huquqlari bo‘yicha xalqaro standartlar bilan kafolatlangan diniy sohada umume’tirof etilgan huquq va erkinliklar, yurtimizdagi hozirgi diniy vaziyatning o‘ziga xos xususiyatlari va bevosita O‘zbekiston sharoitida dinlararo munosabatlarni shakllanishining tarixiy sharoitlarini o‘z ichiga olgani bilan ahamiyatlidir.
Inshaalloh mamlakatimizda bundan keyin ham islohotlar davom etib, dinimiz rivoj topadi. Yurtimiz tinch, xalqimiz farovon bo‘ladi. Bizning burchimiz esa Yaratgannning ne’matlarini katta-kichik demay, ularni shukrini bajo keltirishdir. Albatta Alloh taolo ham ana shunda bizlardan rozi bo‘ladi. Bu haqda Qur’oni karimda marhamat qilinib: “...Agar shukr qilsangiz (va imon keltirsangiz) U sizlar uchun rozi bo‘lur...”, - deyilgan. Oyatdan ma’lum bo‘ladiki, Allohning roziligini topishni istagan har bir kishi doimo Unga hamd aytib, ne’matlariga shukrona keltirishi, har qanday musulmon ham ana shu ikki kalimani takrorlab yurishga odatlanishi zarurdir. Alloh taolo yurtimizni tinch-osuda qilib yanada gullab yashnashiga o‘zi madadkor bo‘lsin.
O‘. G‘uzarov
“Xoja Buxoriy” o‘rta maxsus
islom bilim yurti mudiri

Админ