"Takfir"
Muallif: Админ
Sana: 28.08.2020
162

“Takfir” Islom olamida ayanchli oqibatlarga sabab bo‘layotgan, jaholat tufayli fitnalarga zamin yaratayotgan tushunchadir.
“Takfir” degani kofirga chiqarish degani. Ya’ni, bir odam boshqa bir kishini iymondan chiqib kofir bo‘ldi degan gapni aytishidir. Dinda g‘uluvga ketish – haddan oshish oqibatida asrimizning dolzarb masalasiga aylangan muammolardan biri musulmonlarni «kofir» deb fatvo chiqarishning ko‘payganidir. Bu masala keyin chiqqan masalalardandir. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning vaqtlarida biror kishini kofir deb hukm chiqarilganini hech kim bilmaydi. Chunki, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning o‘zlari musulmonlarni bu ishdan qattiq qaytarar edilar. Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam: «Uch narsa iymonning aslidir: «Laa ilaha Illallohu» degan kimsaga tegmaslik; gunohi tufayli uni kofirga chiqarmaymiz; amali tufayli uni Islomdan chiqarmaymiz», dedilar». Abu Dovud rivoyat qilgan.
Shariatimizda musulmon kishini aniq hujjat bo‘lmasdan turib, “kofir” deb hukm qilish o‘ta xatarli bo‘lib, aslo mumkin emas! Bu haqda Alloh taolo Qur’oni karimda shunday degan: “Sizga salom bergan kimsaga, mo‘min emassan, demanglar” (Niso surasi 94-oyat).
Demak, Alloh taolo bu oyati karimada shoshma-shosharlik bilan birovning mo‘min emasligi haqida hukm chiqarib, ish ko‘rishdan qaytarmoqda.
Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam “La ilaha illalloh, Muhammadur rasululloh” deb turgan shaxsni kofirga chiqarish xatarini bir qancha hadislarida bayon qilganlar. Jumladan: Rasululloh sallallohu alayhi vasallam bunday dedilar: “Uch narsa imonning aslidandir. “La ilaha illalloh” degan kimsaga tegmaslik, uni gunohi tufayli “kofir” demaymiz, amali tufayli Islomdan chiqarmaymiz” (Imom Abu Dovud rivoyatlari).
Ushbu hadisi sharifda musulmon kishi boshqa dindoshiga nisbatan qanday munosabatda bo‘lishi borasida aniq hukm berilmoqda. Ya’ni, haqiqiy mo‘min boshqa birodarini gunohi tufayli kofirga chiqarmasligi, uni qilgan amali sababli unga “mo‘min emas” degan so‘zni aytmaslik lozimligi uqtirilmoqda.
Yana bir hadisi sharifda Rasululloh sallallohu alayhi vasallam bunday deganlar: “Kim mo‘min kishini kofirga chiqarsa, uni o‘ldirgandek (gunohkor) bo‘ladi” (Imom Buxoriy rivoyatlari).
Ushbu hadisga sharh yozgan ulamolarimiz: “Musulmonni o‘ldirgan qotil qancha gunoh olsa, musulmonni “kofir” deb hukm qilgan kimsa ham xuddi shunday gunohkor bo‘ladi”, – deganlar. Vaholanki, musulmonni o‘ldirish qanday gunoh ekanligi haqida Alloh taolo shunday degan: “Kimda-kim qasddan bir mo‘minni o‘ldirsa, uning jazosi jahannamda abadiy qolishdir. Yana unga Allohning g‘azabi va la’nati yog‘ilur va Alloh unga ulkan azobni tayyorlab qo‘ygandir (Niso surasi 93-oyat).
Kofirga chiqarishning xatari haqidagi mushhur hadisda Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam bunday deganlar: “Agar kishi o‘z birodariga: “Ey kofir” desa, ikkisidan biri kofir bo‘ladi. Agar birodari haqiqatan ham kofir bo‘lsa, to‘g‘ri aytgan bo‘ladi, aks holda bu gapi kofir deguvchini o‘ziga qaytadi” (Imom Muslim rivoyatlari).
Bu ma’nodagi hadislarni yana ko‘plab keltirish mumkin. Ularning barchasida inson boshqa musulmonlarni kofirga chiqarishga shoshmasligi, ayblangan shaxs u aytganidek bo‘lmasa, o‘zi o‘sha sifatga doxil bo‘lib qolishi ta’kidlangan.
Aqida kitoblari, jumladan, “Tahoviy aqidasi”da: “Qibla ahlidan bo‘lgan biror bir musulmonni gunohi tufayli kofir sanamaymiz”, – deyiladi. Shuningdek, boshqa aqida va ularga yozilgan sharhlarda katta gunoh qilgan kishilar garchi uni sodir etish paytida vafot etsa ham, qilgan ishini halol sanamasa, kofir bo‘lmasligi, agar o‘z uqubatlarini dunyoda olsa katta gunohi uchun kafforat bo‘lishi, mobodo vafot etsa, bu – Allohning hohishi: xohlasa azoblashi, xohlasa kechishi bayon qilingan.
Aqida ilmining yetuk bilimdoni Abul Hasan Asha’riy aytadi: “men ahli qibladan birortasini kofirga chiqarmayman. Chunki ularning barchalari yolg‘iz ma’budga ibodat qiladilar”.
Bir musulmonning boshqa bir musulmonga qoni, obro‘si va moli hurmatli bo‘lishi lozim. Rasululloh sallallohu alayhi vasallamning vido hajlarida aytgan quyidagi gaplari buni tasdiqlaydi: “Albatta, sizlarning qonlaringiz, mollaringiz va obro‘laringiz o‘zlaringiz uchun xuddi shu kuningiz, shu oyingiz va shu shaharinigiz kabi hurmatlidir. Shu yerda hozir bo‘lgan kishi hozir bo‘lmaganlarga yetkazsin”.
Yuqoridagi iboralardan biz “takfir” – mo‘’min-musulmonni kofirga chiqarish naqadar xatarli ish ekanini bilib olamiz. Shuning uchun ham ogoh bo‘lishimiz kerak, ehtiyot bo‘lishimiz zarur!


Manbalar asosida A. Asqarov,tayyorladi.
“Xoja Buxoriy” o‘rta maxsus
islom bilim yurti o‘qituvchisi

Админ