Mazhab bo‘lishi o‘ta muhim va darkordir
Muallif: Админ
Sana: 25.08.2020
184

Bismillahir rohmanir rohiym
Alhamdu lillahi robbil-’alamiyn vassolatu vassalamu ala xoyri xolqihi Muhammadiyn va ala alihi va ashobihi ajma’iyn.
Mazhab to‘g‘risida yetarlicha tushunchaga ega bo‘lish va mazhabga ergashish darkor balki, vojib ekanligi borasida hurmatli ahli ilmlar – ustozlarimiz tomonlaridan yetarli darajada ilmiy maqolalar yozilgan va davra suhbtlari tashkil etilgan. Ushbu mavzuda xohlagancha sahih ma’lumotlar topsa bo‘ladi.
Bu mavzuga yana qayta-qayta murojaat qilinishini boisi bor albatta, u ham bo‘lsa bu sohada hali kamchiliklar, bahs-munozaralar va tortishuvlarni mavjudligi. Yetarli darajada shar’iy ilmga ega bo‘lmagan ayrim insonlarni mazhabga tosh otishlari yoki bo‘lmasa ijtimoiy tarmoqlarda chiqib olib olimlik da’vosida shoshqaloqlik qilishib, zamon, makon va holatni hisobga olmasdan har xil bo‘lmag‘ur gaplarni gapirishlari kishini ranjitadi, albatta.
Axir ushbu mo‘tabar mazhablar zamonlar osha sayqallanib, zabardast va yetuk ulamolar tomonlaridan oltin silsila tarzida xizmat qilinib, ilmiy asarlar bilan boyitib kelinmaganmi?!. Xo‘sh, shunday bo‘lsa ular xatokor bo‘lganlarmi, xatoga yo‘l qo‘yishganmi?
Bu qadar tortishuv va jadallarga olib boruvchi sabab va omillar bir qancha bo‘lishi mumkin-u, biroq meni nazarimda buni quyidagi asosiy sabablarga olib borib taqasa bo‘ladi.
Birinchisi yetarli darajada ilmga ega bo‘lmaslik, ikkinchisi olim kishini hurmat qilmaslik, uni ilmini nazar-pisand qilmaslik va uchinchisi va u ham bo‘lsa shoshqaloqlik qilish, bo‘lmasa shu ikkita asosiy sabab.
Mavzumiz mazhabni muhimligi haqida bo‘lganligi bois quyida butun musulmon ummati orasida e’tirof etilgan ulamolarni so‘zlaridan iqtibos keltirib o‘tamiz.
Doktor Muhammad Sayyid Ramazon Butiy rahimahulloh: “Mazhabsizlik Islom shariatiga tahdid soluvchi eng xatarli bid’atdir”.
Fazilatli Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rahimahulloh hazratlari: “Mazhabga taqlid qilmaslik haqidagi gaplarning barchasi ijtihod va istinbot qilish darajasiga yetgan kishi haqidadir. Biroq, ijtihood qilish darajasiga yetmagan kishining to‘rt mazhabdan biriga taqlid qilishi vojibdir va jumhur ulamolarning hammasi shunga ittifoqdir” deganlar.
Doktor Shamsiddin Fattoh Misriy: “Bu ummat oldida faqat ikki yo‘l mavjud; biri ijtihod va ikkkinchisi taqliddir” deganlar.
Doktor Zakiy Adnon aytadi: “Ammo mazhabga ergashish masalasiga kelsak, bu narsa ba’zilar aytayotganidek Qur’on va sunnatdan chetga chiqish emas, balki Qur’on va sunnatni ayni o‘zidir. Chunki, biz Qur’onda “Agar bilmasangiz zikr ahlidan so‘rang”, deya buyurilganganmiz. Hadisda ham johil bilmaganini so‘ramasligi, olim bilganini o‘rgatmasligi durust emas deyilgan. Shuningdek, bu gap barcha ulamoi fuzalodan naql qilingan”.
Islom ulamolarining sahih qavllariga ko‘ra butun ummat faqat ikkiga bo‘linadi: 1. Mujtahid; 2. Muqallid. Mujtahid - Qur’on va sunnatni puxta bilgan va ulardan mustaqil hukm ola bilish salohiyatiga ega bo‘lgan kishidir. Uni boshqa biror mujtahidga taqlid qilishi joiz bo‘lmaydi. Shuning bilan birga u omma uchun fatvo berishga ham haqli bo‘lmaydi. Faqat o‘zi uchungina fatvo chiqarishi mumkin. Muqallid esa o‘zi Qur’on va sunnatdan hukm chiqara olmaydigan kishi bo‘lib, ulamolar ularni ittifoq qilingan to‘rtta mazhabdan biriga ergashishini vojib sanashgan. Hatto, ba’zi Shofeiylar va ba’zi Molikiylar farz deyishgan.
Demak, mazhabga ergashish masalasi ba’zilar o‘ylaganidek benazar-pisand qaraydigan narsa emas ekan. Shundan kelib chiqib bugungi kunda musulmon dunyosi vakillari, ayniqsa yoshlar yechimi chiqib turgan ushbu masalalarga hadeb uni orasidan kamchilik qidiravermasdan, buning o‘rniga avvalo, ilm doiralarini kengaytirishib, ham dini diyonatga va ham boshqalarga foydasi tegadigan ilmlar bilan shug‘ullanishib, yirik tadqiqot va loyihalarni amalga oshirishlari lozimu lobud bo‘ladi. Har bir sohani o‘z olim va mutaxassilari bo‘lganidek, diniy sohani ham masala va yechimlarini ularni o‘zlariga qo‘yib berilsa ayni haqiqat mana shu bo‘ladi. Axir Alloh taolo: “Agar bilmasangiz zikr ahlidan so‘rang”, (Nahl surasi, 40-oyat) demaganmi?!. Suyukli payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam ham sahobalarni bir-birlari bilan tortishib qolgan holatlarini uchratsalar, albatta bundan qaytarganlar hatto g‘azablanganlari ham bor.
Bir so‘z bilan aytganda ilohiy farmonga to‘liq inqiyod qilgan holda insonlar ezgulik va taqvo yo‘lida bir-birlariga ko‘makchi bo‘lib, gunoh va dushmanlik yo‘lida hamkorlik qilishdan o‘zlarini tiyishlari darkordir.


A. Rahimov,
«Xoja Buxoriy» o‘rta maxsus
islom bilim yurti mudarrisi

Админ