“Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi Qonun loyihasi...
Muallif: Админ
Sana: 20.08.2020
179

Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasining “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi Qonun loyihasi har kimning vijdon erkinligiga bo‘lgan huquqini, dinga bo‘lgan munosabatdan tashqari fuqarolar tengligini, jamiyatda millatlararo va konfessiyalararo kelishuvni ta’minlash borasida davlat organlari va diniy tashkilotlar o‘rtasidagi munosabatlarni tartibga solishga qaratilgan.
Mazkur Qonun loyihasida bir qancha yengillik va imkoniyatlar kiritilgan. Masalan: diniy sohadagi qonun hujjatlarida qo‘llaniladigan asosiy tushunchalarga ta’rif berilgan, vijdon erkinligini ta’minlashning va diniy tashkilotlar faoliyatining asosiy prinsiplari belgilangan, har bir shaxsning diniy ta’lim muassasalarida professional diniy ta’lim olishi, shuningdek, ota-onalar yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar tomonidan o‘z farzandlariga diniy amaliyot asoslari va odob-axloq qoidalarini (uy sharoitida diniy ta’lim berish) o‘rgatish huquqi belgilangan, diniy tashkilot rahbarining O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi bo‘lishi to‘g‘risidagi talab bekor qilingan, davlat xizmatlari ko‘rsatishning elektron tizimiga o‘tish orqali diniy tashkilotni tuzish va ro‘yxatdan o‘tkazish tartibi o‘rnatilib, ro‘yxatdan o‘tish jarayonida mahalla ishtiroki bekor qilindi, diniy tashkilotlarning hujjatlarini notarial tasdiqlash tartibi bekor qilindi, diniy tashkilotning markaziy boshqaruv organi va diniy ta’lim muassasasini ro‘yxatdan o‘tkazish tartibi soddalashtirildi, mahalliy diniy tashkilotni ro‘yxatdan o‘tkazish uchun talab qilinadigan shaxslar soni 100 tadan 50 tagacha qisqartirildi, ro‘yxatga olish organi tomonidan diniy tashkilotni ro‘yxatdan o‘tkazish uchun hujjatlarni ko‘rib chiqish uchun bir oylik muddat belgilandi. Diniy ta’lim mussasalarida diniy ta’lim beruvchi shaxslarga markaziy boshqaruv organining roziligini olish talabi bekor bo‘lmoqda.
Demak, ushbu qonun loyihasi inson huquqlari bo‘yicha xalqaro standartlar bilan kafolatlangan diniy sohada umume’tirof etilgan huquq va erkinliklar, yurtimizdagi hozirgi diniy vaziyatning o‘ziga xos xususiyatlari va bevosita O‘zbekiston sharoitida dinlararo munosabatlarni shakllanishining tarixiy sharoitlarini o‘z ichiga olgani bilan ahamiyatlidir.
E’tirof etish kerak, bugun O‘zbekistonda diniy soha uchun barcha sharoitlar muhayyo qilingan. Buning uchun, avvalo, davlatimiz rahbariga minnatdorlik bildiramiz.

O‘. G‘uzarov, “Xoja Buxoriy” o‘rta maxsus islom
bilim yurti mudiri

Админ