Tinchlik va osoyishtalikni asrab avaylash mamlakatimizdagi barcha fuqarolarning mas’uliyatli burchidir.
Muallif: Админ
Sana: 20.08.2020
181

Tinchlik va osoyishtalik — ulug‘ ne’mat. Ular mujassam bo‘lgan joyda taraqqiyot va rivojlanish barqarordir.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam hadislarining birida tinchlik-xotirjamlik eng katta ne’mat ekanligini ta’kidlab shunday deganlar: ya’ni:
“Ikki ne’mat borki, ko‘pchilik insonlar uning qadriga yetmaydilar. U- xotirjamlik va sihat-salomatlik”. (Imom Buxoriy rivoyat qilgan).
Demak, tinchlik va xotirjamlik Alloh ta’oloning behisob bo‘lgan buyuk ilohiy ne’matlaridan biridir. Qolaversa, barcha ezgu ishlar ro‘yobga chiqishining boisi ham osoyishtalikdir. Shunday ekan, insonlar nafaqat mavjud tinchlikni qadriga yetib, shukrini ado etishlari balki, unga noshukrlik qilib putur yetkazishdan ham saqlanishlari lozim.
Tinchlik qaror topgan yurtda xotirjamlik hukm suradi, oqibatda, jamiyatda har tomonlama yuksalish va rivojlanish ro‘y beradi. Odamlarning o‘zaro bir-birlariga bo‘lgan ishonch va sadoqatlari, mehr va muruvvatlarining samimiy bo‘lishi ham asosan xotirjamlikka bog‘liqdir. Demak, dunyoda hayotning bir maromda davom etishi, xalqning Haq taolo buyurgan ishlarini mukammal va xotirjam ado etishlari uchun tinchlik va osoyishtalik lozim. Yaratgan Parvardigor Qur’oni karimda ana shu tinchlikni saqlash va qadrlash vazifasini inson zimmasiga yuklab, Islom dini tinchlikka targ‘ib qilishini, shaytoniy yo‘llarga ergashmaslik lozimligini ta’kidlab, shunday deydi: ya’ni: “Ey, imon keltirganlar! Yoppasiga tinchlik ishiga kirishingiz!…! (Baqara surasi, 208-oyat). Darhaqiqat, tinchlik mavzusi o‘ta muhim bo‘lganligi bois ham Qur’oni karim oyatlaridan o‘rin olgan. Arab tilidagi “salm”, “silm”, “salom”, va “islom” so‘zlari bir o‘zakdan chiqqan, turli ma’nodagi so‘zlar bo‘lsada, aynan bir maqsadga yo‘naltirilgandir.
Bu ulug ne’matni asrash barchaning birdek vazifasidir. Xar bir jamiyat a’zosining qilgan arzimas ishi xam e’tiborga molik bulishi mumkin. Suv to‘la idishning qayeridandir ninaning uchidek joy teshilsa, o‘sha yerdan sekin astalik bilan suv sizib idishni quritadi. Shunday ekan mamlakatimizdagi tinchlik va osoyishtalikka, bo‘layotgan uzgarishlarga barchamiz birdek e’tibor qaratishimiz kerak.Bunaqangi ma’suliyatli ishda beparvolik yaramaydi. Beparvolik va beg‘amlik barcha davrlarda yuzaga kelgan kulfat va musibatlarning asosiy sababi bo‘lgan. Donishmandlardan birining “Dushmanlardan qo‘rqma – nari borsa, ular seni o‘ldirishi mumkin. Do‘stlardan qo‘rqma – nari borsa, ular senga xiyonat qilishi mumkin. Biroq befarq odamlardan qo‘rq – ular seni o‘ldirmaydi ham, sotmaydi ham, faqat ularning jim va beparvo qarab turishi tufayli yer yuzida xiyonat va qotilliklar sodir bo‘laveradi”, — degan fikrlari ham loqaydlik va befarqlik keltirib chiqaradigan oqibatlarning dahshatini tasavvur qilish imkonini beradi.
Ba’zi odamlar mamlakat xavfsizligini, tinchlik-osoyishtaligini asrash deganda qo‘lda kurol bilan mamlakat sarhadlarini qo‘riqlash, fuqarolar xavfsizligini ta’minlashni tushunishadi. Aslida shundaymi? Yo‘q, albatta! Tinchlikni asrash faqat mudofaa degani emas. Osuda hayotni himoya qilish faqat harbiylar, huquq-tartibot idoralarining zimmasidagi vazifa emas! Tinchlik farovon, osoyishta hayotimiz, jamiki ezgu niyatlar va tilaklarimiz amalga oshishining asosi va manbai ekan, uni asrab-avaylash hammaning va har bir kishining muqaddas burchidir. Shuning uchun ham, bugungi kunda har bir inson “yurtim tinch – men tinch”, degan haqiqat bilan yashashi, o‘z uyi, mahallasi, Vatanining xavfsizligini ta’minlash uchun avvalo o‘zi qayg‘urishi, bu ishni muqaddas burchi deb bilishi zarur.

A . Bozorov “Xoja Buxoriy” o‘rta maxsus islom bilim yurtining o‘qituvchisi

Админ