​Inoq va ahil bo‘lib yashaylik!
Muallif: Админ
Sana: 05.08.2020
162

Davlatimiz tomonidan ezgulik va oliyjanob fazilatlarga undovchi dinning ravnaqi uchun keng imtiyozlar yaratib berildi. Hur diyorimiz musulmonlari mustaqillik sharoitida erkin nafas olayotganliklari buning yaqqol dalilidir. Hozirgi pandemiya sharoitidagi murkakkab iqtisodiy holatga qaramasdan byudjet mablag‘lari hisobidan diniy soha vakillariga moddiy yordam ko‘rsatildi. Bu esa davlatimizning ushbu sohaga g‘amxo‘rligining yana bir ifodasi bo‘ldi.
Afsuski, bugungi kunda dinu diyonat masalasi g‘araz niyatli kimsalar qo‘lida qurol bo‘lib, ijtimoiy birlik va hamjihatlikka rahna solmokda. Tinchlikka rahna solish, jamiyat ravnaqi va halq farovonligiga ziyon yetkazish, toifalarga bo‘linib o‘zaro nizolashish islom dinida qattiq qoralanadi. Xususan, Qur’oni karimning "Hujurot" surasining 9-oyatidagi o‘zaro nizolarni yarashish, kelishish yo‘li bilan hal etish, jamiyatdagi tinchlikka tahdid qilishda, tajovuzkorlik va zo‘ravonlikda davom etadiganlarga nisbatan qat’iy va tezkor choralar ko‘rish zarurligi qayd qilinganini ta’kidlash zarur.
Xalq orasida fitna qo‘zgatish, tuhmat va ig‘vo tarqatish yo‘lidagi urinishlar tinchlik va xotirjamlikni izdan chiqaruvchi hodisalardan hisoblanadi. Ogoh va hushyor bo‘lib yashash tinchlikni ta’minlash, turli xil ko‘ngilsizlik va xavfu xatarlarning oldini olishning zaruriy shartidir. Zero, g‘ofillik va beparvolik turli noxushliklarga zamin yaratadi. Shuning uchun ham, Alloh taolo tafakkur qilmaydigan, o‘zining kim ekanini anglab yetmaydigan, bugunning huzur-halovati bilan yashab, ertasi hakida kayg‘urmaydigan, beparvo va beg‘am kimsalarni “g‘ofillar” deb ta’riflaydi.
Islom olamining e’tiborli ulamolari tomonidan mo‘’tabar manbalar asosida berilayotgan raddiyalarni tan olmayotgan turli yo‘nalish va firqalarning a’zolarini ham g‘ofil kimsalarga qiyoslash mumkin.
Tinchlikni ulug‘ ne’mat deb e’lon qilgan dinimizda bu yo‘lda nafaqat amal bilan, balki so‘z bilan ham zarar keltirishdan qaytarilgan.
Rivoyat qilishlaricha, Payg‘ambarimiz (s.a.v.) "Musulmon kishi shuki uning tilidan va qo‘lidan musulmonlar ozor chekmaydilar!" deb marhamat qilganlar. Bu bejiz emas, albatta. Zero, so‘z, ya’ni tildan yetadigan ozor qo‘ldan yetadigan zarardan avval zikr etilishi, qo‘l bilan boshqalarning faqat bu dunyosi - salomatligi, oilasi, mulkiga zarar yetkazish mumkinligiga, til bilan - insonlarni turli buzg‘unchi g‘oyalarga targ‘ib qilish, kishilarni to‘g‘ri yo‘ldan chalg‘itish orqali ikki dunyosini barbod etishi mumkin. Shu nuqtai nazardan, bugungi kunda ayrim firqa va toifalarning musulmonman, deb turgan halqning ichida parokandalik, oilalarida ziddiyatlarni keltirib chiqarishga urinishlari islomning asl mohiyatiga butunlay ziddir.
Ayrim hududlarda notinchlik, beqarorlik, xunrezliklar hukm surayotgan hozirgi davrda mamlakatimizdagi tinchlik-osoyishtalikni ta’minlash o‘z-o‘zidan bo‘lmayotganini anglab, o‘zaro yanada inoq va ahil bo‘lib yashaylik.

Админ