​Tilingni ehtiyot qil, dilingdagini oshkor etadi
Muallif: Админ
Sana: 03.08.2020
177

Islomda diniy ilm olimlari yuqori qadrlanadilar. Olim bor joyda kishilarning shayton vasvasasiga uchishi oz bo‘lishi tarixiy tajribadan isbot bo‘lgan haqiqatdir. Qaysi bir jamiyatda kerakligicha diniy olim bo‘lsa, o‘sha jamiyatda shaytonning vasvasasi oz bo‘ladi. Olimlar va’z-nasihat, darsu-irshodlari bilan xalqni shaytonga malay bo‘lishdan qaytarib, Allohning yo‘liga yurishni uqdirib turadilar. Ulamolari yo‘q yoki kam joylarda esa xalq ommasi shaytonga malay bo‘lib qoladilar.
Shuning uchun ham oramizdan ko‘proq yetuk diniy olimlar chiqishi uchun harakat qilmog‘imiz lozim. Bor ulamolarni esa jamiyat uchun, el-yurt uchun, ularning shaytonning vasvasasidan saqlanishlari uchun zarur kishilar sifatida taqdirlashimiz lozim.
Alloh taolo ahli ilmlar haqida shunday marhamat qiladi: «Albatta, Allohdan bandalari ichidan faqat olimlarigina qo‘rqarlar», degan.
Albatta, Alloh taoloning qudratini his etib, ulardan ibrat olib, ularning yaratuvchisi borligini anglab yetib, aqli bilan Allohni topgan va undan qo‘rqqan odamgina olim hisoblanadi.
Yana U zot: «Biladiganlar bilan bilmaydiganlar teng bo‘ladilarmi?» degan.
Albatta, teng bo‘lmaydilar. Biladiganlar iymon keltirib, ibodat qiladilar. Bilmaydiganlar kufr keltirib, isyon etadilar.
U zot yana: «Bu misollarni odamlarga keltiramiz, ularga faqat olimlarnigina aqli yetar», degan.
Abu Umoma al-Bohiliy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga ikki kishi zikr qilindi: «Biri obid, boshqasi olim. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Olimning obiddan afzalligi xuddi mening sizning eng kichigingizdan afzalligimga o‘xshaydi», dedilar. So‘ngra Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Albatta, Alloh, Uning farishtalari, osmonlaru yerning ahli, hattoki uyasidagi chumoli va baliq ham odamlarga yaxshilikni o‘rgatuvchiga salovot aytadilar», dedilar».
Insoniyatni Islom hidoyatiga tanishtirish, musulmonlarga shariat ahkomlarini bayon qilish, halolni haromdan, gunohni savobdan, yaxshini yomondan ajratish yo‘llarini ko‘rsatish uchun musulmon ulamolar kerakdir. Shuning uchun ham dinimizda ulamolarimiz yuksak taqdirlanadi. Ularni Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam merosxo‘rlari, ummatimizning gultojlari, deb qaraladi. Ularni cheksiz hurmat qilinadi. Islomda haqiqiy diniy ilmlar ulamolari qanchalik taqdirlanishlarini Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning mazkur hadis davomidagi so‘zlaridan ham bilib olsa bo‘ladi: «Albatta, Alloh, Uning farishtalari, osmonlaru yerning ahli, hattoki uyasidagi chumoli va baliq ham odamlarga yaxshilikni o‘rgatuvchiga salovot aytadilar».
Imom Ahmad ibn Hanbal rivoyat qilgan hadisda esa, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam:
«Yer yuzida ulamolar xuddi yeru suvning qorong‘uligida yo‘l topishga yordam beruvchi yo‘lchi yulduzga o‘xshaydi. Yulduzlar g‘oyib bo‘lganda yo‘lovchilar adasha boshlaydilar», dedilar.
Imom Bayhaqiy rivoyat qilgan hadisda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: «Olim bilan obid qayta tiriltiriladi. Obidga: «Jannatga kir», deydilar. Olimga: «Odamlarning odobini go‘zal qilib tarbiyalaganing uchun, ularga shafoat berish uchun sobit tur» deyiladi», dedilar.
Mana yuqorida Alloh taolo ahli ilmlarga go‘zal fazilatni ato etganligini qisqacha bildik.
Shu o‘rinda aytib o‘tish joizki, hozirgi kundagi “o‘z-o‘zini yakkalash” sharoitida davlatimiz tomonidan barcha qatori diniy soha vakillari – ahli ilmlarga ham beminnat moddiy yordam ko‘rsatilishi, yurtimizda inson omili, uning farovonligi va ijtimoiy himoyasi har qanday sharoitda e’tiborda ekanining amaldagi ifodasi bo‘ldi. Shu bilan birga sohada zahmat chekayotgan ko‘p sonli mutasaddilar mehnati yuqori qadrlandi.
Azaldan mo‘min-musulmonlar o‘z peshvolari – imom-xatiblarini yuksak qadrlashlari, xayru ehson qilib, moddiy ta’minlashlari odat tusiga kirgan. Darhaqiqat, qaysi xayr-ehson odamlarga yaxshilikni o‘rgatuvchi-muallim va o‘sha yaxshilikni o‘rganuvchi-talabani moddiy ta’minlashdan ulug‘roq ekan? Kafilligiga olgan kishiga bu kabi yuksak axloqiy usullar borasida Nabiy sollallohu alayhi va sallamga ergashganining o‘zi ulkan sharaf bo‘la oladi. Endi uning Alloh taoloning huzuridagi savobi haqida har qancha gapirsangiz, shuncha ozdir!..
Afsuski, kaltabinlikdanmi, ilmsizlikdanmi yoki boshqa biror maqsaddami ijtimoiy tarmoqlarda diniy soha vakillariga davlatimiz tomonidan ko‘rsatilgan beminnat moddiy yordam haqida asossiz ig‘vo tarqatayotganlar ham yo‘q emas.
Har bir ishni o‘z odobi bor. Musulmon hamma joyda, shu jumladan virtual makonda ham o‘zini munosib tutishi kerak. Xususan, asossiz ig‘vo tarqatish, boshqa odamlarni haqorat qilishdan, kamsitishdan saqlanishi lozim. Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “Banda bilib-bilmay bir so‘zni aytadi va shu tufayli do‘zaxning mag‘rib bilan mashriq orasidan ham chuqur joyiga tushadi” (Imom Ahmad, Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyati). Shu bilan birga, agar kimdir sizni haqorat qilsa, siz o‘zingizning adolat nuqtai nazaringizga asoslanib, xuddi shunday javob berishingiz shart emas. Hadisda aytilishicha, musulmonning sha’ni va qadr-qimmatini kamsitish mumkin emas (Imom Termiziy va Imom Ahmad rivoyati).
Inson so‘z orqali foydaga erishadi yoki aksincha behuda gaplar bilan mashg‘ul bo‘ladi, shuningdek maqtov yoki tanqid eshitishi ham mumkin. Unutmang! So‘zlashuv va odamlar bilan muloqot, o‘zgalarda biz haqimizda qanday fikr shakllanishiga ham xizmat qiladi. Ota bobolarmiz bejizga «tilingni ehtiyot qil, dilingdagini oshkor etadi» deyishmagan. So‘z qalbning tarjimoni va kaliti hisoblanadi. U inson bilimining hosilasi, u orqali banda yo savobga, yo gunohga nozil bo‘ladi.
Gapiruvchi hamisha xolis va mas’uliyatni his qiluvchi bo‘lishi lozim. Aks holda, gapiruvchi inson kulguga qolishi, odamlarning ishonchsizligiga sababchi bo‘lishi mumkin. Har bir gapning salmog‘i, miqyosi, mas’uliyati va javobgarligini his qilish bugun har qachongidan ko‘ra ko‘proq zarur bo‘lib turibdi.
Ijtimoiy tarmoqlar orqali tarqatilayotgan xabarlarni erinmasdan yanada kengroq tarqalishiga hissasini qo‘shayotganlar ham bu ishdan tiyilishsin va quyidagi hadisga yaxshilab e’tibor berishsin: “Abu Hurayra roziyallohu anhu aytadilar: "Nabiy sollallohu alayhi vasallam “Eshitgan har bir narsasini gapiraverishi kishining yolg‘onchiligiga kifoya qiladi” deganlar”. (Imom Muslim, Ibn Hibbon, Doraqutniy, Bayhaqiy va boshqalar rivoyat qilishgan).
Ijtimoiy tarmoqlardan foydalanganda yolg‘ondan ehtiyot bo‘lish kerak. Yolg‘onlar shaxsiy yozishmalarda ham, nashr (post)larga berilgan sharhlarda ham tarqalishi mumkin. Qur’oni karimda shunday deyilgan:» … Yolg‘on so‘zdan yiroq bo‘ling» (Haj, 30). Ko‘pincha, odamlar yaxshilikni niyat qilib noto‘g‘ri ma’lumotlarni taqdim etishga jazm qilishadi. Yaxshilikni niyat qilib yolg‘on ma’lumotlarni tarqatishning xafvli tomoni virtual olamda turli dunyoqarashdagi insonlar bo‘lganligi uchun bunday holatlarni ko‘rib Islomda yolg‘on ishlatish mumkin ekan degan tushunchaga kelib qoladilar. Ma’lumki, hatto Ibrohim alayhisalom ham o‘z hayotida yaxshilikni niyat qilib uch marotaba yolg‘on ishlatishga majbur bo‘lgan. Rosululloh sollallohu alayhi vasallam faqat uch narsaga: urushda, odamlar orasini isloh qilishda va erning o‘z xotiniga va xotinning o‘z eriga (oilani saqlab qolish maqsadida) gapirishiga ruxsat berganlar (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyati).
Mo‘minlar boshqa odamlarni hurmat qilishlari kerak. Bu to‘g‘ridan-to‘g‘ri yozishmalar paytida ham, postlarni nashr qilishda ham namoyon bo‘lishi kerak – ularda insonlarni, xoh u ayol bo‘lsin, erkak bo‘lsin, hoh u katta bo‘lsin, kichik bo‘lsin, tahqirlash mumkin emas! Allohning oxirgi Payg‘ambari sollallohu alayhi vasallam: “Kim kattalarimizni izzat, hurmat qilmasa, kichiklarimizga rahm qilmasa, ulamolarimizning haqqini bilmasa, bizdan emas”, deganlar (Imom Termiziy rivoyati). Musulmon kishi boshqalarga hurmat ko‘rsatar ekan, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning muborak sunnatlariga amal qilayotgan va shu bilan birga olamlarning Parvardigori buyrug‘ini bajarayotgan bo‘ladi.
Bugungi kunda ijtimoiy tarmoqlar va tezkor xabar almashish (VKontakte, Odnoklassniki, Faysbuk, Tvitter, Vatsap, Telegram, Instagram) vositalari, afsuski, turli g‘iybatlarni tarqatishda asosiy kanalga aylandi, ularning ishonchliligi esa shubhali, ya’ni ma’lumot to‘g‘riligini aniqlashning imkoni yo‘q. Xususan, ularning aksariyati taniqli shaxslar to‘g‘risidagi suhbatlar bilan bog‘liq bo‘lib, ularning atrofida ko‘plab mish-mishlar aylanib yuradi. Musulmonlar bu kabi suhbatlarda ishtirok etmasliklari kerak, chunki bu gunohdir. Kalomullohda shunday deyilgan: «Ba’zilaringiz ba’zilaringizni g‘iybat qilmanglar» (Hujurot, 12).
Musulmon kishi har qanday jamoat ichida odamlardan o‘zini ustun va ajratib ko‘rsatishga urinmasligi lozim. Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam aytganlar: “Bir-biringizga nisbatan kamtar bo‘ling, toki biron kimsa birovga nisbatan takabburlik qilmasin, biron kimsa boshqa kimsaga zulm qilmasin” (Muslim rivoyati). Bunga asoslanib shuni aytish kerakki, musulmonlar boshqalarga nisbatan kibr qilmasligi shartdir. Siz boshqalardan yaxshi tomoningiz bilan, faqat yaxshi o‘rnak ko‘rsatib ajralib turishingiz mumkin. Bundan tashqari, siz o‘zingizning ma’lum afzalliklaringiz va boyliklaringiz bilan maqtana olmaysiz. Agar Alloh bandasiga dunyoda biron narsa bergan bo‘lsa, demak uni olib qo‘yishi ham mumkin. Shuning uchun musulmonlar berilgan barcha narsalar uchun olamlarning Parvardigoriga shukr qilib, kamtarlikni izhor qilishlari kerak.
Ijtimoiy tarmoqlardan foydalanganda gunohlarni oshkor qilishdan tiyilish lozim.
Ko‘pgina internet foydalanuvchilari o‘zlarining sahifalari orqali qilgan gunohlarini oshkor qilmoqdalar. Bunga tungi klubdagi fotosuratlar, odobsiz narsalar va boshqalar kiradi. Musulmon odamning yomonliklarini boshqalarga xabar qilishi joiz emas. Har birimizning gunohlarimiz faqat o‘zimizga va Allohga ma’lum bo‘lishi kerak. Hadislarning birida Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam shunday deganlar: “Ummatimning mujohirlaridan boshqa barchasi afv etilgan. Mujohir kishi tunda bir gunoh amal qiladi va Alloh uning gunohini berkitgan bo‘ladi. U esa tong ottirganda: “Ey falonchi, kecha men falon va falon amallarni qildim”, deydi. Vaholanki, Alloh uning gunohini berkitganda, u o‘z gunohini oshkora qildi” (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyati).
Agar bir kishi boshqaning gunohini bilsa, uni ham sir tutishi kerak. Allohning Rasuli sollallohu alayhi vasallam: «Kim mo‘minning aybini yashirsa Alloh qiyomat kuni uning aybini yashiradi». (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyati).
Buyuk ajdodlarimiz Imom Buxoriy, Imom Moturidiy, Hakim Termiziy, Ahmad Yassaviy, Bahouddin Naqshband kabi allomalar beqiyos ma’rifati bilan umuminsoniy madaniyatning rivojlanishiga ulkan hissa qo‘shgan. Beruniy, Ibn Sino, Amir Temur, Ulug‘bek, Navoiy va Bobur ma’rifatni ilm, amal, odob bilan o‘zaro bog‘liq xislatlar deb hisoblagan. Ularning fikriga ko‘ra, kishining odobi, xulqi uning ma’rifati, bilimdonligi bilan chambarchas bog‘liq bo‘lib, inson qanchalik ma’rifatga erishsa, uning xulqi shunchalik yaxshi va mukammal bo‘ladi.
Alloh taolo barchamizni eshitgan har bir ma’lumotni gapiraverib, yolg‘onchilardan bo‘lib qolishimizdan asrasin! O‘zining amriga itoat etib, birov keltirgan, aytgan xabarlarni tekshirib, o‘rganib ko‘ruvchilardan qilsin!

O‘tkir G‘uzarov,
Xoja Buxoriy o‘rta maxsus islom bilim yurti mudiri

Админ