Omonat dunyodagi g‘animatlarimiz
Muallif: Админ
Sana: 02.08.2020
130

Bu ishni kim qancha erta bajarsa, birinchi bo‘lib bajarsa, u saxovatlidir

Ma’lumki, har qanday kishi yaxshi-yomon kunida, to‘y va boshqa tadbirlarida yaqinlariga suyanadi, qarindosh-urug‘idan kuch-quvvat oladi.
Guruch kurmaksiz bo‘lmaganidek, bugun oramizdagi ayrim insonlar o‘rtasida andisha, insof, diyonat, oqibat rishtalari yo‘qolib borayotgandek. Eng achinarlisi, aka-uka, opa-singil, hattoki ota va bola o‘rtasida ham bunday holatlar ro‘y bermoqda. Ba’zi kishilar uy-joy, mol-mulk talashib, meros bo‘lisholmay, o‘z tug‘ishganlari bilan yuz ko‘rmas bo‘lib ketsalar, yana bir holatda aka-uka, opa-singillarning, yaqin qarindoshlarning qudachiligi ularni ayro tushiradi.
Ayrim aka-ukalar o‘rtasida g‘isht devoru to‘siqlar bo‘lmasa-da, ko‘rinmas devor ularni ajratib, oqibatni, mehrni to‘sib turadi.
Aka-uka, opa-singil shu tariqa, umrining oxirigacha bir-biri bilan gaplashmaydi, to‘y qilsa chorlamaydi, ehson qilsa, bir kosa taom ilinmaydi va na azasida ishtirok etadi.
Bunday ko‘rinmas to‘siqlar mavjud ekan, u xonadonlarga tinchlik, fayz-baraka, xotirjamlik kabi ne’matlar aslo dorimaydi. Aslida, shundoq ham tashvishlarimiz oshib-toshib turgan bu dunyoda g‘aflatga berilmay, yaqinlarimiz qalbiga ozor berishdan tiyilib yashashni o‘rganishimiz kerak emasmi?!
Rivoyatlarda keltirilganidek, aka o‘z singlisi holidan xabar olish uchun ketayotganida, qarshisidan bug‘doyzor dala chiqib qolsa, yo‘lni qisqartirish uchun uni payhonlab o‘tishiga ijozat berilganining o‘zi ham akalarning o‘z singillariga qanday munosabatda bo‘lishlari kerakligini ko‘rsatib turibdi-ku.
Yozuvchi Tohir Malik “Odamiylik mulki” kitobida quyidagi hayotiy voqeani keltiradi: ...aka-ukaning gap talashishi so‘kishga, haqoratlash esa birining ketmon ko‘tarib hamla qilishiga aylandi. G‘azabga mingan aka-ukani ajratishga harakat qilayotgan o‘n olti yoshli o‘g‘il otasining qonga belanganini ko‘rib, o‘zini yo‘qotadi, qo‘liga chalg‘i oladi. Uzoq davom etgan nifoq aka-ukaning fojiali o‘limi va o‘smirning qamoqqa tushishi bilan yakunlanadi. Qonga belanib yotgan aka-ukaning ko‘zlari “Bu qanaqasi bo‘ldi?” deganday ochiq qoldi. Bu dunyoga to‘yolmagan ko‘zlarni yopa olishmadi. Katta hovli-joyga sig‘magan aka va ukaning har biriga ikki qulochli ikki lahad kifoya qildi. Bir hovlida yonma-yon yashashni istashmagan edi, qabristonda yonma-yon qabrlardan joy olishdi. U dunyodagi ahvollari bizga noma’lum. Ota-onalari bilan qiyomatda qay holda ko‘rishishlari ham noma’lum. Farzandlarining bu fojiasi tufayli ota-onaning ruhi to qiyomatga qadar nechog‘lik azob chekmog‘i ham yolg‘iz Allohga ma’lum.
Bizning ajablanishdan o‘zga ilojimiz yo‘q. Gap shundaki, aka-ukaning o‘limi ikki oila o‘rtasidagi nifoqni o‘nglamadi. Ovsinlarning g‘aflat uyqusidagi ko‘zlari ochilmadi, qarindoshlar esa ibrat olishmadi. Aka-uka ekib ketgan nifoq urug‘i unib chiqib, bemehrlik mevalarini beraverdi.
Hasan Basriy (r.a.) Allohning kalomiga asoslangan holda “Qaysiki odamda ilm ko‘rinib, unga amal qilmasa, til bilan aytishni yaxshi ko‘rib, qalbi bilan g‘azablanmasa, qarindoshlari bilan uzilishgan bo‘lsa, Alloh uni la’natlaydi, kar qiladi va ko‘zlarini ko‘rmaydigan qilib qo‘yadi”, deganlarida balkim shu kabi insonlarni nazarda tutgandir?!
Munosabatlarda adolat buzilsa, haqlar poymol qilinsa, axloq chegaralaridan chetga chiqilsa, oilalardagi osoyishtalik barham topadi, ahillikka raxna yetadi, insoniy munosabatlar izdan chiqadi. Bu kabi illatlar jamiyat rivojiga ham salbiy ta’sirini yetkazmay qolmaydi. Yaxshi-yomon kunimizga, og‘ir-yengilimizga avvalo mana shu qarindoshlarimiz, yaqinlarimiz, jonu jigarlarimiz yaraydi. Ular esa, omonat dunyodagi g‘animatlarimizdir.
Gina va adovatda, bir-birimiz bilan arazlashib, xusumatda uch kundan ortiq yurish musulmon kishiga harom hisoblanadi. Uch kun ichida inson jaholatda yoki g‘azabda bo‘lsa, hovuridan tushishi, o‘zining xatolarini anglab uzr so‘rashi, bir-birining haqiga duo qilishi bu haqiqiy musulmonlarning fazilatli amallaridandir.

Azamat USMONOV
Админ