​QURBONLIK HUKMLARI (2-qism)
Muallif: Админ
Sana: 28.07.2020
241

Alloh taoloning bandalariga ato etgan ne’matlari cheksiz va behisobdir. Mazkur beadad ne’matlardan biri esa o‘z bandalariga savob zaxiralarini boyitib olishlari uchun taqdim etgan o‘ziga xos ezgulik va yaxshilik mavsumlaridir. Haq taolo O‘zining ilmi azaliysida inson zotining zaifligi, gunohlar changaliga tushib qolishga moyilligini bilgan, ularga gunohlari o‘chirilib, ajru savoblarining qat-qat orttirib berilishiga sabab bo‘ladigan maxsus mavsumlar in’om etdi. Ana shunday ezgulik mavsumlaridan biri zulhijja oyining avvalgi o‘n kunligi hamda unda amalga oshiriladigan qurbonlik amalidir. Qurbon hayiti ma’nosini beruvchi “iydu-l-azho” so‘zi bejizga bunday nomlanmagan. Zero, haj amallarining asosi bajariladigan bu kunlardagi eng asosiy ish Alloh taolo uchun shukrona tarzida jonliq so‘ymoqdir. Shuning uchun ham bu bayram bizning tilda “qurbon hayiti” deb ataladi.
Qurbonlikning ma’nosi va kimlar qilishi kerak
“Qurbonlik” arabcha “uzhiyya” so‘zining o‘zbekcha varianti hisoblanadi. “Uzhiyya”ning lug‘aviy ma’nosi haqida “u – qurbonlik qilinadigan hayvonning nomi”, deya ta’rif berganlar. Qurbonlikning shar’iy mohiyati haqida esa ulamolar bir-biriga yaqin ma’noda ko‘plab ta’riflar berganlar. Jumladan, fiqhiy kitoblarda “(Qurbonlik) maxsus jonivorni maxsus vaqtda so‘ymoq, u vaqt esa azho kunidir”, “(qurbonlik) shar’an: maxsus hayvonni maxsus vaqtda qurbat niyati bilan so‘ymoqdir”, degan ta’riflar keladi.
Qurbonlik ikkinchi hijriy sanada joriy bo‘lgan.
Hanafiy mazhabiga ko‘ra hojati asliyadan tashqari moli nisob (85 gramm tilloning yoki ikki yuz dirham kumush miqdori (595 gramm)ga yetgan, muqim (ya’ni safarda bo‘lmagan), musulmon odam uchun qurbonlik qilish vojib hisoblanadi. Shu o‘rinda ma’lumot uchun nisob turlari haqida ham ma’lumot berish maqsadga muvofiq bo‘ladi.
Nisob uch xil bo‘ladi:
1. O‘sish shart qilingan nisob va u zakotga tegishli bo‘ladi;
2. O‘sish shart qilinmagan nisob. Bu nisob egalari zakot ololmaydi. Shu bilan bir qatorda zakot berish vojib emasbunga to‘rtta hukm taalluqli bo‘ladi.
Birinchisi, qurbonlikni vojib bo‘lishi;
Ikkinchisi, sadaqotlarni harom bo‘lishi (berilishi farz va vojib bo‘lgan ya’ni zakot va sadaqai fitrlar kabi nafl va ixtiyoriy sadaqotlar bo‘lsa olish mumkin);
Uchinchisi, sadaqai fitrni vojib bo‘lishi;
To‘rtinchisi, yaqin qarindoshlarining nafaqasini vojib bo‘lishi (bunda qarindoshlarning kambag‘al, muhtoj bo‘lib, kasb qilishdan ojizliklari yoki ayol ekanliklari e’tiborga olinadi).
3. Bu nisobga tilanchilik qilish haromligi tegishli bo‘ladi. Buning miqdori esa, bir kunlik oziq ovqat bilan belgilanadi. Ba’zi ulamolar ellik dirham bilan belgilanadi deganlar.
Nisobdagi o‘sish va o‘smaslikning farqi
Birinchi, o‘suvchi nisob bunda nakd pul birliklari, tillo va kumushlar (taqinchoqlar bo‘lsa ham), tijorat mollari, hattoki, qarzga berilgan mollar (qaytarilishi umid qilinsa), bir yilni aylanishi (agar yil asnosida nisobdan kamayib ketgan bo‘lsa ham). Bunda yilning boshi va oxiri e’tiborga olinadi.
O‘smaydigan nisob – hojati asliydan tashqari, ortiqcha mablag‘ va ashyolardir. Bunda o‘suvchi nisobda keltirilgan shartlarnig birortasi bo‘lishi shart emas. Buni bilish uchun hojati asliyani nimalardan iborat ekanini aniqlashtirib olaylik. “Jomi’ur rumuz” kitobida hojati asliya: “Kishining ustidagi bir sidra libosi, uydagi doimiy iste’moldagi jihozlari va yashab turgan maskani, minib turgan markabi va qarzlari va uning qaramog‘ida bo‘lganlarnig ehtiyoji e’tiborga olinadi”. deyiladi. “Hidoya”, “Raddul Muxtor ala Durril Muxtor” va boshqa kitoblarda ham xuddi shunday keltirilgan. Yanada tushunarli bo‘lishi uchun quyidagicha izohlaydilar: Masalan, kishinig bir sidra libosidan tashkari ortiqcha kiyimlari, doimiy iste’moldagidan tashqari ba’zi bir munosabatlar bilan ishlatiladigan uy jihozlari va o‘zi, bola-chaqasi va mehmonlar uchun mo‘ljallangan xonalardan tashqari boshqa xonalarining qiymatlari chiqariladi. Agar ushbu qiymat nisob mikdori (85 gramm tilloning nisobi)ga yetsa yuqoridagi to‘rt ahkom shunga taalluqli bo‘ladi.
Shar’an hur va musulmon bo‘lgan kishi yuqorida aytilingan nisobga ega bo‘lsa, uning erkak va ayolligi, katta yoki kichik bola ekanligi e’tiborga olinmaydi. Balki mazkur kishilarning har biri o‘zining shaxsiy mulkiga ega bo‘lish huquqiga egadirlar. Ushbudan kelib chiqib bugungi kunda erining mulkidan tashqari o‘zining shaxsiy mulki yuqoridagi miqdorga yetadigan ayol kishilarning ham o‘zlarining nomidan alohida qurbonlik qilishlari shart bo‘ladi.
Qurbonlik qanday hayvonlardan qilinadi?
Qurbonlik uchun chorva hayvonlari so‘yiladi. Ular: tuya, sigir va qo‘y va echkidir. Bunda ularning erkak va urg‘ochi jinslari tushuniladi. Qo‘y deganda echkilar ham nazarda tutiladi. Demak, tuya, sigir, qo‘y va echkilar qurbonlikka yaroqli hayvonlar hisoblanadi. Qurbonlik qilinuvchi hayvonning shar’an e’tiborli bo‘lgan yoshga kirgan bo‘lishi shartdir. Jobir raziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday deganlar: “Faqat musinnani so‘yinglar. Illo, agar bu ish sizlarga qiyin kelsa, qo‘ydan jaza’ bo‘lganini so‘ysangiz ham bo‘laveradi”. “Musinna” deb tuya, mol, qo‘y va echkilardan “saniy” yoshiga to‘lganlariga aytiladi.
Yuqoridagi hadisga binoan, tuya, sigir va echkidan faqat “saniy” va undan yuqori yoshda bo‘lganlarigina qurbonlikka yaroqli hisoblanadi. Qo‘ydan esa “jaza’” va undan yuqorisi qurbonlikka o‘tadi. Demak, tuyaning “saniy”si deb tug‘ilganiga besh yil to‘lgani aytiladi. Sigir va buqaning “saniy”si esa tug‘ilganiga ikki yil to‘lgani bo‘ladi. Qo‘y va echki esa bir yilda “saniy” bo‘ladi. Qo‘ydan “jaza’” bo‘lgani tug‘ilganiga olti oy to‘lib, yettinchi oy ketganidir. Shunga ko‘ra, tuya (qamariy yil bo‘yicha) besh yoshga kirgan bo‘lishi, sigir va buqalar ikki yoshga to‘lgan bo‘lishi, echki bir yoshga kirgan bo‘lishi, qo‘y esa kamida olti oylik bo‘lib, jussada bir yoshlik qo‘yga mos kelishi talab etiladi.
Jonliq qurbonlikning durust bo‘lishiga mone’lik qiluvchi ayblardan salomat bo‘lishi kerak. Modomiki, qurbonlik Alloh taologa yaqinlik hosil qilish maqsadida amalga oshiriladigan ish deb e’tibor qilinar ekan, bu ish uchun eng yaxshi, eng sara, semiz, sog‘lom va aybu nuqsonlardan xoli bo‘lgan jonivorni tanlab olish maqsadga muvofiqdir. Shuningdek, qurbonlik uchun so‘yiladigan jonivor albatta halolu pokiza moldan bo‘lishi kerak. Zero, Alloh taolo xush va pokizadir, faqat xush va pokiza narsalarnigina qabul qilgay.
Baro ibn Ozib raziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Nabiy sollallohu alayhi vasallam shunday dedilar: “To‘rt xil jonivor qurbonlikka yaramaydi:
1. Shapko‘rligi bilinib turgan darajadagi shapko‘r jonivor.
2. Kasalligi bilinib turadigan darajadagi kasal jonivor.
3. Oqsoqligi bilinib turadigan darajadagi oqsoq jonivor.
4. Oyoqda turolmaydigan, oyoq suyaklarida iligi bo‘lmagan darajada ozib ketgan” jonivorni qurbonlik qilib bo‘lmaydi. Bunday jonivor nihoyatda madorsiz bo‘ladi.
Yuqoridagi hadisga binoan va qiyosan ulamolar quyidagi sifatga ega bo‘lgan jonivorlarning ham qurbonlikka yaramasligini aytadilar.
1 Bir oyog‘i kesilgan jonivor.
2. Qulog‘ining hammasi yoki uchdan biridan ko‘prog‘i kesilgan jonivor.
3. Shoxi kesib yoki sug‘urib olingan jonivor. Ammo o‘zi shoxsiz tug‘ilgan bo‘lsa, qurbonlikka yaraydi.
4. Burni kesib olingan jonivor.
5. Dumi kesib tashlangan jonivor. Ammo o‘zi dumsiz yaratilgan bo‘lsa, uni qurbonlik qilish joiz, garchi ayrim ulamolar buni nojoiz sanagan bo‘lsalar ham.
6. Dumbasi kesib olingan jonivor.
Qurbonlikka aylanabosh, shoxsiz, bichilgan va qo‘tir hayvonlarni so‘ysa bo‘ladi. Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, qurbonlikka so‘yiladigan jonivor o‘ziga ozor yetkazadigan, semirib yog‘ boylashiga mone’lik qiladigan va bahosini tushiradigan barcha ayb-nuqson va kasalliklardan xoli bo‘lishi kerak. Salafi solihlardan naql qilinganki, ular qurbonlikka so‘yiladigan jonivorning har qanday kattayu-kichik ayblardan xoli bo‘lganini tanlar edilar. Agar jonivorda bironta arzimas ayb topilsa ham, uni qurbonlik qilishni karih ko‘rardilar.
Tuya va sigirni qurbonlik qilishda bir kishidan yetti kishigacha ishtirok etishi joiz. Ya’ni, masalan, bir kishidan yetti kishigacha bo‘lganlar teng pul tashlab tuya yoki sigir sotib olishadi va uni o‘z nomlaridan so‘yishadi. Shunda hammalari qurbonlik qilgan bo‘ladilar. Sheriklikda e’tibor qaratish zarur bo‘lgan narsa shuki, sheriklarning barchasi qurbonlik niyatida qo‘shilgan bo‘lishlari kerak, birortasi shunchaki go‘shtli bo‘lish maqsadida sherik bo‘lsa qolganlarning ham qurbonligi o‘tmaydi.
Qurbonlikning so‘yilish vaqti
Qurbonlik so‘yishning birinchi vaqti hayit namozi bilan xutba o‘qilgandan so‘ng boshlanadi va hayitning uchinchi kuni quyosh botganda tugaydi. Imom Abu Hanifa (rahmatullohi alayh) nazdida qurbonlik vaqti hayit namozi o‘qilmaydigan chekka va qishloq joylar aholisi uchun quyosh chiqqandan keyin kiradi. (Ya’ni, ular bomdoddan so‘ng bir muddat o‘tib, quyosh chiqqandan keyin so‘yaversalar bo‘ladi). Ammo, hayit namozi o‘qiladigan shahar joylarda esa hayit namozi va xutbasi o‘qilgandan keyingina qurbonlik vaqti kiradi. Ungacha so‘yilgan jonliq qurbonlikka o‘tmaydi. Bugungi kunda qurbon hayiti bayrami kuchaytirilgan karantin sharoitiga to‘g‘ri kelayotganligi bois yurtimizning biror joyida Qurbon hayiti namozi o‘qilmaydi va barcha joylarda qurbon hayiti kuni quyosh chiqqandan keyin qurbonliklarni so‘yish joiz bo‘ladi.
Qurbon hayiti kuni quyosh chiqqandan so‘ng qurbonlikni so‘yishdan oldin yoki keyin to‘rt rakaat nafl - Zuho namozini alohida alohida bo‘lib o‘qib olinsa Qurbon hayiti namoziga o‘rinbosar bo‘ladi. O‘qilmay qolsa ham zarari bo‘lmaydi.
Qurbonlik go‘shtining taqsimoti
Inson o‘zi amalga oshirgan qurbonligidan yeyishi joiz. Hanafiy (shuningdek hanbaliy) mazhabi ulamolarning so‘zlariga ko‘ra, qurbonlikning go‘shti uch qismga bo‘linadi. Uchdan biridan uning sohibi xonadon ahli bilan yeydi, yana uchdan birini faqir-miskinlarga sadaqa sifatida ulashadi, qolgan uchdan birini esa qarindosh-urug‘, yor-birodarlarga hadya qiladi. Biroq, agar qurbonlik egasi qurbonlikning uchdan biridan ko‘proq miqdorda iste’mol qilsa, bu ham joizdir. Agar qurbonlik qiluvchi odamning bolachaqasi ko‘p, o‘zi esa qo‘li kaltaroq bo‘lsa, oila a’zolariga kengchilik yuzasidan uni sadaqa qilmaslik, balki uyida qoldirishi ham mumkin bo‘ladi.
Qurbonlik toat bo‘lganligi uchun uni insonning o‘zi so‘ymog‘i afzal hisoblanadi. Lekin, bu ish qo‘lidan kelmasa, birovni o‘zidan vakil qilib, so‘ydirishi mumkin. Bu holatda hech bo‘lmaganda o‘sha qurbonligi so‘yilayotgan mahalda uning tepasida turib, guvoh bo‘lishi maqsadga muvofiqdir. Bugungi karantin sharoitida xavfsizlik nuqtai nazaridan vakili orqali so‘ydirishi ham maqsadga muvofiq bo‘ladi.
Alloh taolo qilayotgan qurbonliklarimizni dargohida beriyo, benuqson maqbul aylasin!


M. Qorayev

O‘zbekiston musulmonlari idorasining
Qashqadaryo viloyatidagi vakili o‘rinbosari

Админ