​“XOJA BUXORIY” ISLOM BILIM YURTI USTOZ VA TALABALARIGA
Muallif: Админ
Sana: 30.03.2020
373

Hurmatli ustozlar va aziz talabalar!

Bugun insoniyat boshiga Alloh taoloning bandalariga bergan ulkan sinovi – Koronavirus COVID- 19 kasalligi xavf solmoqda. Bu kasallik yurtimizni ham chetlab o‘tmadi. Muhtaram Yurtboshimiz tomonidan mazkur kasallikni tezroq bartaraf etish uchun barcha zaruriy ishlar amalga oshirilmoqda.
Mana shunday sinovli damlarda O‘zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan tizimli ishlar va amaliy sa’y-harakatlar uzluksiz olib borilishi yo‘lga qo‘yilib, Ulamolar kengashining koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olish bo‘yicha fatvosi va karantin talablariga qat’iy rioya etish bo‘yicha murojaati doirasida keng ko‘lamli targ‘ibot-tashviqot ishlari amalga oshirilmoqda.
Bu borada olib borilayotgan ishlar to‘g‘risida ijtimoiy tarmoqlar va OAV orqali yaxshi tanishsiz. Shunday ekan siz azizlarga yana bir bor eslatib o‘tamiz, hukumatimiz tomonidan belgilangan karantin qoidalariga amal qilish VOJIBLIGI to‘g‘risida O‘zbekiston musulmonlari idorasining fatvosi chiqdi. Shu sababli yurtimizda bo‘lib turgan karantin davrida belgilangan tartib-qoidalarga amal qilishda siz aziz ustoz va talabalar xalqimizga namuna bo‘lishingizni so‘raymiz.
Dinimiz ko‘rsatmasiga muvofiq ibodatlarda ushbu kasallikni yurtimizdan, butun dunyodan ko‘tarilishini Alloh taoladan so‘rab, duo qilishingizni so‘raymiz.
Xudo xohlasa ushbu dardni birgalikda, chiroyli sabr bilan, Yaratganning o‘zidan madad so‘ragan holda sabru-matonat, birdamlik bilan yengib o‘tamiz. Zero, Alloh taolo O‘z kalomida “Alloh sabr qiluvchilar bilan birgadir”degan.
Uyda qoling! Alohida zarurat bo‘lmagan taqdirda uyda bo‘lishga, o‘zimiz va oila a’zolarimizni sog‘lig‘ini asrashga chaqiramiz.

Hurmat va ehtirom ila

“Xoja Buxoriy” o‘rta maxsus islom bilim yurti mudiri G‘uzarov O‘tkir

Админ