Koronavirus: Masjidlar to‘liq karantinga olingan
Muallif: Админ
Sana: 21.03.2020
366

Shu kunlarda internet saytlari va ijtimoiy tarmoqlarda ayrim manbalar butun dunyoga jiddiy tashvish olib kelayotgan koronavirus xavfli xastaligi sababli jamoaviy ibodatlar vaqtincha to‘xtatilgan va to‘la karantinga olingan masjidlar tahoratxonalarini ochish masalasi muhokama qilinmoqda.
Bugungi kunga kelib ushbu xavfli infeksiya 160 dan ortiq mamlakatda tarqaldi. Dunyo miqyosida kasallanganlar soni 200 ming nafardan oshdi, 8 mingdan ortiq o‘lim holati qayd etildi, 90 mingga yaqin bemor tuzaldi. Epidemiya keng yoyilib ketgani sababli Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti uni pandemiya deb e’lon qildi.

Ming afsuski, bu yuqumli xastalik mamlakatimizni ham chetlab o‘tmadi. Bugungi kunda yurtmizda unga chalingan bemorlar soni 33 nafarga yetdi.

Bu vaziyat oldindan to‘g‘ri baholanib, Respublika maxsus komissiyasi tuzildi va O‘zbekistonga kasallikning ommaviy kirib kelishi hamda keng tarqalishining oldini olish bo‘yicha qat’iy choralar ko‘rildi. Jumladan, odamlar gavjum joylarda ommaviy tadbirlar cheklangan.

Ta’kidlash joizki, masjid va tahoratxona mehnat jamoalari, ta’lim muassasalaridan farqli o‘laroq shunday jamoat joyi hisoblanadiki, u yerda mutlaqo bir-birini tanimagan fuqarolar virus yuqishi mumkin bo‘lgan masofada aloqada bo‘ladi. Ayniqsa, ibodatni bajarish davomida polga to‘shalgan gilamda o‘tirish, sajdaga peshonani tegizish, poklanish o‘rindiqlari yoki buyumlari orqali virus qoldirish, ushbu joyda ibodat qilgan boshqa namozxonning kasallanishi mumkinligi o‘ziga xos holat sanaladi.

Ayni vaqtda, tahoratxonada ko‘rilayotgan dezinfeksiya choralari virusning tahoratxonaga kirgan odamlarga bir-biridan yuqishi ehtimolini oldini olmasligi barchaga ayon. Buning ustiga, tahoratxonaga kirgan har bir fuqaro ketidan qayta dezinfeksiya o‘tkazishning jismonan imkoniyati yo‘q.

Buning ustiga voqelik shuni ko‘rsatmoqdaki, tahoratxonaga kirgan shaxslar birgalikda ushbu masjidda yoki uning yon atrofida, ya’ni ko‘chada namoz o‘qishga harakat qilmoqda. Bu esa barchamiz bugungi kunda xalqimiz, kelajagimiz uchun qat’iy rioya qilishimiz lozim bo‘lgan karantin talablariga mutlaqo zid keladi.

Karantin tadbirlarining ushbu kasallik tarqalgan paytda qanchalik muhim ahamiyatga ega ekanini biz o‘z boshimizdan o‘tkazdik. O‘zbekistonga kasallik tarqalgan hududlardan kelgan 4 nafar odam bilan muloqotda bo‘lgan 19 kishida ushbu kasallik aniqlandi. Bundan ko‘rinib turibdiki, biz dastlabki kunlardan karantin tadbirlarini o‘tkazganimiz o‘z samarasini berdi. Agar 19 bemorni vaqtida karantinga olmaganimizda yoki ehtiyotsizlikka yo‘l qo‘yilganida bu kasallikni yanada ko‘proq odamga yuqtirgan bo‘lar edilar.

Masjidlarda karantin joriy etilishining mazmun-mohiyati shundan iboratki, namozxonlar uydan zarur sababsiz chiqmasdan, ibodatni uyda bajarish orqali o‘zi bilmagan holda notanish shaxslardan virus yuqtirib olishining oldini olish hamda shu orqali bemorlar ko‘payishini to‘xtatishdir.

Qachonki har bir virus aniqlangan shaxslar kam va kimligi aniq bo‘lsa, vaziyatni nazorat qilish va kasallarni kamaytirish oson bo‘ladi.

Ishonchimiz komilki, yuqorida qayd etilganlarni barcha namozxonlarimiz xolis va to‘g‘ri tushunmoqdalar.

Xalqimiz boshqa mamlakatlarda minglab odamlarning halok bo‘lishiga olib kelgan koronavirus tarqalishining oldini olish kabi og‘ir sinovni boshidan kechirayotgan bugungi kunda barchamiz jipslashib, xorijiy davlatlar tajribasida o‘z tasdig‘ini topgan Sog‘liqni saqlash vazirligining tavsiyalariga rioya etishimiz hayotiy muhim masala hisoblanadi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi yana bir karra fuqarolarimizni joriy etilgan karantinga to‘laqonli amal qilishga, alohida zarurat bo‘lmagan taqdirda uyda bo‘lishga, o‘zimiz va oila a’zolarimizni sog‘lig‘ini asrashga chaqiramiz.

Ilohim, yurtimiz tinch, xalqimiz farovon bo‘lsin. Koronavirus atalmish tezda daf bo‘lib, bu balo-ofatdan hech bir yurtdoshimiz zarar ko‘rmasin. Alloh taolo bemorlarga, dardmanlarga shifo bersin. Ofat tez va qisqa fursatda ko‘tarilsin. Qisqa fursatlarda yurtimiz masjidlari jamoatlar bilan yana qoim bo‘lsin!



O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

Админ