​Moturidiya ta’limoti: tarix va bugun
Muallif: Админ
Sana: 25.02.2020
496

Xoja Buxoriy” o‘rta maxsus islom bilim yurti axborot - resurs markazi tomonidan bilim yurtining "Yosh ilmiy tadqiqotchi" talabalari bilan Moturidiya ta’limoti: tarix va bugun mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Unda bilim yurtining ma’naviy-ma’rifiy ishlari bo‘yicha mudir o‘rinbosari M. Qosimov va aqoid fani bo‘yicha malakali mutaxassis, ustozimiz Maxtumquli domla Toshqulovlar ishtirok etishdi.
Davra suhbatini ARM mudiri A. Usmonov kirish so‘zi bilan ochib, Abu Mansur al-Moturidiy as-Samarqandiyning ilohiyot ilmlarida o‘z davrining yetuk allomasi ekanligi, u zotning ustoz va shogirdlari hamda sof islom aqidasini saqlash borasida yozgan asarlari haqida ma’ruza qildi.
Shundan so‘ng, ustozimiz Maxtumquli domla hazratlari Moturidiya ta’limotining tarixi va bugungi kundagi ahamiyati haqida ma’ruza qildilar. Jumladan, Imom al-Moturidiy hazratlari yashagan davr – to‘qqizinchi asrning ikkinchi, o‘ninchi asrning birinchi yarmi – tom ma’noda islomiy ilmlar va ma’rifatining turli sohalari qatori kalom ilmi ham gullab-yashnaganligi, kalom ilmidagi dastlabki yirik yo‘nalish - mu’tazila oqimi va undan keyin paydo bo‘lgan qator oqimlar - jahmiylar, qaramiylar, murji’lar va boshqa toifalar iymon-z’tiqod va bilish nazariyasidagi xato qarashlariga aqliy dalil va isbotlarga tayangan holda islom dini aqidasining sofligini himoya qilish va hidoyat yo‘lidan adashgan mazkur oqimlarga qarshi qurashgani haqida to‘xtalib o‘tdilar.
Ustoz hazratlari so‘zlarini yakunida talabalarga Moturidiya ta’limoti tarixini mukammal o‘qib-o‘rganishlari va bu boradagi ilmlarni egallashda buzg‘unchi g‘oyalardan ehtiyot bo‘lishlari lozimligi haqida ta’kidlab o‘tdilar.


Davra suhbati yakunida axborot – resurs markazi mudiri A. Usmonov tomonidan talabalarga Imom al-Moturidiy hazratlarining hayoti va faoliyatlari qisqacha yoritilgan bukletlar tarqatildi. Shuningdek, talabalarga Imom al-Moturidiy hazratlarining ilmiy faoliyatlarini yorituvchi maqolalar va ma’ruzalar tayyorlab kelish ta’kidlandi hamda keyingi davra suhbatimiz Hanafiy mazhabining tarixi va buguni mavzusida bo‘lishi eslatib o‘tildi.

Bilim yurti matbuot xizmati
Админ