​VOYAGA YETMAGAN O’QUVCHILAR BILAN ISHLASHNING PSIXOLOGIK MEXANIZMLARI
Muallif: Админ
Sana: 11.02.2020
37

Rivojlanishning qaysi bosqichida bo’lishidan qat’iy nazar, qanday jamiyatda, u eng rivojlangan, farovon iqtisodiy rivojlangan mamlakatbo’ladimi, yoki rivojlanayotgan jamiyatmi,insoniyat jamiyati doimo murakkablashib va takomillashib borgan. Vaqt o’tishi bilan yanada mustahkamroq huquqiy, ahloqiy me’yorlar vujudga kelib, insonlar xulq-atvoriga bo’lgan munosabatda u yoki bu jamiyatda qabul qilingan ahloq va hulqli me’yordan og’ish holatlari shakllanishiga qarshi me’yorlash yuzaga keldi.

Ijtimoiy me’yorlar ikki katta guruhga bo’linadi:

1.Universal me’yorlar, jamiyatdan har bir insonga taalluqli me’yorlar.

2.Xususiy me’yorlar, insonlarni alohida belgilangan kasbiy faoliyatlari sohalari yoki insonlar hayotiy faoliyatlari (masalan, shifokor, pedagog, aka, do’st va boshqa) ga taalluqli me’yorlar.

Ijtimoiy me’yorlarga rioya qilish insonning ehtiyoji va odatlariga aylanishi zarur. Agar bola ijtimoiy me’yorlarni va jamiyat qadriyatlarini o’zlashtirmagan bo’lsa, uni xulqiy og’ishgan bola deb ataydilar.

Xulqi og’ishgan bolalar muammosi sotsiologiya, psixologiya va pedagogikaga oid adabiyotlarda asosan ishlab chiqilgan.[1]

O’quvchi o’smirlarning maktabdagi tartib qoidalarni tushunib yetmaslik yoki o’zlarining xulq atvorini boshqara olmaslik, agressivlik ya’ni jismoniy kuch ishlatish, qo’rqitish, serzardalik. Bu ikki faktor asosida vujudga keladi. Birinchidan temperament xususiyati, ikkinchidan o’qituvchi va tengdoshlari bilan noto’g’ri munosabatda bo’lish.

Tarbiya xususida taniqli o’zbek pedagogi Abdulla Avloniy shunday deydi: «Al-hosil, tarbiya bizlar uchun yo hayot - yo mamot, yo najot - yo falokat, yo saodat – yo falokat masalasidur»[2]. degan gaplari qariyb bir asrki o’zining zalvorini yo’qotgani yo’q, fikrimizcha yo’qotmaydi ham. Ushbu fikrlardan anglaniladiki, shaxs tarbiyasi xussiy ish emas, balki ijtimoiy, milliy ishdir. Zero, har bir xalqning taraqqiy etishi, davlatlarning qudratli bo’lishi avlodlar tarbiyasiga ko’p jihatdan bog’liq. Chunki, o’smirlik yoshiga kelib shaxs shakllanayotgan bir davrda xulqdagi og’ishlarning asosiy sabablaridan biri bu tarbiyadagi xatolar va noto’g’ri tarbiya bo’lib qolmoqda. Albatta, xulq og’ishiga yana bir qator sabablar ham yo’q emas, shunday bo’lsada oilaviy yoki pedagogik tarbiyada jiddiy e’tibor berish kerak bo’lgan, xulq og’ishlikni oldini olish va bartaraf etishning asosi bo’lgan muhim jihatlar bor.

Tarbiyasi qiyin o’smirlar shakllanishining yana bir asosiy omili bu o’smirlarning shaxsiy psixologik xususiyatlaridan biri bu ularning temperamentidir E.G’oziev o’quvchi temperamentining o’ziga xos xususiyatlarining o’zgaruvchanligini biologik, jismoniy hamda psixologik jixatdan, ob’ektiv va sub’ektiv tomonlariga e’tibor qaratishni o’zining e’tirof qilgan[3].masalan:

Xolerik temperamentdagi o’smirlar chaqqon, xarakatchan, qo’zg’aluvchan bo’ladilar. Ularda barcha jarayonlar tez sodir bo’ladi. Bu tipdagi o’smirlar hissiyotlari kuchli, yorqin ifodalanib tez paydo bo’ladi, ba’zan kayfiyati keskin o’zgaradi.

Xolerik tipdagi o’smirlardan doimo muloyimlik bilan, ammo qat’iyatli, shoshilmay, o’ylab javob qaytarishlarini talab qilish, ular xatti-xarakatlarida o’rtoqlari va kattalar bilan bo’lgan munosabatlarida o’zini tutishlikni tarbiyalab borish lozim. Bunday o’smirlardan mexnat faoliyatida izchillikni va ishda tartibli bo’lishni tarbiyalash xamma topshiriqlarni ish mobaynida yaxshi bajarishlarini talab qilish lozim.

Sangvinik temperamentdagi o’smirlarda his-tuyg’ular tashqi ko’rinishda yorqin ifodalangan bo’ladi. Ularni boshqa ishlarga berilib ketmasligi uchun doimo nazorat qilish va kuchi yetadigan ish bilan band qilish kerak.

Flegmatik temperamentdagi o’smir og’ir, vazmin, xarakatlari salmoqli bo’ladi. Shuning uchun ulardagi sovuqqonlik, beparvolik, bo’shanglik, faoliyatsizlikning nomoyon bo’lishga yo’l qo’ymaslik zarur.

Melanxolik temperamentdagi o’smirlarda psixik jarayonlarning sust o’tishi qayd qilinadi. Ular kuchli qo’zg’ovchilarga qiyinchilik bilan javob qaytaradilar, diqqatlarini bir narsaga uzoq vaqt va kuchli jalb eta olmaydilar.

Shuning uchun bunday o’smirlarda odamga el bo’lishlikni o’stirish, jamoada do’stlik va o’rtoqlik hislarini tarbiyalash zarur, chunki ular osonlikcha yakkalanib, o’z kechinmalariga berilib ketishi yoki jamoadan chetga chiqib, salbiy ta’sirlarga tushib qolishi mumkin.

Tarbiyada mukammal formula yo’qki, jamiyatda hamma bola bir hil darajada tarbiyalansa. Har bir bola o’ziga xos ijtimoiy muhitda o’sadi, tabiiyki unga ijobiy hamda salbiy ta’sirlar turlicha bo’ladi. Shuning uchun o’smir yoshdagi o’quvchilar bilan ishlaganda, ularni ko’proq bilim olishga, ilm o’rganishga undashimiz lozim. Abdulla Avloniy bilim insonni jaholatdan qutqarishning eng samarali vositasi ekanligiga ham urg’u beradi: «Ilm bizni jaholat qorong’usidan qutqarur, madaniyat, ma’rifat dunyosiga chiqarur, yomon fe’llardan, buzuq ishlardan qaytarur, yaxshi xulq, odob sohibi qilur. Bugun hayotimiz, salomatligimiz, saodatimiz, sarvatimiz, maishatimiz, himmatimiz, g’ayratimiz, dunyo va oxiratimiz ilmga bog’liqdur»[4].

Bolani voyaga yetgunicha oq choyshabga o’rab katta qilishning iloji yo’q va doim ham bolaga yetarlicha e’tibor qila olmaymiz. Qaysidir vaziyatda kimningdir e’tiborsizligi, kimningdir aybi bilan bola “yomon bola”ga aylanib qoladi. Psixologik jihatdan uni “xulqi og’ishgan” deviant xulq atvorli bola deb atash mumkin. Shunday bolalar haqida eshitsak, ko’zimiz tushganda “guruch kurmaksiz bo’lmaydi-da” deb qo’yamiz. Lekin bola qanchalik yomon bo’lmasin uni kurmakka chiqarish noto’g’ri. Bizning fikrimizcha har qanday bola bu nihol. Lekin ayrim nihollar shamol ta’sirida yo boshqa biror tabiiy ta’sir natijasida qiyshayishi, sinishi mumkin. Juda ham yomon hollarda esa tanasiga zararkunanda o’simlik va hashoratlar yopishib olishi yoki kasallanishi kuzatiladi. Lekin, oqil tajribali dehqon bunday vaziyada qiyshaygan daraxtga tirgak qo’yadi, zararkunandalar va kasalliklardan tozalash uchun niholni dorilaydi, singan shoxlarga shakl berib kesadi. Hozirgi zamon ota-onalari, tarbiyachi va pedagoglari shunday “oqil dehqon” bo’lishlari kerak

O’tkazilgan psixologik tadqiqotlardan ma’lum bo’lishicha bugungi kun yosh avlodini har tomonlama rivojlangan komil inson qilib tarbiyalashda psixologik bilimlarning o’rni oshganda oshib boradi. Har bir o’smirga aloxida individual ravishda yondashib, ulardagi muammolarni korreksiya qilish ayni vaqtda dolzarb maslalardan hisoblanadi. Hozirgi paytda internetdagi turli ijtimoiy tarmoqlardan kelayotgan buzg’unchi g’oyalardan yoshlar ongini himoya qilish kechiktirib bo’lmaydigan vazifalardan biri hisoblanadi, shuning uchun ham oila-mahalla-ta’lim muassasasi hamkorligida ish olib borishni taqozo qiladi. Ana shundagina biz o’z oldimizga qo’ygan yuksak maqsadlarimizni amalga oshirishimiz mumkin.

Fayzullayev Furkat Gadoyev- Kashkadaryo viloyati Kitob tuman 92-son umum ta’lim maktabi amaliyotchi psixolog


Foydalanilgan manbaalar:

1.Bolalar va yoshlarni ijtimoiy qo’llab-quvvatlash – farovon va taraqqiy etib boruvchi jamiyat asosi – RBIMM Xalqaro forumining materiallari. Toshkent, 2013. – 130-131, 185-186b.

2.Avloniy, Abdulla. Turkiy guliston yoxud axloq. – Toshkent, O’qituvchi, 1992. –B.45.

3.E.G’. G’oziev Boshlang’ich sinf o’quvchilari psixologiyasi. Buxoro. 2001.B.24.

4.Avloniy A. Turkiy guliston yoxud axloq. – Toshkent, O’qituvchi, 1992. – B.22-23.

Админ