Imom Bag‘aviyning hayoti va ilmiy ijodi
Muallif: Админ
Sana: 11.02.2020
49

Kishilik jamiyatida o‘zlarining o‘chmas izini qoldirgan ajdodlarimizning boy ilmiy merosini o‘rganish va hayotimizga tatbiq qilish bugungi kunning ustuvor vazifalaridan biri bo‘lib qolmoqda. Yurtimizda va xorijiy davlatlarda Movarounnahr diyorlaridan yetishib chiqqan olimlarning tarjimai hollari va ularning ilmiy asarlarini o‘rganishga doir ko‘pgina ishlar amalga oshirildi. Lekin hali o‘rganilmagan qanchadan-qancha qo‘lyozma asarlar, bizga hatto nomlari ham ma’lum bo‘lmagan qator olimlar bor. Biz ushbu maqolada Movarounnahr diyorida yashab ijod qilgan yetuk olim Imom Bag‘aviy haqida atroflicha ma’lumot berishni maqsad qildik.
Abu Muhammad Husayin ibn Mas’ud ibn Muhammad ibn Firo al-Bag‘aviy “dinning tayanchi” va “sunnatni tiriltiruvchi” unvoni hamda “mo‘ynado‘z yoki mo‘ynachining o‘g‘li” kabi laqablarga ega bo‘lib, hijriy 433 yilda Xurosonning “Bag‘” shahrida tavallud topgan. Ibn Xallikonning aytishicha, u kishi mo‘yna tijorati bilan shug‘ullangani uchun ham “mo‘ynado‘z yoki mo‘ynachining o‘g‘li” laqabini olgan.
Imom Bag‘aviy yigirma yetti yoshga to‘lganda kindik qoni to‘kilgan ona shaharini tashlab “Marvro‘z” shahriga ko‘chib o‘tadi va u yerni ikkinchi vatan tutib, mahalliy shayxlardan ilm olishni boshlaydi. Ushbu shaharda hech joyga chiqmasdan vafot etguniga qadar yashaydi.
Imom Bag‘aviy yoshligidan zuhd va taqvo asosida hayot kechiradi. U quruq non yeb yurar edi. Odamlar u kishi haqida “falonchi juda zohid kishi...” deb aytaverganidan quruq nonga yog‘ qo‘shib yeydigan bo‘ladi.
U kishi haqida Imom Zahabiy: “u faqat tahoratli holda dars aytar, egniga oddiy ko‘ylak kiyib, boshiga kichik salla o‘rab yurar edi” – deydi.
Imom Bag‘aviy ilm-ma’rifatning tafsir, qiro’at, hadis va fiqh kabi turli navlari bo‘yicha bir qancha sohalarni puxta o‘zlashtirdi va bu borada ko‘pgina asarlar yozib qoldirdi. Imom Bag‘aviy ilm-ma’rifatda qanchalar yetuk bo‘lsa, masalani tahqiq va tadqiq qilishda ham shu darajada yetuk edi.
Imom Zahabiy u kishi haqida: “uning yozgan asarlariga baraka berilgan bo‘lib, xolis niyati va ezgu maqsadi tufayli odamlar tomonidan sevib qabul qilinar va ulamolar uning asarlarini tahsil qilishda bir-birlari bilan musobaqa qilar edilar” – deydi.
Tojiddin Subkiy o‘zining “tabaqot shofi’yyatul kubro” nomli kitobida Imom Bag‘aviy haqida shunday deydi. “U taqvodor zohid, faqih, muhaddis, mufassir, o‘zida ilm va amalni jamlagan, salafi solihlar yo‘liga ergashgan, buyuk imom edi”.
Imom Bag‘aviy erishgan ilmiy maqomga qaralsa, uning shayxlari va egallagan ilmlari ham ko‘p bo‘lishi tabiiydir. Imom Bag‘aviyga bir qancha shayxlar jumladan, Abu Bakr Ahmad ibn Abu Nasr Kufoniy, Abu Solih Ahmad ibn Abdulmalik ibn Ali ibn Ahmad Naysaburiy, Abu Ali Husayin ibn Muhammad ibn Ahmad Marvaziy, Abul Hasan Abdurrohman ibn Muhammad ibn Muhammad ibn Muzaffar va boshqalar ustozlik qilgan.
Imom Bag‘aviyning shogirdlari nihoyatda ko‘p. Ukasi Hasan ibn Mas’ud Bag‘aviy, Abdurrohman ibn Ali ibn Abu Abbos Naimiy, “Tafsirul kabir” kitobi muallifi Umar ibn Hasan ibn Husayin Roziy (Imom Roziyning otasi), Muhammad ibn As’ad ibn Muhammad ibn Husayin ibn Qosim va boshqalar shular jumlasidandir.
Imom Bag‘aviy ilmning turli yo‘nalishlari bo‘yicha bir qancha asarlar yozib qoldirgan. Uning yozgan asarlari ulamolar tomonidan qabul qilingan. Ba’zi ulamolar uning asarlariga sharh yozgan bo‘lsa, yana boshqalari muxtasar qilgan. Xullas, u mingdan ortiq asar ta’lif qilgan bo‘lib, quyida ulardan ayrimlarini sanab o‘tamiz.
1- Arbauna hadisan.
2- Al-anvor fi shamoili Nabiy muxtor (s.a.v).
3- Tarjimatul ahkom fil furu’.
4- At-tahzib fil fiqh.
5- Al-jam’u bayn sahihayin.
6- Sharhul jome’ li Termiziy.
7- Sharhus sunna.
8- Fatavo Bag‘aviy.
9- Al-kifoya fil furu’.
Imom Bag‘aviyning vafot etgan yili haqida ikki xil ma’lumot bor. Birinchi ma’lumotga ko‘ra, u hijriy 510 yil, ikkinchi ma’lumotga ko‘ra, 516 yilda “Marvro‘z” shahrida vafot etgan va Toliqon qabristonida, shayxi Qozi Husayin qabri yonida dafn etilgan. Hofiz Munziriy, Yoqut Hamaviy va boshqalar Imom Bag‘aviyning 516 yilda vafot etganini ta’kidlaganlar.


Xoja Buxoriy o‘rta maxsus islom
bilim yurti o‘qituvchisi Qodirov Omon.

Админ