Navoiy gulshaniga sayohat
Muallif: Админ
Sana: 10.02.2020
36

Haq yo‘lida kim sanga bir harf o‘qitmish ranj ila,
Aylamak bo‘lmas ado oning haqin yuz ganj ila.
Alisher Navoiy

Ma’rifat – insonning o‘zini va robbisini tanishi. Haqiqat ahlining fikricha, inson faqatgina ma’rifatulloh orqali saodatga erishadi. Ya’ni ma’rifat bir nur o‘lib, imon ahli ma’rifat nurlari orqali ALLOHga yaqinlashadilar. “qalbda ma’rifat maydonga kelgach, qalbning holi o‘zgaradi. Qalbning holi o‘zgargach a’zolarning amallari ham o‘zgaradi. Ya’ni amal holga, hol ilmga, ilm esa tafakkurga bog‘liq bo‘lib qoladi”.

Imom G‘azzoliyning yozishicha: “Sog‘lom qalb faqatgina zikrulloh va ma’rifatullohdan zavq oladi. Chunki ma’rifat sohilisiz, tubsiz bir dengiz bo‘lib, hikmat ozug‘idir”. Shu bois yassaviylikda ma’rifatni egallamagan solik ish martabasiga yuksala olmaydi. Ma’rifatni irfon ham deydilar. Irfon – ALLOHning ehsoni bo‘lganidan so‘fiylar irfonni ilmdan ustun qo‘yganlar.
Insoniyatning shu kungacha bosib o‘tgan murakkab rivojlanish yo‘li ezgu maqsadlarga faqat va faqat uzluksiz ma’naviy tarbiya bilangina erishsish mumkinligini isbotlab kelgan. Yosh avlod qalbida tasavvur va tafakkurini tarbiyalashda milliy me’rosimiz xazinasi, xususan, adabiyot vositadir.
“Adabiyotning asl-azaliy maqsadi- ya’ni insoniy ezgulikka tortish, eng oliy nurga yetaklash ekan, bu ham bevosita qalb ehtiyojidirki, inson barhayot ekan, bu ehtiyoj ham yashayveradi.
Navoiy asarlari misoli dengiz. Tubsiz ummondan dur-u javohirlar sochiladi. Har bitta asarida ma’nan boy, komil inson yotadi. Har bitta amal imon – e’tiqod bilan amalga oshiriladi. “Imon – e’tiqodsiz kishini inson demayman”, - deb ta’kidlaydilar. Allomaning “Farhod va Shirin” dostonidagi Farhod timsoli ushbu fikrlarimizga yorqin dalil bo‘la oladi.
So‘zda “Navoiy ne desa, chin degil-”, ya’ni so‘zning qudratli kuchga ega ekanligini isbotlaydilar. “Havolanib ketma, tuproqdan yaralgansan, tuproqqa qaytasan, so‘z gavharini shunday sochdimki, hatto tomlar uyalib yerga kirib ketdi”,- deb ta’riflaydilar.
Navoiy umrining oxirgi yillarida o‘zining “Mahbubul-qulub” (Ko‘gillarning sevgani) asarida 60 yillik umri davomida hayotda ko‘rgan-kuzatganlarini teran tahlildan o‘tkazib, muayyan xulosalar chiqargan donishmand adibning kelgusi avlodlarga qoldirgan buyuk ma’naviy merosidir. Bu asari 3 qismga bo‘linadi: 1-qisim har xil odamlarning fe’l –atvori va ahvoli; 2- qism yaxshi fe’l xosiyati va yomon xislat kasofati to‘g‘risida; 3-qism turli foydali kuzatishlar haqida.
Navoiyning bundan V asr avval ilgari surgan g‘oyalari bugun ham o‘z dolzarbligi va ahamiyatini yo‘qotmay kelayotgani kishini hayratga soladi. Navoiyning ustozlari uning aql-u zakovatiga lol qolishgan. Uning ustozlariga bo‘lgan mehri va hurmati baland bo‘lgan va bu hurmatni u sharafli burchi deb bilgan. Alisher Navoiy ijodini qancha ko‘p o‘qisak, shunchalik ko‘p ibrat, saboq olamiz.
“Hayot bog‘i bu bizning Vatanimiz. Bu bog‘imiz toza bo‘lishi kerak. Unda rayhonlar, gullar o‘sadi. Navoiy bobomiz ana shu fikrida Mustaqilligimizni nazarda tutgandir”, menimcha, deydi, - Navoiyshunos olima Suyuma G‘aniyeva.
“Navoiy mutafakkir va shoirgina emas, balki chin ma’noda haqiqiy inson hamdir. Bunday odam doimo barhayotdir”, - deydi Yevgeniy Bertels.
Jumanazar Boboxonov,
“Xoja Buxoriy” o‘rta maxsus
islom bilim yurti o‘qituvchisi

Админ